Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bo‘g‘izlab o‘ldirilgan hukmdor

Bo‘g‘izlab o‘ldirilgan hukmdor

Isfandiyorxon hovuz yonida dastlab Junaidxonning o‘g‘li Eshshi, hamrohi Onnagaldi bilan ko‘rishib, hol-ahvol so‘rashgach, uchinchi mehmon – Vakil og‘aga qo‘l uzatdi. Vakil og‘a esa negadir xon bilan chap qo‘lida salomlashdi. «Nima, o‘ng qo‘ling og‘riyaptimi?» deb Isfandiyorxon unga qarashi bilan Vakil og‘a to‘nining o‘ng yengidan pichoq chiqardi-yu, Xiva xonini bo‘g‘izlab tashladi. Hovuz ichidagi suvga qip-qizil qon yoyildi...

Xiva xonlari tarixida ishratboz hukmdor sifatida nom chiqargan Isfandiyorxon 1918 yilning 1 oktyabrida shu tariqa vafot etgan. O‘sha davrdagi an’anaga ko‘ra, Ichan qal’adan tashqarida vafot etgan kishi, u xon bo‘lsa ham, qal’a ichkarisida dafn etilmagan. Isfandiyor Deshon qal’adagi Nurillaboy saroyida o‘ldirilgani bois u yerdagi «Xorazmshohlar masjidi» qabriga ko‘mildi. Vaholanki, marhum o‘ziga Ichan Qa’ladagi Pahlavon Mahmud maqbarasidagi qorixonada qabr tayyorlatib qo‘ygandi.

Garchi Isfandiyorxon hukmdorlik davrida (1910–1918-yillar) zulm haddan tashqari kuchayib, xalq bir necha bor qo‘zg‘olon ko‘targan, hatto 1916-yildagi isyonda Junaidxonga taslim bo‘lgan bo‘lsa-da, uni hech kim o‘ldirishga botinaolmagan. Hatto, o‘sha, qonli 1 oktyabrda ham Junaidxonning o‘g‘li Eshshi otasining Eron taraflarga ketganidan foydalanib, Xivaga kelganicha Onnagaldi va Vakil og‘a bilan birga Isfandiyorni bo‘g‘izlagandi. Negaki Junaidxon o‘g‘lining Xivaga borishini ta’qiqlab qo‘ygandi. Eshshining Xivaga ketganini eshitgach esa uning izidan ikki otliqni yuboradi. Ammo ular to‘xtamay ot surib, Xivaga Badirkentdan 45 chaqirim yo‘l bosib kelganida, Onnagaldi va Vakil og‘a xonni bo‘g‘izlab, Eshshi bilan saroydan chiqib ketgan edi.

Maishatda haddidan oshgan Isfandiyor yovmudlardan g‘oyat qo‘rqsa ham, Junaidxon «xonni o‘ldirish gunoh, yurt podshoh bilangina barqarordir. Alloh unga hukmdorlikni in’om qilgan», deb qo‘yardi yonidagilar Isfandiyorxonni o‘ldirishni taklif qilganlarida.

...Moskvadagi markaziy davlat harbiy tarixiy arxiv (SGVIA)da saqlanayotgan 400-raqamli ishda, Xiva xoni Feruzning 1888-yil 6-fevralda Rossiya imperatoriga yo‘llagan maktubi saqlanadi. Unda xon valiahdlikka o‘g‘li Muhammadyor to‘rani ko‘rsatgan. Biroq Chor Rossiyasi imperatori 44 yoshga kirganligini, ya’ni valiahd tayinlashga vaqt hali borligini eslatib, iltimosni rad etgan. Shunga qaramasdan, Feruz 1891-yil Muhammadyor to‘raning yoshligidan kasalmand ekanligini aytib, valiahdlikka Isfandiyorning nomzodi ma’qul ekanini yozadi. Imperator esa negadir bu gal Feruzning iltimosini rad etolmaydi...

1905-yil 12-noyabrda imperator Nikolay II valiahd Isfandiyorga polkovnik harbiy unvonini, keyinchalik general mayor unvoniniyam beradi. 1909 yil sentyabr va oktyabrida, Chor oxrankasi ayg‘oqchisi o‘zini savdogar niqobida ko‘rsatib, xalq va hukmdorlar to‘g‘risida ma’lumot to‘playdi. Ayg‘oqchi xalqning ahvoli, ulamolar va jadidlar, soliq va iqtisodiy ahvolni bayon qilib qolmay, valiahd haqida ham mavjud fikrlarni o‘rganadi. Unga ko‘ra, Isfandiyor Turkiya, Erondagi siyosiy voqealarni kuzatib, Xiva xonligida ham yangi islohotlar o‘tkazishni o‘ylab yurgan, ammo mulla Ramazon ismli ulamo ta’sirida, islohot haqidagi fikridan voz kechgan. Ayg‘oqchi Isfandiyor to‘g‘risida shunday xulosaga keladi: «U yaxshi ishchi odam bo‘lishiga qaramasdan, xalq ichida nufuzi oz,.. fahshga moyil qiladurg‘on kishi».

...Isfandiyorxon 1910-yil avgustda xonlik taxtiga o‘tirgach, yurtda obodonchilik ishlarini boshlagan, bosh vazir, qaynotasi Islomxo‘janing islohot dasturini qo‘llab, Xivada pochta, telegraf, Ovro‘pa shifoxonasini bunyod ettirgan, soliqlarni kamaytirgan edi. Ammo 1913-yili Islomxo‘ja vafotidan so‘ng uning yonidan g‘iybatchiyu, hasadgo‘y, boylikka ruju qo‘ygan guruhboz arboblar joy oldi.

Matvafo karvonboshi, Ashur mahram, Shayxnazarboylar Isfandiyorxonning taxti tevaragidan laganbardorlik bilan amallar olib, hukmdorga maishat qilish uchun turli yo‘llar o‘ylab topar, hatto xonlikdagi eng chiroyli qizlarni haramga sovg‘a sifatida olib kelishardi. Shu tarzda ular Isfandiyorxonning ishratbozligidan foydalanib, o‘zlarining nafsi yo‘lida xalqqa zulm o‘tkazib, behisob boylik to‘plagan edi.

Xonlik Rusiya mustamlakasi bo‘lgani uchun, mustamlakachilar ham har yili yetishtirgan mahsulotlarni tashib ketardi. Matvafo karvonboshi va Ashur mahramlar esa rus savdo-sanoatchilari bilan kelishib, xonlikning butun iqtisodiyotini o‘z qo‘llariga olgan edi.

Isfandiyorxonning 1911-yil Peterburg va Kavkazga, 1914-yil Moskva hamda Rusiyaning boshqa shaharlariga, 1915-yilning dekabrida safar qilganlarida Matvafo va Ashur mahram rus amaldorlari bilan muzokara olish bilan birga, xonga rus va farang ayollarini ishrat qilish uchun topib berishgandi.

1915-yil dekabridagi Isfandiyorxonning Peterburgga safaridan so‘ng, xalq o‘rtasida «xon kasal orttirib kelibdi» degan mish-mish tarqaladi. Qolaversa, 1916-yil yanvarida Ashur mahramning Xotira va O‘g‘il mahram ismli ayollar, xonlikdagi yosh, chiroyli qizlarni haramga keltirishga urinishadi. O‘shanda erta-indin to‘yi bo‘ladigan Xo‘jayli va Gurlan qizlarining majburan haramga keltirilishi xalqni qo‘zg‘olonga chorladi. Yaxshiyam, xonning baxtiga Toshkentdan general Galkin boshchilik garnizon kelib, Isfandiyorxon tuzumini, hayotini saqlab qoldi.

O‘sha davrda boylikka mukkasidan ketgan amaldorlar, umuman, xonga qarshi muxolifat ham yuzaga kelgan, ular o‘zlarini «Yosh xivaliklar» deb atashardi. Palyozhoji Yusupov boshchiligidagi jadidlar Isfandiyorxonga nisbatan qarshi harakatlar olib borgan. Polyozhoji Yusupov o‘z xotiralarida shu bois Isfandiyorxonning zolimligi, hatto Kavkazning xushmanzara joflarida qachon, kimlar bilan bazm qilganligi, ularga briliant, sirg‘a, pul berganligigacha yozgan. Xotiralarining bir bobi esa «Isfandiyorxonning taraqqiyparvar, hurriyatparvar kuchlarga qarshi siyosati» deb nomlangan.

Xo‘sh, Isfandiyorxon rostdan ham Chor hukumati ayg‘oqchisi va Polyozhoji yozganidek, faqat fahsh bilan mashg‘ul, zolim xon bo‘lganmi?

Aslida Laffasiy, Bayoniy kabi muarrixlar yozishiga ko‘ra, Isfandiyor yoshligidan yuvosh, g‘oyat iqtidorli bo‘lib, «Farruh» taxallusi bilan she’rlar bitar, Sharq mamlakatlari hamda Rossiyani kezgan savdogar, qilich yasovchi, soat tuzatuvchi usta bo‘lgan. Hatto, rus tili, dunyo jug‘rofiyasini mukammal bilganidan Rossiya jug‘rofiya jamiyatining a’zosi ham edi. U qaynotasi bilan 10 banddan iborat islohot dasturi tuzib, davr yangiliklari va zamonaviy bo‘lgan inshoaatlar ham barpo etdiradi. Hattoki, otasi Feruz kasalligiga qaramay, yonidagilar rus vrachlariga ko‘rsataylik, shifo topasiz, deganlarida, reksion ruhoniylar va tabiblar g‘azabidan qo‘rqib, taklifni rad etgandi. Isfandiyorxon esa Xivada maxsus rus shifokorlari ishlaydigan zamonaviy shifoxona barpo qildiradi. Afsuski, Isfandiyorxonning bu ishlari, 1913 yil 9 avgustida qaynotasi, bosh vazir Islomxo‘janing sirli o‘limidan keyin to‘xtab qoladi.

Buning sababi, Isfandiyorxon yon-atrofidan islohotchilar emas, Matvafo Baqqolov-karvonboshi, Ashur mahram kabi fitnakor, zolim amaldorlar joy olganini yuqorida ta’kidlagandik. Ular xonning yuvosh, ko‘ngli bo‘shligidan foydalanib, unga o‘z ta’sirini o‘tkaza boshladilar. Ya’ni, xon Chor Rossiyasi mustamlakachilari, «Yosh xivaliklar», turkman yovmudlari va fitnakor amaldorlar qurshovida qoladi. Ularning birlari mustamlakachi bo‘lib, yetishtirilgan bor narsani Rossiyaga tashir, «Yosh xivaliklar» esa xuddi Turkiya, Erondagidek siyosiy islohot o‘tkazishni istab, mustamlaka o‘lka hukmdoriga muxolifatda bo‘lar, yovmudlar esa soliqlar ko‘pligi, mustamlakachi va itoatkorlarning talonchiligi uchun isyon ko‘tarar, fitnakor amaldorlar bo‘lsa, faqat ig‘vo bilan o‘z amallarini saqlashni o‘ylab, boyish bilan mashg‘ul edi.

Isfandiyorxon Chorizmning itoatkori edi. Ammo oxranka ayg‘oqchisi yozganidek, «Xonning Rusiyaga havodor bo‘lishi mumkin emas. Chunki Xivaning Rusiya qo‘liga kirgan vaqtlarida ko‘rgan azob va jafolari hali bitgani va unitilgani yo‘q edi». Biroq Isfandiyor ana shu itoatkorligi evaziga, oldingi davrlardagidek, og‘a-ini, ota-bolalar o‘rtasidagi saroy to‘ntarishlaridan qutulgan, umri oxirigacha taxtda o‘tirishi mumkin edi. 20–30 chog‘li «Yosh xivaliklar» faqat poytaxt Xivadagina bo‘lib, savdogar, mullalarning butun xalq oldida ta’siri oz, yovmudlar bilan birlashib mustamlakachilarga g‘azovot e’lon qilishga ojiz edilar. «Yosh xivaliklar» xuddi Turkiya, Erondagi singari davlatni monarxiya asosida emas, saylov yo‘li bilan saylangan «Idorai Marshrutiya» orqali boshqarishni, o‘zlarining ham davlat boshqaruvida ishtirok qilishlarini istardilar. Ammo mustamlaka holatida turib, Isfandiyor «Yosh xivaliklar» talabini bajara olmas, qolaversa, taxtdan ajralishni ham istamasdi. Shu bois xonni «Yosh xivaliklar» yomonotliq qilar, xon esa, ularni quvg‘in qilib, mol-mulkini musodara qilgandi. Ya’ni, Isfandiyor qaynotasining o‘limidan so‘ng faqat saroy amaldorlaiga tayanib qolgandi. Saroyda esa Matvafo Baqqolovning ta’siri katta edi. 1899 yildan xon saroyida tarjimonlik qilgan V.N.Kornilov u haqda «Matvafo nihoyatda yulg‘ich bo‘lib, og‘ir soliqlar bilan xalqqa zulmini o‘tkazadi. Xalq uni juda yomon ko‘radi. U yovmudlarga yashirincha ig‘vo qilib, ularni talonchilikka gij-gijlardi. U juda uddaburon bo‘lib, har qanday yo‘llar bilan bo‘lsa ham xon saroyida birinchi lavozimni egallash uchun harakat qilardi».

Isfandiyorxon saroyida esa yana Abdurahmon, Sharif Baqqolovlar, Ashur va Ro‘zmat Mahram, Shayxnazarboy, Husayinbek kabi ig‘vo va fitna ustalari bo‘lib, ular Islomxo‘ja tirikligida xonga ta’sirini o‘tkaza olmas, uning o‘limidan so‘ng qudratli kuchga aylanib, hatto bir-birini ig‘vo qilib, tobora xonni siquvga olgandilar. Ular xonning ishratga o‘chligidan foydalanib, xalqni soliqlar bahonasida talab, boyirdilar.

1916 yilgi qo‘zg‘olon ham, yovmudlarning isyoni aynan Isfandiyorning davlat ishlarini fitnakor amaldorlar jiloviga olganlaridan kelib chiqqandi. Hatto, 1917 yil fevralida Peterburgda podsho taxtdan ag‘darilgach, mustamlakachilarning ta’siri xonlikda kamayadi. Aprel, may oylarida «Yosh xivaliklar» Xorazmda xonni «Idorai marshrutiya» orqali davlatni boshqarishga ko‘ndirib, manifestga qo‘l ham qo‘ydirgandilar. Fitnakor amaldorlar esa xonga ta’sir o‘tkazib, «Yosh xivaliklar»ni quvg‘in qiladi. Aslida Isfandiyorxonning fojiasi qaynotasining 1913 yildagi o‘limidan so‘ng boshlangan bo‘lsa, avj nuqtasi «Yosh xivaliklar» ni quvg‘in qilgach boshlanib, uning o‘limiga olib keldi.

Ayniqsa, «Yosh xivaliklar»dan Toshkentda muhojirlikda qochib yurgan Polyozhoji Yusupov va Nazir Sholikorovlarning oilalariga Isfandiyorxon tomonidan ziyon yetkazilishi, ularning xonga nisbatan suiqasd olib borishiga yetakladi. Suiqasd yovmudlar tomonidan amalga oshirildi. Ya’ni, Polyozhoji qo‘lida saqlanayotgan Isfandiyorxon muhri bosilgan xatdan xon muhrini qaytadan ishlatib olishadi. Keyin Isfandiyor nomidan Junaidxonni Xiva xalqiga azob berishda ayblab Rusiyaga xat tayyorlashadi. Xatda yana Junaidxonga qarshi birgalikda kurashish uchun Rusiyadan 10 ming askar so‘raladi. Xat oxirida Isfandiyorxonning nomidan o‘zlari tayyorlagan xatni Junaidxonga yuborib, «Biz Isfandiyorning yozgan xatini qo‘lga kiritdik» deya hiyla ishlatishadi.

Toshkent pochtasining muhri bosilgan xatni Yusup Devonov Badirkentga,Junaidxonga olib borib beradi. Garchi noxush xatdan Junaidxonning jahli chiqsa-da, u o‘g‘li Eshshining Isfandiyorni o‘ldirish haqidagi taklifiga rozi bo‘lmaydi.

Ma’lumki, bu vaqtda Chor Rusiyasining Xivadagi garnizoni 1917-yil fevral va oktyabr to‘ntarishlaridan so‘ng olib ketilgan, Isfandiyor amalda hukmdor bo‘lsa-da, davlat jilovi amalda Junaidxon qo‘lida bo‘lib, poytaxt Xivani xon navkarlari qo‘riqlar edi. Tabiiyki, shunday vaziyatda Eshshi doimo Xivaga, hatto xon saroyiga borib bemalol yuravergan. Bunday qulay sharoitda Eshshi «Yosh xivaliklar» ning xatidan so‘ng otasi Junaidning Eron tomonlarga ketganidan foydalanib, u Isfandiyorni o‘ldirish rejasini amalga oshiradi.

1918-yil oktyabrida Eshshi, Onnagaldi va Vakil og‘a ismli yovmudlar Isfandiyor qabuliga kirishadi. Vakil og‘aning otasi Durdi Vakilni 1916-yil general Galkin xalq isyonini bostirganda, Isfandiyor generalga aytib ottirib yuborgandi. Isfandiyorxondan o‘ch olish maqsadi bo‘lgan Vakil og‘a xonning qotili bo‘lgan. Eshshi, Onnagaldi xon bilan o‘ng qo‘lida ko‘rishgach, eng oxirida Vakil og‘a so‘l qo‘li bilan ko‘rishadi. Isfandiyor unga: «Sen nima uchun so‘l qo‘ling bilan ko‘rishding?» – deyishi bilan Vakil og‘a o‘ng qo‘lidagi katta pichoqni chiqarib, Isfandiyorni bo‘g‘izlaydi. Xon yonidagi to‘pponchasini ham olishga ulurolmay qoladi.

Garchi qotil Vakil og‘a bo‘lsa-da, Isfandiyorning fojiali yakun topgan hayotiga u yashagan davr aybdor edi. Agar, xon Islomxo‘ja bilan islohotlarni davom ettirgan, qilichu soatsozlikni davom etdirib, she’rlar yozish, jug‘rofiya bilan yanada mukammal shug‘ullanganida, otasi Feruz kabi uzoq yillar hukmronlik qilardi. Ammo uning ko‘ngli bo‘shligi, ishratga moyilligidan foydalangan fitnacha amaldorlar, Chor Rusiyasi va jandarmeriyasi uni «Yosh xivaliklar» hamda yovmudlarga doimo qarshi qo‘yib keldi. Natijada Isfandiyorxonning umri Vakil og‘a qo‘lida fojiali yakun topdi.

Umid Bekmuhammad,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring