Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bizning holimizdanam xabar olib qo‘ying, o‘rtoq podpolkovnik!

Bizning holimizdanam xabar olib qo‘ying, o‘rtoq podpolkovnik!

Denov tumani, «Xayrabod» QFY, Ostona mahallasi qoq markazida bobom zamonidan buyon odamlar chanqog‘ini qondirib, ayqirib oqayotgan artizian krani bundan uch-to‘rt yil muqaddam dab-durustdan tindiyu-qoldi. Odamlarning tashvishi ortdi. Axiyri suvtortkich (kachayt) o‘rnatildi. Rizq-nasiba ekan, hartugil, obi zilol jildirab oqa boshladi...

Bu holat yuzasidan tumanimiz valine’matiga bir necha marotaba ozg‘aki, telefon va bir enlik xat orqali murojaat qildik. Javoblarning barchasi ko‘nglimizni ko‘tardi: «Hammasi yaxshi bo‘ladi, bitta artizian kran o‘rnatib beramiz». Bu gapdan, ayniqsa, aholi rosa xursand bo‘ldi. Ular hokim boboni tinmasdan duo qildilar. Nega?...

Sababi, shugina artizian qudug‘i qariyb uch yuz xo‘jalikni toza ichimlik suvi bilan ta’minlab kelardi. Ekin-tikin bo‘ladimi, mol-holmi, hammasining taqdiri shu quduqqa bog‘langandi. 40 metr naridagi 30-umumiy o‘rta ta’lim maktabi ham shu suvdan ta’minlanardi. Endi-chi? Endi jildirab oqayotgan suvga o‘nlab odam navbatga turadi. Ba’zan sen-menga borishadi. Xullas, suv tanqisligi qursin! Shuning uchun ham keksalarimiz va’da berganlarni rosa alqagandi.

Aytgan-cha, so‘nggi murojaat asnosida tuman hokimi Baxtiyor Ibatov «Suvoqova» DUK rahbari Bo‘ri Shodmonovni yoniga chaqirib qat’iy topshiriq berdiki, bu ish, albatta, ijobiy hal etilsin! Ammo-lekin Bo‘ri aka haqiqatan ham ishning ko‘zini bilarkan... generaldan buyruq olayotgan askar misoli «yest» dediyu...

Shu bilan yuqori martabali odamlarni kuta-kuta kun sanadik. Ana kelar, mana kelar, deb ko‘cha poyladik. Endiii, katta odamlar-da, shunga yarasha ishlari ko‘p, hadeganda, qadam ranjida qilmadilar. Kunlarning birida o‘sha odamlardan biri kelib, quduqni o‘ngu so‘lidan suratga oldi, boshliqlariga ko‘rsatdi, ular esa na ramzi, na imzosi bor bir parcha xatga tirkab vazirlikka jo‘natdi (chinmi, o‘trikmi, bilmadik!). Unday dedi, munday dedi, xullas, ish cho‘zilgandan cho‘zildi. Qurg‘ur mahalla ahliyam bo‘sh kelmadi, yuqori martabali odamlarning ketidan quvib boraverdi. Nihoyat mutaxassislar barcha xarajatlari bilan qirq milliondan ortiqroq summani hisoblab chiqishdi. Shundan so‘ng Bo‘ri akamiz sim qoqib gapning po‘st kallasini aytdi-qo‘ydi: «Ukajon, endi menimas, hokim boboni bezovta qilavering! Pul kattada. Bizning cho‘ntakda bir miriyam yo‘q!»

Bezovta bo‘lgan hokimimiz esa ish allaqachon bitgan, deb o‘ylabdi. Nachora, yana izla-izla, top-top boshlandi. Yana o‘sha Bo‘ri akamiz dona-dona qilib aytdilarki, mablag‘ yo‘q-ku, ukajon, qachon topsak, albatta, ishni bajaramiz.

Rosti, suvga tushgan mushukday ahvolda qoldik.

Ostonaliklarning bu singari murojaatlari tuman mutasaddilarining allaqachon esidanam chiqib ketgandir. Lekin suv ichish bizning esimizdan chiqqani yo‘q.

Mahallamiz ahli o‘z g‘aznasiga ega tuman hokimligidan hamon umidvor. Qarang-a, eng xokisor, eng andishali insonlar Ostona mahllasida yashasa kerak. Negaki, ular umid qiladi, talab qilishni bilmaydi...

Shu o‘rinda bir eskartish: mahallamizga uchinchi sektor rahbari, Denov tumani IIOFMB boshlig‘i, podpolkovnik Ilhom Yusupov mas’ul ekan. Buni qarangki, tumanda nima tadbir bo‘lsa, militsiyalarning boshlig‘i hoziru nozir. Lekin o‘z sektoridagi Ostona mahallasiga kelib, biror marta xalqning dardini tinglamagan. Bizning holimizdanam xabar olib qo‘ying, o‘rtoq podpolkovnik!

Darvoqe, bayram munosabati bilan mening aziz mahalladoshlarim barchangizni Yangi yil bilan qutladi. Jumladan, Baxtiyor Kenjayevichga ham alohida tabrik aytdilar.

PS: Aytgancha, Ostonada ushbudan tashqari yana ko‘plab muammolar bor. Ular haqda esa kelgusida gaplashamiz.

Dilmurod SODIQOV

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring