Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kanalizatsiya chuquriga tashlangan go‘sht yoxud bolalar haqidan qo‘rqmagan nafs qullari

Kanalizatsiya chuquriga tashlangan go‘sht yoxud bolalar haqidan qo‘rqmagan nafs qullari

Foto: Maktabgacha ta’lim vazirligi

Maktabgacha ta’lim vazirligi vazirlikda tashkil etilgani ichki audit xizmatining 2018 yil yakuni bo‘yicha tekshiruvlari natijalarini e’lon qildi.

Avvalroq, 2018-yil yakuni bo‘yicha 11 mlrd. so‘m moliyaviy qonunbuzilish holatlari aniqlangani, ayniqsa, bog‘chalarda «o‘lik jon»lar illati avj olgani haqida xabar bergandik.

Demak, mavzuni davom ettiramiz.

Davlat xaridlarini tartibga soluvchi qonunchilikning buzilishi

Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan 249 mln. so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish bo‘yicha shartnomalar, tanlov o‘tkazish xarid komissiyasining xulosasisiz va yurist imzosisiz tuzilgan. Auditorlar tomonidan ushbu shartnoma bo‘yicha go‘sht mahsulotlari 9 mln. so‘mga qimmat narxlarda olinganligi va mahsulotlar sifatsizligi aniqlangan.

Shuningdek, auditorlar tomonidan shartnomalar bo‘yicha mahsulotlar haqiqatda yetkazib berilmasdan, soxta xujjatlar bo‘yicha ta’minotchilarga mablag‘larni o‘tkazib berish xolatlari aniqlangan. Misol qilib, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan bolalar mebellari uchun 11,5 mln. so‘m, Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 40-sonli MTMga choyshablar uchun 10 mln. so‘m, Buxoro shahar 42-sonli MTMda oziq-ovqat mahsulotlari uchun 49 mln. so‘m soxta hujjatlar asosida o‘tkazilganligini keltirish mumkin.

Boshqa holatlar

Auditorlar tomonidan o‘tkazilayotgan o‘rganishlarda, albatta, moddiy boyliklar inventarizatsiyasi tashkil etiladi. Inventarizatsiya natijasida aniqlangan kamomad — mulkni talon-taroj qilinganligi ehtimolidan dalolat beradi.

Oddiy til bilan aytganda, oziq-ovqat mahsuloti kamomadi degani bu — mahsulotlarning bolajonlarning taomigacha yetib bormasligidir. Ortiqcha chiqqan mahsulotlar esa, aksariyat holatlarda, hujjatlarga soxta yozuvlar kiritish natijasida hosil bo‘ladi: masalan, oziq-ovqat mahsulotlarini taomnomada taom pishirishda ishlatilgan deb ko‘rsatiladi, lekin haqiqatda mahsulotlar qozonga solinmaydi. Mana shu mahsulotlar turli joylarga yashirib qo‘yilganligi auditorlar tomonidan aniqlandi.

Auditorlar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari berkitib qo‘yilgan yashirin xonalar aniqlanmoqda.

Masalan, Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi 596-sonli MTMda oziq-ovqat mahsulotlari torozi ostiga va yashirin xonaga, Sergeli tumanidagi 292-sonli MTMda choyshablar orasiga, Xorazm viloyati Yangiariq tumanidagi 5-sonli MTMda elektroshit xonasiga, Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanidagi 8-sonli MTMda kir yuvish xonasiga yashirib qo‘yilganligi aniqlangan.

Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi 596-sonli MTMda yashirib qo‘yilgan oziq-ovqat mahsulotlari: go‘sht — 11,7 kg, pishgan go‘sht — 10,9 kg, tovuq go‘shti — 4 kg, shakar — 23,8 kg, choy — 0,65 kg, qand — 1,45 kg, sariyog‘ — 5,5 kg, tuxum —100 sht., sut — 2,5 litr.

Jizzax shahridagi 39-sonli MTM xodimlari auditorlar kelganida 27 kg. go‘sht mahsulotini kanalizatsiya chuquriga tashlab yuborishgan.

Shuningdek, MTM xodimlari tomonidan taomnomalarga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar kirtilib, soxta taomnomalar tuzilganligi aniqlangan.

Namangan viloyati Namangan tumanidagi 11-sonli MTMda oshxonadagi taomnoma, oziq-ovqat mahsulotlarini hisobdan chiqarish uchun buxgalteriyaga topshirilgan taomnoma bilan solishtirilganda bir-biriga to‘g‘ri kelmasligi aniqlandi, natijada 14,7 mln. so‘mlik mahsulotlar ortiqcha hisobdan chiqarilgan.

Noqonuniy xarakatlardan yana biri, ota-onalarning bolalar ta’minoti uchun to‘lovlarini hisoblashda imtiyozlarni noto‘g‘ri qo‘llashdir. Namangan viloyati Norin tumanidagi 6-sonli ixtisoslashtirilgan MTMda 2016-2018-yillarda 54,9 mln. so‘m to‘lov pullari asossiz hisoblanmagan.

Budjet mablag‘larini noto‘g‘ri rejalashtirish

Tegishli moliya yili uchun maktabgacha ta’lim muassasasiga budjetdan ajratiladigan mablag‘lar hajmi, muassasalar tomonidan berilgan hamda boshqa bir qancha ko‘rsatkichlar e’tiborga olingan holda aniqlanadi. Masalan, noto‘g‘ri hisob-kitoblar natijasida ortiqcha shtat birligi kiritilsa, budjetdan ortiqcha mablag‘ rejalashtirilishiga sabab bo‘ladi. Ortiqcha rejalashtirilgan mablag‘larnig o‘z vaqtida aniqlanishi esa, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka asos bo‘luvchi noqonuniy xarajatlarning oldi olinishi demakdir.

Masalan, Sirdaryo viloyati Guliston shahar maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan MTMning shtatlar jadvaliga 8,5 ta ortiqcha shtat birligi kiritilishi natijasida 29,7 mln.so‘m ortiqcha budjet mablag‘lari rejalashtirilgan.

Maktabgacha ta’lim vazirligi auditorlari tomonidan maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari poytaxtda va hududlarda muntazam ravishda olib borilmoqda, kamomad va noqonuniy xarajatlarni aniqlash va oldini olish davom etmoqda.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring