Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir oyda pora berish bilan bog‘liq nechta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi? Bosh prokuratura ochiqladi

Bir oyda pora berish bilan bog‘liq nechta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi? Bosh prokuratura ochiqladi

Joriy yilning o‘tgan bir oyida pora berish (Jinoyat kodeksining 211-moddasi) bilan bog‘liq 16ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari, adliya katta maslahatchisi Hayot Shamsutdinov «Xabar.uz»ga ma’lum qildi.

Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlarining barchasida ichki ishlar organi xodimlariga «pora taklif» qilingan. Ya’nikim, 23 nafar shaxs ichki ishlar organlari xodimlariga pora berayotgan vaqtida ushlanib, ulardan jami 18 940 000 so‘m va 10 400 AQSh dollari ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Tahlillarga ko‘ra, 16 ta holatning 11 tasida yo‘l harakati qoidalarini buzish huquqbuzarligi uchun ma’muriy bayonnoma tuzmaslik va avtomashinani jarima maydoniga joylashtirmaslik yoki jarima maydonidan chiqarib berish evaziga, 5 tasida sodir etilgan jinoyatni ijobiy hal qilish, tergovda yengillik qilib berish evaziga pora berilgan.

Taklif etilgan summaning eng kami 400 ming so‘m (fuqaro I. J.  Navoiy viloyat IIB YHXB inspektoriga mashinasini jarima maydonidan «chiqarib» berishi uchun shuncha pul taklif etgan), eng ko‘pi 9500 AQSh dollari (toshkentlik fuqaro A.I. IIB boshlig‘i o‘rinbosariga «to‘plangan materiallarni yo‘q qilish va jinoiy javobgarlikka tortmaslik» evaziga shuncha pul «atagan»). Hududlar  bo‘yicha esa pora berish jinoyatlarining 4 tasi Namangan, 3 tadan Qashqadaryo va Jizzax, 2 tasi Navoiy, 1 tadan Surxondaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahri hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hisobiga to‘g‘ri keladi.

Hozirda pora berganligi uchun ushlangan barcha shaxslar tergov oldida javob bermoqda.

Yuqoridagilarga ko‘ra, Bosh prokuratura barcha fuqarolarni Konstitutsiya va qonunlarga qat’iy rioya qilishga chaqirib:

–  Jinoyat kodeksida faqatgina pora olgan mansabdor shaxsgina emas, balki pora bergan shaxs uchun ham qat’iy jinoiy javobgarlik belgilanganligi;

– Jinoyat kodeksining 211-moddasida, pora berish, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsiga muayyan harakatni pora bergan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga bevosita yoki vositachi orqali moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish jinoyati uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish  jazosi belgilanganligini yana bir bor eslatgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring