Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«7 yilda 1 milliard dollar!» – iqtisodchi mablag‘ sarfini ochiqlashni talab qildi

«7 yilda 1 milliard dollar!» – iqtisodchi mablag‘ sarfini ochiqlashni talab qildi

O‘zbekistonga joriy yilning 6 oyida 123,3 million dollarlik gumanitar yordam kelgan. Uning eng ko‘p qismi (94,2 million dollar) dori-darmon shaklida yo‘llangan. Yarim yilda 703,6 million dollarlik tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlari import qilingani inobatga olinsa, har 7 dollarlik import dori yonida kamida yana 1 dollarlik gumanitar yordam tarzida kelayotgan dori-darmon bor.

Iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov ushbu raqamlarni keltirar ekan, biror tanishi gumanitar ko‘makdan foydalanganiga guvoh bo‘lmaganini qayd etadi.

«Oxirgi 7 yilda O‘zbekistonga kelgan tibbiy gumanitar yordam 1 milliard dollardan oshib ketgan. Boshqalarni bilmadim, lekin shu oxirgi 7 yilda men bilgan, tanigan, ko‘rgan, eshitgan bironta bemor gumanitar yordam orqali kelgan dori-darmondan foydalanganiga guvoh bo‘lmadim, eshitganim yo‘q («Cotish uchun emas» deb muhr bosilgan qimmat dorilarga ko‘zingiz tushganmi?). Qurbi yetgani o‘zi, kimdir do‘stlardan yordam so‘ragan, kimdir qarindoshlardan, tarmoqdan pul yiqqan», – deb yozadi u.

Iqtisodchi ijtimoiy tarmoqlar orqali buyrak, jigar yetishmovchiligi, onkologik kasalliklar bilan og‘riyotgan bemorlar, ayniqsa, bolalarga ko‘mak so‘rab qilinayotgan murojaatlarni yodga oladi. Bemorlarning kasali, og‘rig‘i, davolamaydigan o‘zbek tibbiyotining o‘zi bir dunyo muammo ekani, anqoning urug‘i bo‘lgan dorilarni qidirib topish va xarid qilish undan-da katta muammo ekanini urg‘ulaydi.

Shunga ko‘ra, bloger xorijdan O‘zbekistonga yo‘llangan gumanitar ko‘mak, xususan, dori-darmon qanday sarflanayotganini savol ostiga olgan.

«Tabiiyki, savol tug‘iladi, shuncha gumanitar yordam qayerga ketyapti, qanday taqsimlanyapti? Hisobi, hisoboti, nazorati bormi? Raqamlashishga milliardlab pul sarflanayotgan meditsinamizda gumanitar yordamning hududlar, shifoxonalar, bemorlar, dori-darmonlar qirqimidagi ma’lumotlar bazasi bormi? Bemorlar qaysidir bazaga kirib o‘zlari izlayotgan dori-darmonni O‘zbekistonga yuborilgan gumanitar yordam ro‘yxatida bor yo yo‘qligini bilishga nega haqli emas? Balki shaffoflikka, ochiqlikka o‘tish vaqti kelgandir?» – deya og‘riqli savollarni qo‘yadi O.Bakirov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring