Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ahmadboy: «40 million dollarni to‘lashga qurbim yetmaydi. Pulning hammasi talon-toroj bo‘lib ketganku» (video)

Ahmadboy: «40 million dollarni to‘lashga qurbim yetmaydi. Pulning hammasi talon-toroj bo‘lib ketganku» (video)

Xalq orasida «Ahmadboy» nomi bilan tanilgan Ahmadjon Tursunboyevga nisbatan jinoiy ish ko‘rib chiqilayotgan sud zalidan olingan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Unda Ahmadjon Tursunboyev faoliyatiga aloqador ayrim jihatlarni ma’lum qilgan, deya xabar bermoqda «Kun.uz».

«Fuqarolardan olgan pullarni ferma va chorvani rivojlantirish uchun ishlatganman. Dehqonchilik qilganman, yiliga 50, 60, ba’zida 100 gektar yerda kartoshka ekardim. Mol boqardim. Tirikchilikni mana shunday ushlaganman. Fuqarolarning pulini «oborot» qilganman, shuning hisobidan vaqtida pullarni qaytarib, joy-joyiga qo‘yib berganman. Shu sababdan odamlar ko‘payib ketgan. Men odamlarni aldab, qiziqtirmaganman. Ularning o‘zi bir-birini olib kelardi. Qanday qilib men firibgar bo‘laman? Firibgarlik qilib birovning pulini olib chet davlatga chiqib ketdimmi? Topgan daromadimni fuqarolarga to‘laganman. Oyiga topgan 100—500 ming dollarni faqat fuqarolarga to‘laganman», — deydi Ahmadboy.

Shuningdek, u odamlar valyutani qanday olib kelgani haqida gapirgan.

«Bittasi keladi va 10 ming dollar beradi, 10 oydan keyin u 20 ming dollar olyapti. 20 ming pulini keyin 40 ming, so‘ng 80 ming qilib olyapti. Tagini olib qaraganda, bir fuqaro 200—300 ming dollar foyda qilyapti-da, 20—30 ming dollarga ariza yozyapti. Men 12 ming fuqaroga pul yetkazib bera olmayman. Menda pul ham yo‘q. Ertaga, bu fuqarolardan 4—5 mingga yaqin odam bizga foydaga kirib ketgan, o‘sha pullar qaytarilsa fuqarolarga pul yetadi. Agar men jinoyatchi bo‘lsam, fuqarolar kim unda? Ular menga pul berib, valyuta olib kelganmi? Valyutani asos qilib keltirib bera olmaydi-ku. Bizga daftarni bersin, hammasini asos qilib qo‘yib beramiz. Shuning uchun men xodimlardan ham, prokuratura vakillaridan, tergovchilardan, sudyalardan ham yordam so‘rayapman. Mening ilojim yo‘q, bu vaziyatdan chiqa olmayman. Bu hazilakam pul emas, mening qurbim ham yetmaydi. Bu 500 ming dollar, 1 million dollar emas, bu 40 million dollardan ziyod pul. Qani u pullar?», — deya ta’kidlaydi u.

Shu bilan birga, Ahmadjon Tursunboyev pullar talon-toroj qilingani haqida aytgan.

«Nega meni o‘sha yopgan paytda tergovchilar: «Mana sening pullaring, mana sening tillang, mana seni moling, deb asos qilib qo‘yib bermadi? Sababi — meni olib borib qamagan. Men qayerdan u pulni yetkazib beraman? Pulning hammasi talon-toroj bo‘lib ketgan-ku. Menda kirim bo‘lgan, foyda qilganman, yaxshi daromad bo‘lgan, shuning hisobidan odam ko‘paygan. Agar ozgina daromad bo‘lmasa, uni torta ham olmaysiz», — dedi Ahmadboy.

Eslatib o‘tamiz, jinoyat ishlari bo‘yicha Quyi Chirchiq tuman sudi binosida sudlanuvchilar Ahmadjon Tursunboyev va boshqalarga (sudlanuvchilarning umumiy soni — 16 nafar) nisbatan jinoyat ishining tergov bilan yakunlangan qismini ko‘rib chiqish bo‘yicha uchinchi ochiq sud bo‘lib o‘tmoqda.

Sudlanuvchilar Ahmadjon Tursunboyev va boshqalar Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqdalar. Hozirgi kunda sud tergovi o‘tkazilmoqda. Bugunga kelib 170 dan ziyod jabrlanuvchilarning 90 dan ortig‘i so‘roq qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring