Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Buxanka» non atrofidagi mish-mishlar – «narx oshmadi, balki u muvozanatlashtirildi» (foto)

«Buxanka» non atrofidagi mish-mishlar – «narx oshmadi, balki u muvozanatlashtirildi» (foto)

Foto: Xabar.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda, to‘y-ma’rakalarda, o‘zaro suhbatlarda 1 iyundan buyon tarqalgan qolipli non mavzusi hamon tinganicha yo‘q. Buxanka nonning 2800 so‘mda sotilishi ortidan aholi o‘rtasida vahimali gap-so‘zlar ham kuzatilyapti. Non narxi shu zalda o‘sib boraveradimi? Un zaxiralari tugayaptimi?

Aholi savollariga javob sifatida «Toshkent non» non ishlab chiqaruvchilar uyushmasi poytaxtdagi non ishlab chiqaruvchi korxonalarga press-tur uyushtirdi.

«Bog‘iston non» korxonasi texnologi Gulchehra Hoshimovaning ma’lum qilishicha, kombinat odatdagi me’yorda ishlamoqda. «Buyurtma o‘sha-o‘sha, xavotirga o‘rin yo‘q. Ikkita pechka 24 tonna quvvatga ega. 30 mingga yaqin non bera olamiz. Buyurtmaga ko‘ra, 22 ming tona qolipdagi non ishlab chiqaryapmiz. Farq deyarli sezilmaydi. Odamlar tushuna boshlashdi»

Texnologdan qolipli non tannarxi belgilanishi tartibini so‘raymiz. Gulchehra opaga ko‘ra, 100 kilo unga 1 kiloyu 300 gramm tuz va 1 kilo xamirturush solinadi. Shundan 228 non kelib chiqadi. U 1 iyungacha va undan keyingi narxni qiyoslaydi. «Bug‘doy 1525 so‘m edi, 3000 so‘mga aylandi. Bir kilo unimiz 2255 so‘m edi, endi birjadan 4300 so‘m narxda sotib olinayapti. Nonning hozirgi kundagi tannarxi 2700 so‘mga tushyapti» deyi u. Savdo shoxobchalari ham o‘z ulushlarini qo‘shganda 2800 so‘m kelib chiqayapti».

Korxonada yana 27 xildagi mahsulot ishlab chiqiladi. Boshqa mahsulotlar tannarxi ham tabiiyki, un bahosiga ko‘ra o‘zgargan.

Ma’lum qilishlaricha, Toshkentdagi 55 ta non korxonalari sirasida «Bog‘iston non» korxonasida ham 4 kunlik un zaxiralar mavjud. Ishlab chiqarish qoidalari ko‘ra, aslida 2-3 kunlik zaxira normal hisoblanadi. Xomashyo har kuni yangitdan olib kelinadi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kimbag‘allikni qisqartirish vazirligi mutaxassisi Shahobiddin Ortiqov qolipli non 2018 yilgi iqtisodiy islohotlardan so‘ng narxi pandemiya tufayli erkinlashmagani ortidan bugunda nihoyat un va non narxi muvozanatlashtirildi, deb aytdi.

«Un narxiga qarab non narxi shakllanib qoldi. Endi tabiiyki, birjadagi narx o‘zgarib turadi, birjadagi narxga ko‘ra, non narxi ham pasayishi mumkin Lekin non narxida keskin ko‘tarilish bo‘lmaydi, xavotirlanishga hojat yo‘q». Mutaxassis O‘zbekistonda bug‘doy yig‘imi boshlangani va bu yilgi hosil o‘tgan yilgidan ortishi tasdiqlanganini ta’kidlaydi.

«O‘zbekistonda bug‘doyga yillik ehtiyoj 8,5-9 million tonna atrofida. O‘tgan yili 3 million tonna import qilgan. O‘zbekistonning o‘zida 6 million yetishtirilgan. 2022 yilgi bug‘doy hosili 7,5 million tonna bo‘lishi tasdiqlanayapti». Shahobiddin Ortiqov Qozog‘istondan import qilinadigan un miqdori oshib borayotganini ham aytdi. Ayni vaqtda O‘zbekistonning o‘zi ham ortgan unni qo‘shni davlatlarga eksportga chiqarib keladi.

Jurnalistlarning aholining kam ta’minlangan qismi ahvoli bilan bog‘liq savolga mutaxassis O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 maydagi 258 son qarori bilan: Ehtiyojmand kishilarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda — 300 ming so‘mdan; Toshkent shahrida — 400 ming so‘mdan, kam ta’minlangan sifatida moddiy yordam oluvchi oilalarga hamda kam ta’minlangan sifatida bolalar nafaqasini oluvchi oilalarning har bir 18 yoshga to‘lmagan bolasiga — 200 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilganini eslatdi. «Shuningdek, kam ta’minlangan oila a’zolarining har biri hisobiga 20 kilogrammadan un berish tizimi ish boshladi» dedi Shahobiddin Ortiqov.

Bug‘doy va un narxining erkinlashuvi avvalo qishloq xo‘jaligidagi kemtiklikni to‘dirishga xizmat qiladi. Zero, O‘zbekistonning barcha viloyatlarida fermerlar yetishtirgan bug‘doylarini uzoq yillar davomida davlatga aslidan anchayin arzon narxda sotib kelgan.

Press-tur ertaga o‘z ishini davom ettiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring