Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chaqmoqdek qisqa umrdagi qahramonlik

Chaqmoqdek qisqa umrdagi qahramonlik

Foto: Prezident matbuot xizmati

Dunyoda har bir xalqning, millatning ulug‘vor g‘oyalari, «qoya»lari bo‘ladi. Unda shu mamlakat ahlining maqsad-intilishlari, orzu-umidlari aks etadi. Bular insoniy, olijanob fazilatlar fonida aks etarkan, u o‘sha xalqqa mansub bo‘lgan qahramonlar qiyofasida, asl o‘g‘lonlari timsolida gavdalanadi. O‘z vatanini jonu tani deb bilgan, ko‘z qorachig‘iday asrashni sharaf va qalb amri deb anglagan, matonat va jasoratning ramziga aylangan, milliy timsolimiz Jaloliddin Manguberdi nomini abadiylashtirish ham tarix oldidagi burchimizdir.

Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmuasining tantanali ochilish marosimida davlatimiz rahbarining ishtiroki va o‘gitlari chin ma’noda burchdorlik, bunyodkorlik, aniqrog‘i, vatanparvarlik tuyg‘usini his etishga xitobdir.

«Ona yurtga muhabbat va sadoqat, or-nomus va shon-sharaf bobida Jaloliddin Manguberdiga teng keladigan ulug‘ shaxslar dunyoda kamdan-kam uchraydi».

Shavkat Mirziyoyev

Darhaqiqat, qisqa umri mobaynida tarixda unutilmas iz qoldirgan qahramon insonning mo‘g‘ullar qo‘shiniga qarshi borishi matonat muhri va xalqiga mehrining nishonasidir. 21 yoshida qo‘rqmasdan maydonga chiqish o‘n bir yil davomida mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi uch yuzdan ortiq janglarda ishtirok etish, hatto yot va yov bo‘lgan Chingizxondek hukmdorning ham tan berishi, havas qilishiga qobil bo‘lgan Jaloliddinni sharaflab, taraflab qancha so‘z aytsak, shuncha kam.

Uning shijoati va mardligi yoshlarga vatanparvar bo‘lish, ona yurtni sevish, o‘z xalqining ozodligi va osoyishtaligi uchun kurash olib borish qanday bo‘lishi kerakligidan saboq beradi.

Mustaqillik tushunchasi ham uning yashashi, kurashi va qarashida to‘la aks etgani rost. Ulug‘ ajdodimizning xotirasini abadiylashtirish borasida davlatimizning yuksak mukofotlaridan biri — Jaloliddin Manguberdi ordeni ta’sis etilgani, uning faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy va badiiy asarlar yaratilgani, turkiyalik kinoijodkorlar bilan birga ko‘p qismli tarixiy film suratga olingani, ulug‘ sarkardaga munosib vatanparvar o‘g‘lonlarni tarbiyalash maqsadida Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi nomida harbiy akademik litsey tashkil etilgani iqbolimiz va istiqlolimizga rang va ohang baxsh etadigan xayrli harakatlardandir.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Xorazm markazida barpo etilgan yodgorlik majmuasining g‘oyaviy me’mori, aslida, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevdir. Ular bu g‘oyani 2018 yilda ilgari surgan edilar. Ularning topshiriq va ko‘rsatmalari asosida bo‘yi 25 metrni tashkil etadigan mahobatli haykal barpo etildi. Unda Sulton Jaloliddinning qat’iyatli, mag‘rur siymosida istiqbolga ishonch bilan intilayotgan xalqimizga xos vatanparvarlik hamda bukilmas iroda aks etgan.

Xuddi shuningdek, iqbol va istiqbolimizga timsol bo‘la oladigan fazilatlarni o‘zida jo etgan vatanparvar Jaloliddin Manguberdi hayoti va jasoratini ilmiy asosda chuqur o‘rganish muhim va muqim vazifadir. Davlat rahbarining da’vati ham asli shu. Zeroki, o‘tmish kelajakning ustozidir.

Eron hududidan topilgan og‘irligi 32 kilogramm, balandligi 30 santimetr bo‘lgan Jaloliddin Manguberdi bitiktoshidagi Qur’oni karim oyatlari, Jaloliddin Manguberdining shajarasi, yodgorlikning yaratilish tarixi ham o‘sha davrga xos ruhni anglatsa, uning asli hozirgi kunda Londondagi mashhur Britaniya muzeyida saqlanayotgani buyuk ajdodimizning jahon tarixidagi beqiyos shonu shavkatidan, shuhratidan dalolatdir.

Endilikda Turkiyaning Silvan shahrida topilgan ulug‘ ajdodimizning qabri yonda turk qardoshlar bilan birga ramziy maqbara bunyod etish, uning qahramonlik tarixini to‘la yoritadigan ilmiy ensiklopediya yaratish masalasini davlatimiz rahbari muhim vazifa sifatida qo‘yar ekan, bu ajdodlar ruhini shod etish barobarida ma’rifat va ma’naviyatning ta’sirchan kuchiga e’tiborimizni qaratgani rost.

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, chaqmoqdek qisqa umri mobaynida xalqimiz tabiatida mavjud bo‘lgan matonati bilan Sulton Jaloliddin hamisha yurtiga farzandlik mehri, iymon-e’tiqod bilan xizmat qilishning o‘chmas timsoli bo‘lib qolishiga imonimiz komil.

 Rahimboy Jumaniyozov,
«TIQXMMI» Milliy tadqiqot universiteti dotsenti,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va
«Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring