Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

15 may – Xalqaro oila kuni. Oilaviy fotosuratlar – ko‘rishganda eslash uchun emas eslaganda ko‘rish uchun

15 may – Xalqaro oila kuni. Oilaviy fotosuratlar – ko‘rishganda eslash uchun emas eslaganda ko‘rish uchun

Nima uchun biz oilaviy suratlarni qadrlaymiz? Agar ularni asramasak bu qanday yo‘qotish bo‘ladi?

Oila inson hayotidagi asosiy qadriyatlardan biri. Asrlar davomida odamlar bu qadriyatni fotosuratlar orqali o‘zlari va qarindoshlari uchun saqlab qolishga, avlodlari qanday ko‘rinishga ega va qanday yashaganliklarini «aytib» berishga harakat qilganlar. Bosh kiyimlar, soqollar, imo-ishoralar, liboslar oila tarixi, o‘sha davrlarning modasi, oila a’zolari o‘rtasidagi munosabatlar haqida ko‘p narsalarni aytib berishi mumkin.

Ilk suratlarga olish XVIII asr o‘rtalarida boshlangan. O‘sha paytlari yevropaliklarning eng kambag‘al qatlami ham oilaviy fotosuratlarini avlodlarga yetkazish uchun moliyaviy qurbonliklardan cho‘chimagan. Balki shuning uchun ham dunyo arxivlarini o‘sha davr suratlari boyitib turgandir, balki shuning uchun ham bugun biz tarixni o‘rganishga qiynalmayotgandirmiz. Birgina Toshkentdagi zilzilaga oid suratlarini olaylik, qancha tarix, qancha xotira mujassam.

Arxiv materiallari. O‘qchi ko‘chasi. Zilziladan uyi vayron bo‘lgan oila hovlida ovqatlanmoqda.

E’tibor bersangiz oilaviy portretlarda hamma narsa mukammal ko‘rinadi – soch turmagi, kiyim-kechak, yuz ifodasi. Garchi ranglar minimal ko‘rinsada, yoki rangsiz bo‘lsada shunga qaramay, qiyofalar ko‘rinishi jo‘shqin va ma’noga to‘la. Chunki oilaviy suratlardagi qarindoshlaringiz, yaqinlaringiz sizning eng qadrli odamlaringiz.

Oilaviy fotosuratlar tufayli siz mashhur shaxslarning yashash tarzi, oila qadriyatlari bilan ham tanishasiz.

O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov farzandlari bilan.

Ilgari oilaviy fotosuratlarni arxivlash ularni qattiq qog‘ozli albomga yopishtirish degani edi. Biroq, bugungi kunda barchamiz axborot texnologiyalari asrida yashayapmiz, demak suratlarni xavfsiz asrab qoladigan texnologiyaga muhtojmiz. Barcha fotosuratlarimizni raqamli mediaga ishonib topshirib qo‘ydik. Afsuski ularni istagan paytda yo‘qotib qo‘yishimiz hech gap emas.

Agar urush davrida yoki undan oldingi davrlarda raqamli texnologiyalar rivojlangan bo‘lib suratlar qog‘ozga muhrlanmaganida biz bugun tarix haqida hozirgiday ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘larmidik? Ega bo‘lgan taqdirimizda ham ularning qanchasi montaj qilinardi yoki haqiqiyligi yo‘qotilardi.

Arxiv materiallari. Temirchi Shoahmad Shomahmudovlar oilasi.

Amerikalik olim yaqinda avlodlar o‘rtasidagi fotosuratlarning  yo‘qolishini «raqamli qorong‘u davr» deb atadi. Tadqiqotchining aytishicha, barchamiz ularni kech bo‘lmasdan saqlab qolish uchun hozirdanoq harakat qilishimiz kerak.

To‘ylarda, tug‘ilgan kunlarda, bitiruv marosimlarida va boshqa barcha maxsus tadbirlarda suratga tushganimizda, biz voqeani hujjatlashtiramiz – o‘zimizni kataloglashtiramiz. Ya’ni «Men kimman va bu sodir bo‘lganda men qayerda, qanday ko‘rinishda bo‘lgan edim», deb e’lon qilamiz. Shaxsning qiyofasi bu shaxsning kimligini tasdiqlaydi. Oilaviy fotosuratlar uylarning devorlarini, ish stolimizni nafaqat bezatadi, balki  bizga qarindoshlarimiz va yaqinlarimizni eslatadi. Ularni qo‘lga olish va tomosha qilishdan boshlab oila g‘oyasi nima ekanligini chuqurroq anglaysiz  – ular ramka ichidagi barcha shaxslar bir oila ekanligini ta’kidlaydilar.  Suratlar oddiy oilaviy hayot va insonlarning bir-birlari oldidagi majburiyatlari haqida g‘oyalarni yaratadilar. Ular oilani mustahkamlashga yordam beradi.

Arxiv materiallari. Kolxozchi Mirtursunov oilasida frontdan kelgan xatni o‘qish chog‘i.

Bir vaqtlar oilaviy suratga tushishning har doim yoki har kuni imkoni yo‘q edi. Zamonaviy raqamli fotografiya esa bugungi kunda har qanday narsani istalgan vaqtda va istalgan miqdorda suratga olish imkonini beradi. Bu sizga lahzani ushlash va his-tuyg‘ularni «qo‘lga kiritish»ga yordam beradi. Klassik fotografiya statik, tafsilotlarga yo‘naltirilgan, puxta o‘ylangan bo‘ladi. Va agar siz ushbu ikki tushunchaning eng yaxshi xususiyatlarini birlashtirsangiz, yuqori sifatli fotosuratlar yaratishingiz va ularning yordami bilan kelajak avlodlarga muhim tafsilotlarni, tarixini va o‘ziga xosligini yetkazishingiz mumkin. Bunday oilaviy portretlarning qadr-qimmati har bir avlod o‘tgan sayin ortib boradi. Chunki fotosuratlarsiz bu vizual xotiralar abadiy yo‘qoladi. Oilaviy suratlar orqali bolaligingizni, yoshligingizni, oilangizni, baxtli yoki qiyin damlaringizni his qilishingiz, bir lahza bo‘lsada o‘sha davrga qaytishingiz mumkin. Ya’ni fotosuratlar sizga yaiqnlaringizni eslaganingizda, xotirlaganingizda istagancha «diydorlashish» imkonini beradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring