Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Adliya vazirligi: «Davlat tomonidan chet ellik mutaxassislarga 60 ming dollar to‘lanadi degan gap asossiz»

Adliya vazirligi: «Davlat tomonidan chet ellik mutaxassislarga 60 ming dollar to‘lanadi degan gap asossiz»

Foto:«Xabar.uz»

Joriy yilning 7-noyabr kuni «O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning malakali mutaxassislari tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Prezident qarori qabul qilindi. Ushbu qaror ortidan «davlat tomonidan chet ellik mutaxassislarga 60 ming dollar to‘lanadi» qabilida xabarlar tarqatilgandi. 

Adliya vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, qarorning maqsadi bugungi kunda iqtisodiyotimizni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan xorijiy mutaxassislarni O‘zbekistonga keng jalb qilish, jalb qilganda ham xorij davlatining har qanday  fuqarosini emas, balki faqat malakali va yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilishdir.

O‘zbekistonga jalb qilinishi kutilayotgan xodimlar yuqori malakali va malakali chet el mutaxassislari deb ataluvchi ikkita kategoriyaga bo‘lindi.

Buning asosiy sababi, agarda ushbu qarorda belgilangan mezonlarga mos keladigan chet ellik davlatimizdagi tashkilotlar taklifiga binoan mehnat qilish uchun kelsa va belgilangan talablarga javob bersa, ular bir qator imtiyozlarga ega bo‘ladi.

Bu imtiyozlar mamlakatimiz fuqarolari faoliyatiga, ularning maqomlariga yoki boshqa munosabatlariga umuman aloqasi bo‘lmagan masalalardir.

Jumladan, ushbu 2 ta kategoriyaga mos kelgan mutaxassis (yuqori malakali va malakali):

– O‘zbekistonga kelish va ishlash uchun ruxsatnomalarni olishda yengilliklar belgilandi (oldin 2 ta ruxsatnoma olish kerak bo‘lgan), ruxsatnomalar uchun to‘lovlar kamaytirildi, muddati 3 yilgacha uzaytirildi (avval har yilda bir marta qaytadan olishga majbur bo‘lgan);

– o‘rindoshlik asosida O‘zbekiston hududida ishlashi mumkin bo‘ldi;

– O‘zbekistonga kelish uchun viza esa mehnat shartnomasida ko‘rsatilgan muddatga beriladigan bo‘ldi, muddatni uzaytirish uchun chet elga chiqib, ariza berish shart emas, ya’ni O‘zbekiston hududidan chiqib, keyin yana qaytib kirish majburiyati yo‘q;

– mehnat shartnomasi muddatiga xodimning o‘ziga va oila a’zolariga O‘zbekistonda yashash huquqini beruvchi guvohnoma beriladi (vid na jitelstvo).

Ya’ni, ushbu keltirib o‘tilgan va qarordagi boshqa imtiyozlar manzilli ravishda O‘zbekiston uchun eng kerakli mutaxassislarni jalb qilish uchun belgilangan. Bu tajriba ko‘plab mamlakatlarda joriy etilgan.

Oladigan maosh miqdori va boshqa yuqori talablar esa, O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’yektlari, investorlar yoki boshqa tashkilotlar tomonidan tartibsiz ravishda chet eldan har xil mutaxassislarni jalb qilishni oldini olish maqsadida kiritilgan.

Qaror matni va normalar juda oddiy tilda tushunarli qilib yozilgan bo‘lsada, ayrim internet nashrlar bu qaror mazmun va mohiyatini umuman noto‘g‘ri talqin qilib, haqiqatdan ancha yiroq bo‘lgan tushuntirishlarni tarqatishmoqda.

Ya’ni, chet eldan keladigan yuqori malakali va malakali mutaxassislarga davlat tomonidan 60 ming dollar oylik to‘lanar ekan, degan umuman asossiz va mantiqsiz fikrlar bildirilgan. Yuqori oylik to‘lashni tashkilotlarning o‘zi hal qiladi, bu chet ellik mutaxassis va ish beruvchining o‘zlari hal qiladigan masaladir. Davlatning bu jarayonga aloqasi yo‘q.

Adliya vazirligi OAVlarni ushbu qarorga noto‘g‘ri sharh berishdan tiyilishiga chaqirishi va qaror bo‘yicha har qanday savollarga javob va tushuntirishlar berishga tayyorligini ma’lum qilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring