Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onadan teskari reportaj: sudya noyob natija qayd etdi! (feleton)

Farg‘onadan teskari reportaj: sudya noyob natija qayd etdi! (feleton)

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani sudi raisi o‘ta noyob natija qayd etdi.

Yosh qonun peshvosi uchun Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bilan ayamay ayblangan to‘rt nafar bo‘z yigit ustidan hukm chiqarishga uch daqiqa (?!) kifoya qildi!

O‘z ishining ustasi bo‘lgan uncha-muncha vallomatlar nafaqat kasb faoliyati yuzasidan, balki necha yillarda beri yashab kelayotgan xotinining tantiqligiga uch daqiqada javob bermog‘i mahol. Shu nuqtai nazardan farg‘onalik sudyaning inson taqdiriga doxil masalada bunchalik tezkorligi, darhaqiqat, hayratga loyiqdir. Aksariyat sudyalar jinoyat ishini sud majlisida obdon ko‘rgach, prokuroru advokatlarning otashin muzokara nutqlarini tinglab, so‘ng maslahatxonaga ravona bo‘ladilar. Chunki Jinoyat-protsessual kodeksining 457-moddasida hukm chiqarish vaqtida hal etilishi kerak bo‘lgan 16 ta masala qalashtirib qo‘yilganki, ularning har biri nainki daqiqa, balki soatlar talab qiladi. Shu bois ko‘p sudyalar maslahatxonada soatlab qolib ketishi, hatto hukm o‘qishni boshqa kunga qoldirishi ham mumkin. Ammo qahramonimizning maslahatxonaga kirib-chiqishi bir qahva ichgulik fursatni olmadi. To‘rt nafar sudlanuvchining taqdiri uch daqiqada hal etilishi, bu ularning har biri qilmishi ustida sudya 45 soniya (!) tafakkur qilganini anglatadi. Bunday tezkorlik, boshqalarni bilmadik, ammo biz — ommaviy axborot vositalari xodimlarini tamoman hayratlantirmoqda: bunaqasi bo‘lgan emas-ov, operativlikda muxbirlarni-da changida qoldirib ketgan sudyaga ofarin, tasanno!

Ne deysizkim, sudlanuvchilarning advokatlari bunday favqulodda noyob hodisani mamnuniyat ila qabul qilish o‘rniga shikoyat bitib, sudyaning xatti-harakatini qoralashga tushishibdi. Aytarmishki, maslahatxonaga kirib, uch daqiqada hukm chiqarmoq tasavvurga sig‘maydi, bu ayblov hukmi avvaldan tayyorlab qo‘yilganini bildiradi, hukm tayyor ekan, sud qilmoqqa na hojat, bunaqada sud majlisining spektakldan nima farqi bor?

Zamonga qo‘shilib advokatlar ham o‘zgarayaptimi deysan-da. Yaqin-yaqingacha o‘z ustidan ishlashdan ko‘ra sudyalarga yaqin bo‘lish choralarini izlaydigan ko‘pgina himoyachilar endilikda xorij kinolaridagi hamkasblariga taqlid qilishga o‘tishayotgandek: sud majlisida har bitta holat ustida tortishmoqda, jinoyat ishi bo‘yicha tayyor guvohlar ko‘rsatmalariga qanoat qilmay qo‘shimcha guvohlar daraklab, hatto sudga olib kelishdan ham toyishmayotir. Agar bu haqdagi iltimosi rad etilsa, raislik etuvchi ustidan xususiy shikoyat bitishi odatiy holga aylanmoqda. Bizning misolda esa apellyasiya shikoyati bitishdan avval sudyaning ustidan viloyat sudi raisiga ariza yozishib, noyob voqea ahamiyatiga soya solishga urinishmoqda. Gapini qarang: «...bunday holatda sud majlisining spektakldan nima farqi bor?». Advokatlarning bunday fikrlashi ular Shekspirni o‘qimaganidan dalolat. Cho‘qqisoqol ingliz aytgan ediki, hayot — sahna, odamlar aktyordirlar... Shundan kelib chiqilsa, jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shtepa tuman sudi raisi aktyorlik mahoratiga ega ekani ham oydinlashadi. Axir yigirma marta o‘tkazilgan sud jarayonining birortasida o‘qilajak hukmi tayyor ekanini bildirmay-sezdirmay o‘tirishning o‘zi bo‘ladimi? Buni bilgan biladi, bilmagan yo‘q! Qo‘yib bersangiz, advokatlar sud majlislari haftaning yakkash payshanbasiga, kamiga og‘ir ish kunining oxirgi soatiga tayinlashidan palov yeb, quvvatini xayrli ishlarga sarflashdek xos huquqimizga daxl qilindi deb ham kamchilik topishi mumkin. Yaxshiki, sud protsessida maishiy-shaxsiy huquq bilan jinoiy huquq uyg‘un holda olib borilmaydi.

Aytish kerak, aktyorlik mahorati apellyasiya instansiyasida ish ko‘ruvchi ayrim sudyalarda yaqqol ko‘zga tashlanadi odatda. Nega desangiz, bu bosqichda hammasi shaklan binoyidek: tartibga monand sud majlisi o‘tkaziladi, oqlovchi va qoralovchilarning vajlarini bir emas, uch nafar sudya go‘yoki jon qulog‘i bilan tinglaydi. Bunday manzarani ko‘rgan mahkum va uning yaqinlarida umid uchqunlaydiki, mana endi birinchi bosqich sudida tushirilgan qovunlar fosh bo‘ladi!.. Viqor bilan maslahatonaga ravona bo‘lgan sud hay’ati u yerda ancha vaqtni o‘tkazgach (illo uch daqiqa emas!), bir kun avval tayyorlab, hatto sud raisi «fatvosi» olingan ajrimni baland ohanglarda o‘qib beradilar! Dod desang ham — shu, voy desang ham — shu!.. Qahramonimiz esa ayni tajribani hozirdanoq o‘zlashtirib, birinchi bosqich sudining o‘zida qo‘llavorgan ko‘rinadi...

Bunisiga nima deysiz?

Topsa Bosar

R.S. Qahramonimizning ish joyini yozdigu, ammo ism-familiyasini ko‘rsatib o‘tirmadik. Rosti, ko‘z tegishidan cho‘chidik. Odamning ko‘zi toshni yoradi axir?!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring