Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Brejnevning telpagi, «yoshlik eleksiri» va «Ferrari»da ham qo‘y tashiydigan yomg‘irsevarlar hayotiga nazar

Brejnevning telpagi, «yoshlik eleksiri» va «Ferrari»da ham qo‘y tashiydigan yomg‘irsevarlar hayotiga nazar

Nurota tumaniga bo‘lgan bu galgi safarimiz bahorning seryog‘in kunlarga to‘g‘ri keldi. Safardan maqsad — cho‘ponlar, ularning turmush tarzi haqida maqola tayyorlash edi.

Havo iliq, mayin yomg‘ir yog‘ar, mezbonlarning maxsus mashinasi «Niva» eski bo‘lsa-da, loyli unqur-chunqir yo‘llardan, qir yonbag‘irlaridan ildam ketib borardi. Toshli soy yo‘llardan, ko‘lmaklardan chayqalib-chayqalib ketayotgan mashinadan xavotirlanib, «balki uncha uzoqqa bormasmiz, biron joyda botib qolsak-chi», diyman hadik bilan nurotalik chorvashunos Yahyo akaga.

— Sizga aytsam, cho‘ponlarni yo‘qlash uchun eng ajoyib vaqt bu yomg‘ir yog‘ayotgan payt. Biz chorvadorlarda, «yomg‘ir yog‘sa — cho‘pon uyqusida ham kulib uxlaydi», degan gap bor. Ishonsangiz bahor nafasi kelgandanoq nigohimiz ko‘kka qadaladi. Osmondan yomg‘ir tusharkanmi deb kutamiz. Yomg‘ir yog‘sa, dashtlar ko‘klaydi. Chorva to‘q bo‘ladi. Rizqimiz shu ob-havoga, injiq tabiatga bog‘liq. O‘tgan yili qo‘rg‘oqchilik bo‘lib, judayam qiynaldik. Ko‘p chorvamizdan ayrildik. Shuning uchun cho‘ponnikiga yomg‘ir payti borgan inson — eng aziz mehmon hisoblanadi, — deydi tajribali chorvador Yahyo aka. Yomg‘ir kuchayar, biz notekis yo‘llar, suv yig‘ilayotgan soylardan kechib ketardik. Yo‘lning esa oxiri ko‘rinay demasdi.

— Qaytishimizgacha sel toshqini kelib qolmasmikan, — deb so‘rayman xavotirli ohangda.

«Sel kelib qolsa, bir ikki kun qolarsiz mehmon bo‘lib, otarlar keng», deydi hazilomuz tabassum bilan Yahyo aka. Shu tob ko‘z oldimdan devorlari toshdan, tomi loyga yantoq qo‘shib suvoq qilingan otarlar o‘ta boshladi. O‘sha elektrsiz, internet yo‘q, yoqilg‘isi yantoq, isitish moslamasi sandaldan iborat, atroflarda bo‘ri, shoqollar izg‘ib yuradigan g‘aribona qo‘nalg‘ada tunash...

Hayolimda Jek Londonning «Bir kunlik qo‘nalg‘a» asari voqeliklari gavdalandi. To‘g‘ri bu yerlarda tun, Yukon daryosi bo‘yidagidek izg‘irinli, u qadar dahshatli bo‘lmasa-da, baribir cho‘l sharoiti... U yerda bir kecha — ming kechadek tuyulishi aniq. Hayolchan ketayotgan edik, sal nariroqda saksovullarni panalab ketayotgan yungdor bir narsa ko‘rindi. «Ana tulki», dedi hamrohim o‘sha tomonni ko‘rsatib. Yo‘limizda ungacha yumronqozig‘u, echkiemarlarlardan boshqa jonivor ko‘rinmayotgan edi.

«Bu atrofda bo‘rilar bo‘lmaydimi? Cho‘ponlarda miltiq bormi, bo‘rilardan qanday himoyalanadi?» so‘rayman akadan.

«Bu joylarda tulki, shoqollar ko‘p, bo‘ri faqat qish paytlari bo‘lishi mumkin. Qaytishimizda kechga qolsak,balki shoqollarni ham ko‘rsatarman», deydi hamrohim jilmayib va bu gap menga qanday ta’sir qilishini zimdan kuzatib. Shu o‘rinda Yahyo aka haqida qisqacha: U qotmadan kelgan, chaqqongina, xushfe’l inson ekan. Ko‘rinishidan uni hech ham 60 dan oshgan deb bo‘lmaydi. Xushchaqchaq, sertabassum bu insonning navqironligi siri, avvalo, uning ijobiy aurasida va dashtdagi «yoshlik eleksiri» hisoblangan cho‘l echkisi qatig‘ida bo‘lsa kerak. Aytishlaricha, cho‘l echkisi dashtdagi darmondori o‘tlardan iste’mol qilgani sabab, uning qatig‘i judayam foydali. Hattoki, o‘sha qatiqning zardobi ham koni foyda. Qand kasalida, ichak mikroflorasini tiklashda, yuz tiniqligida va yana boshqalarda judayam foydali ekan.

Biz yo‘lda davom etardik, mashina oynasiga urilayotgan yomg‘irga beparvo hamrohim xotirjam mashinani boshqarar, meni o‘sha olis hududga olib borishni, cho‘ponlarning chin hayoti bilan tanishtirishga astoydil kirishgan edi. Qirlar yam-yashillikka burkangan, shuvoqlar, saksovullar, turfa xil gullar, yovvoyi archalaru yana qanaqadir o‘simliklar uchrardi. Baland qir ustidan qaralganda, bu tasavvur etib bo‘lmas go‘zallik kasb etar edi.

Ora-chorada, bir-bir qo‘y-qo‘zilar ko‘rina boshladi. Hayron qolarlisi ular hech bir qarovchisiz emin-erkin o‘tlab yurardi. Nihoyat yana bir tepalik oshganimizdan so‘ng eshshak mingan cho‘ponga ko‘zimiz tushdi. Qozoqcha qalpoq kiygan cho‘pon biz tomonga kelib, «xo‘sh kelibsizlar, qadamlaringiz hayrli ekan, baraka keltirdingiz», deya so‘rasha boshladi.

«O‘zimiz bilan yomg‘ir olib keldik, bu kishi mehmon», deb tanishtirishi bilan cho‘pon akamiz bizni otarga, uyiga boshladi. Nurotadan chiqishda chashma suvidan olvolib, hozirgacha shuni ichib kelayotgan edim. Uzoq manzil yurdik, soat ikkidan oshib ketgan bo‘lsa-da, chashmaning shifobaxsh noyob suvi meni to‘q tutayotgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu chashma suvi tog‘ toshlari orasidan, kimyoviy birikmalarni, elementlarni o‘zi bilan olib chiqadigan minerallashgan ichimlik suvi ekan.

Cho‘ponning uyida darrov tayyorgarliklar boshlanib ketdi.Qunalg‘a men tasavur etgandek g‘aribona emas ekan. Hartigul uy tomi shiferlangan, yonida «Kobalt» atomobili turibdi, eng asosiysi, mo‘’jazgina quyosh batareyasi ham borligi meni ajablantirdi. «Kobalt» ichiga bir nazar tashlash bilan, unda qo‘y tashilishini bilish qiyin emas edi.

— Cho‘ponga «Ferrari» mashinasini bersangiz ham unda qo‘y tashiydi, ular uchun bu harakat-tirikchilik vositasi, ta’rif beradi Yahyo aka.

Qo‘nalg‘ada dasturxonga hajmi juda katta nonlar qo‘yilgan edi. Keyin echki suti qatig‘i, ismaloqli somsa, to‘rt besh bosh barra piyoz keltirishdi. Cho‘pon akamiz bosh barmog‘i va jimjilog‘ini uyg‘unlashtirib, imo bilan «Yahyo aka bundan ketadimi», degandi, aka keskin bosh chayqadi. Bu sirli ishorani nimaligini bilsam-da, sezmaslikka olib qo‘yaqoldim. Biroz muddat o‘tgach biz kutgan «barra» keldi. O‘choqda, piyoz bilan obi-tobida qovurilgan barra go‘shtidan, ajib bir hid taralardi. Endi qo‘l cho‘zgandim, cho‘pon akamiz «yo‘q avval buni boshlab bering», deb likobchada nimanidir uzatdi. Qarasam qo‘yning miyasi.

Yahyo akaning aytishicha qo‘y miyasi eng noyob yemak bo‘lib, u aziz mehmonlargagina taqdim etilar ekan. Eng qizig‘i, o‘sha inson uni o‘zi bo‘laklashi va boshqalarga ham ulashishi lozim ekan. Men bu «muhim» vazifani Yahyo akaga bag‘ishlab qo‘ya qoldim.

«Biz qozoqlarda shunday odat bor. Qo‘y miyasi eng aziz mehmonga tortiq qilinadi. Shuni qo‘ymasangiz ba’zi mehmonlar arazlab ketib qolishi mumkin», deydi cho‘pon akamiz. Menga baribir bu «noyob tortiq» uncha maqul bo‘lmadi, lekin barra go‘shti umuman o‘zgacha edi. Kafelarda buyurtma qilib, yeganimiz «barra» bilan, cho‘pon ovulida, uchoqda pishirilgan «barra» judayam farq qilarkan. Bu borada cho‘pon akamizning ayolini pazandaligiga har qanday usta oshpaz ham tan berishi aniq.

Cho‘pon akamizning aytishicha, hozir ularda qo‘ylar ko‘payadigan «to‘l» mavsumi ekan, avvallari qorako‘l teriga talab ko‘chli bo‘lganidan, qo‘zichoqlar to‘g‘ilgandan so‘yilib terisi olinar ekan. Hozir esa, qo‘zichoqlarning 90 foizi o‘stirishga qoldirilar, faqatgina onasi kasal bo‘lganlarigina so‘yilar ekan.

— Cobiq SSSR davrida davlat rahbarlarining ko‘pchiligi, hatto Brejnev ham biz yetishtiradigan qorako‘l teridan telpak kiyardi, deydi cho‘pon akamiz o‘zgacha g‘urur bilan. — Shu sabab, u paytlar bu teriga talab juda ko‘chli edi, hozir zamon o‘zgargan, terimizga talab avvalgidek emas.

Yaylovlarni aylanarkanmiz, jajji qo‘zichoqlarning terisi, nafis, bejirim judayam chiroyli edi. Lekin shu teri deb, ularga to‘g‘ilgandayoq pichoq tortilishi nechog‘li shafqatsizlik... Bir tomondan ularni endi o‘stirishga qoldirilayotgani yaxshi bo‘lipti, o‘z-o‘zidan ko‘payaveradi.

Suhbat ancha davom etdi, otarlarni aylandik, qosh qoraya boshlagach, mezbon bizga bir kecha mehmon bo‘lishni taklif etsa-da, qaytishga chog‘landik. Baxtimizga yomg‘ir shashti sal pasaygan edi. Faqat ortga qaytadigan yo‘limiz xavfsiz bo‘lsinda. Yo‘qsa... Biz tavakkal qilib yo‘lga chiqdik. Cho‘ponlar manzilidan olislay turib, shu sharoitni o‘zi uchun ko‘nikma hayot, taqdir deb bilgan bu odamlarga yana bir bor qoyil qoldim.

Biz birrovga faqat bahor vaqtlari borib, «ekzotika» deb biluvchi go‘zal cho‘l tabiatining shu qadar injiqliklari borki, bu manzilda yashovchilarga qor-qirovli qishda ham, jazirama saratonda ham hamroh — sabot, qanot — umid bo‘ladi.

Tevarak atrof qum, yolg‘iz qo‘nalg‘a, qo‘ni-qo‘shni yo‘q, dardkashingiz faqat qo‘y-qo‘zilar. Qishda bu qo‘raga ba’zan bo‘ri «mehmon» bo‘lsa, yozda chayon va soya izlagan ilonlar o‘zini o‘tovga uradi. Biz bir kechaga qolishni vahima deb bilgan bu sharoitda ular baxtdan masrur yashashmoqda. Balki ular bu baxtni — hashamatdan emas, oddiylikdan, shu halovatdan topgan bo‘lsa ne ajab.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring