Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jurnalistning «tanka»si kim?

Jurnalistning «tanka»si kim?

Foto: «Xabar.uz»

Dunyodagi eng xavfli kasblar o‘nligiga kiradigan jurnalistika qonunan qo‘riqlanishga muhtoj. Shuning uchun har bir davlatda ommaviy axborot vositalari, jurnalist huquqlarini hamoya qiluvchi qonunlar mavjud.

Mamlakatimizda jurnalistika rivojiga qaratilgan e’tibor natijasida bugun soha vakillarining erkin faoliyat yuritishi ta’minlandi. Bu ayniqsa, so‘nggi ikki yilda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarning hayotimizga chuqur kirib kelishi elektron OAV imkoniyatlarini kengaytirdi. Publitsistikaning ma’lum bir funksiyalari Internet tarmog‘ida, axborot saytlarida aks eta boshladi. Ularda tanqidiy materiallar soni ko‘paydi.

Shu singari davlat va nodavlat telekanallar faoliyatida ham tahliliy-tanqidiy ko‘rsatuvlar salmog‘i hamda saviyasi oshdi. E’tiborli jihati, efirga uzatilgan lavha vaqt o‘tib shunchaki unutilmayapti. Unda ko‘tarilgan masalaning yechimi yuzasidan mutasaddilardan izoh so‘ralyapti. Alal-oqibat yillar davomida yechimini kutayotgan muammolar joyida hal etilyapti.

Garchi bugun odamlar jiddiy matbuotni o‘qishga hafsala qilmayotgan bo‘lsa-da, gazeta-jurnallarning ham xos o‘quvchisi bor. Vaqt o‘tib umumjamiyat bu bosqichdan ham o‘tadi, odamlar yana sof adabiyotga, haqiqiy publitsistikaga qaytadi. Matbuot OAVning klassik ko‘rinishi bo‘lib qolaveradi. Buni rivojlangan davlatlarning million tirajli gazeta-jurnallari misolida aytish mumkin.

Asr oshganda tarix matbuotda chiqqan materiallarga tayanib yoziladi. Shuning uchun ham ijtimoiy-siyosiy, ma’rifiy nashrlarning ayni kundagi mundarijasi bugungi islohotlar jarayoniga mushtarak tuzilgan. Matbuotda tanqidiy maqolalar soni ko‘paydi, jamiyatda urchiy boshlagan illatlar jamoatchilik muhokamasiga olib chiqilyapti. Bularning bari «Davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak», degan tamoyil har bir xonadonga kirib borishiga zamin yaratayotir.

Biroq tanqid yozgan jurnalist, muammoni ko‘tarib chiqqan OAV hech qayerda xushlanmaydi. Unga nisbatan ochiqchasiga tahdid, jurnalistlik faoliyatiga to‘sqinlik qilinadi. Jurnalist ta’qib ostiga olinadi, unga dushman ko‘zi bilan qaraladi. Afsuski, jamiyatimiz ham bundan mustasno emas. Kunda kunora, ijtimoiy tarmoqlar orqali u yoki bu jurnalistga bosim o‘tkazilgani, jurnalistik tekshiruv uchun biror idoraga borgan ommaviy axborot vositasi xodimi faoliyatiga qarshilik qilingani kabi xabarlarni o‘qiyapmiz.

Jurnalist daxlsizligi qonun bilan qo‘riqlanadi. Davlat OAVning erkin faoliyat yuritishini kafolatlaydi. Shunga qaramay, idora va tashkilotlarning «oyog‘i yerdan uzilgan» ayrim xodimlari amaldagi qonunchiligimizga ochiq-oydin qarshi borib jurnalistga zo‘rligini ko‘rsatmoqchi bo‘lyapti. Qonunlarimizga bunday bepisandlik qachon paydo bo‘ldi? Nega ular javobgarlikdan qo‘rqmaydi?

«Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunda aytilganidek, «tanqidiy materiallar e’lon qilganligi uchun jurnalistni ta’qib qilishga yo‘l qo‘yilmaydi»(8-modda). «Jurnalist axborot to‘plash va tekshiruv o‘tkazish huquqiga ega... Jurnalist tekshiruvi davrida u qo‘lga kiritgan materiallar va hujjatlar olib qo‘yilishi yoki ko‘zdan kechirilishi mumkin emas.» (9-modda) «Jurnalistning jurnalistlik faoliyatiga aralashish, undan o‘z kasbiga doir vazifalarni bajarish chog‘ida olgan biror bir ma’lumotni talab etish taqiqlanadi» (10-modda).

Axborot olish xuquqining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi («Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasi).

Xo‘sh, axborot olishga to‘sqinlik qilish, jurnalistlik faoliyatiga aralashish, jurnalistning tekshiruv paytida to‘plagan materiallarini zo‘rlik bilan olib qo‘yish, o‘chirish, foto-video, ovoz yozish asboblarini tortib olish qanday javobgarlikka sabab bo‘ladi?

Bu savolga qonunlarimizda aniq javob yo‘q. Na Jinoyat, na Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda «OAV faoliyatiga aralashish», «jurnalistni ta’qib qilish», «jurnalistga tazyiq o‘tkazish» tushunchalari aniq aks ettirilmagan. Soha mutaxassislarining aytishicha, agar huquqi buzilgan ommaviy axborot vositasi vakili huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilsa ular ishni o‘rganib vaziyatga baho beradi. Ishda huquqbuzarlik va jinoyat alomatlari topilsagina ikkinchi tomonni javobgarlikka tortish mumkin bo‘ladi.

Bundan ko‘rinadiki, qonunlarimiz islohga muxtoj. Avvalo, ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirishga zarurat bor. Unda jurnalistning shaxsiy daxlsizligidan tashqari, kasbi nuqtai nazardan ham daxlsiz ekani aniq aks ettirilishi lozim. Bundan tashqari, «jurnalist tekshiruvi» tushunchasiga ham batafsil ta’rif berilishi kerak. Jurnalist tekshiruvi o‘tkazish tartibi, unga qo‘yiladigan talablar aniq bayon etilishi zarur. Chunki qonunchiligimizda faqat «jurnalist o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida jurnalist tekshiruvi o‘tkazish» huquqiga egaligi belgilab qo‘yilgan, xolos.

Ma’muriy va jinoyat qonunchiligiga ham jurnalistlarning huquqlarini himoyalovchi, OAV erkinligini ta’minlovchi me’yorlarni kiritish va aniq moddalar orqali javobgarlikni kuchaytirish maqsadga muvofiqdir. Shundagina jurnalistga tahdid va tazyiq, ochiqchasiga bosim o‘tkazish holatlari kamayadi.

Qariyb o‘n besh yildan buyon shu sohada mehnat qilib kelayotgan bo‘lsam-da, hozirgacha jurnalistni ta’qib qilgan idora yoki tashkilot, mansabdor shaxs jazoga tortilganini eshitmadim. Bunda jurnalistlarning o‘zi ham aybdor, albatta. Ko‘pchilik yuzxotir qiladi, ortiqcha ovoragarchilikdan qochib huquqini poymol qilgan taraf ustidan shikoyat qilmaydi. «Jurnalistning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmati qonun bilan qo‘riqlanadi. Davlat jurnalistga axborotni erkin olishi va tarqatishini kafolatlaydi, o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirishida uning himoya qilinishini ta’minlaydi. («Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 10-moddasi)». Aslida shuning o‘ziyoq, hammani sergak torttirishi zarur. Gap jurnalistning hayoti, shaxsiy daxlsizligi haqida borar ekan, unga qilingan har qanday tahdidga nisbatan qat’iy chora qo‘llash shart.

Qahramon Saydaliyev


Maqola «Jamiyat» gazetasining 13 aprel sonida «Jurnalistning ortida kim bor» sarlavhasi ostida chop etilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring