Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi loyiha! «Moliya kundaligi»da moliyaviy firibgarliklar haqida 

Yangi loyiha! «Moliya kundaligi»da moliyaviy firibgarliklar haqida 

Illyustrativ foto

Bugungi kunda, ijtimoiy tarmoqlar va elektron pochtalarga oson boyib ketishda yordam berish borasidagi turli xat-xabar yuborivchilar soni ortib bormoqda. Tahririyatimizga ham bu boradagi xat-xabarlarga ishonish yoki ishonmaslik yuzasidan tez-tez savollar kelib turadi. Ishontirib aytish mumkinki, taomilga ko‘ra, bundaylar sizga qop-qop va’dalar beradi. Va bularning barchasi firibgarlikdan boshqa narsa emas. Mana shunday holatlarning ro‘y berayotgani fuqarolarimizda moliyaviy savodxonlik hali yaxshi shakllanmagani, ushbu yo‘nalishda yetarli targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmayotganligidan dalolat bermoqda.

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali mazkur masalalarni hisobga olgan holda, yangi «Moliya kundaligi» nomli loyihani amalga oshiradi. Loyiha aholining moliyaviy madaniyati va savodxonligini oshirishni maqsad qilgan.

Dastlabki maqolamizda biz, ko‘plar uchun qiziq bo‘lgan moliya va «moliyaviy firibgarlik» mavzusida atroflicha so‘z yuritamiz.

Avvalo, moliya tushunchasiga to‘xtalamiz. Moliya – bu iqtisodiy kategoriya sifatida pul mablag‘laridan foydalanish va uning harakatini tartibga solish bilan bog‘liq bo‘lgan munosabatlar tizimidir. Uning vositasida turli darajadagi pul mablag‘lari, fondlar vujudga keltiriladi va ular takror ishlab chiqarish ehtiyojlari hamda boshqa ijtimoiy ehtiyojlarni qondirish maqsadida taqsimlanadi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, moliyaviy munosabatlar va ularga xizmat qiluvchi maxsus muassasalar jamiyatning moliya tizimini tashkil etadi.

Endi, asosiy mavzu — moliyaviy firibgarlikka qaytamiz.

Tarixdagi ilk moliyaviy firibgar

Ma’lumotlarga ko‘ra, moliyaviy firibgarlikning ilk ko‘rinishi milloddan avvalgi 300 yillarda Qadimgi Yunonistonda sodir bo‘lgan. O‘sha paytda yunonistonlik dengiz savdogari Hegestratos o‘zining kemasi va yuklarini garov sifatida qo‘yib qarz oladi. Savdogar kema belgilangan joyga yetib, ortilgan yuk – makkajo‘xori yetkazib berilganidan so‘ng qarzni foizi bilan qaytarishga kelishadi. Agarda pul qaytarilmasa, qarz beruvchi Hegestratosning kemasi va ortilgan mahsulotiga da’vogarlik qila olishi mumkin bo‘ladi. Biroq, buni xohlamagan savdogar hiyla ishlatishga urinadi. Ya’ni, savdogar o‘zining bo‘sh kemasini cho‘ktirib, ortilgan yukni sezdirmagan holda sotib yuborish orqali qarzni qaytarmaslikka harakat qiladi. Ammo, uning rejasi amalga oshmaydi. Hegestratos bo‘sh kemani cho‘ktirib qochishga urinayotgan mahal o‘zi ham cho‘kib ketadi. Bu firibgarlikning birinchi qayd etilgan hodisasi sifatida tarixda qolgan.

Yana shu kabi qiziqarli misollarni AQSh tarixida ham ko‘rish mumkin. Ma’lumki, Qo‘shma Shtatlardagi fond va moliyaviy firibgarliklarning barchasi ochko‘zlik hamda hokimiyatga intilishga asoslangan hiyla-nayranglarni o‘z ichiga oladi.

Birinchi ichki savdo janjali

1792 yil, ya’ni Amerika rasmiy ravishda mustaqillikka erishganidan bir necha yil o‘tgach, xalq birinchi marta moliyaviy firibgarlikni boshdan kechirdi.  O‘sha vaqtda, Amerika obligatsiyalari rivojlanyotgan dunyo emissiyalariga yoki bugungi kundagi obligatsiyalarga o‘xshash bo‘lib, ular o‘zlarining kaloniyalari taqdiri haqidagi har bir yangilik bilan o‘zgarib turardi. Bunday o‘zgaruvchan bozorga sarmoya tikish, bu obligatsiyalar qiymatini yuqoriga yoki pastga tushirishga olib keladigan yangiliklardan doimiy boxabarlikni taqozo etgan.

G‘aznachilik kotibi Aleksandr Xemilton Amerika moliya tuzilmasida turli xil kaloniyalarning zayomlarini yangi markaziy hukumat zayomlari bilan almashtira boshladi. Natijada yirik obligatsiya investorlari qaysi obligatsiyalar chiqarilishini oldindan bilish uchun G‘aznachilikka kirish huquqiga ega bo‘lgan odamlarni qidirishdi. Bu G‘aznachilik kotibining yordamchisi Uilyam Duyer bo‘ldi. U ichki sirlardan yaxshi xabardor bo‘lib, ma’lumotlar keng ommaga tarqatilmasdan oldin yirik obligatsiya egalari bilan o‘z portfelida savdo qilgan. Yillar davomidagi bunday hiyla-nayranglardan so‘ng, katta pul tikish uchun G‘aznachilik mablag‘larini bosib olib, Duyer o‘z lavozimini tark etdi. Lekin, ichki aloqalarni saqlab qoldi. U o‘z mablag‘larini, shuningdek boshqa sarmoyadorlarning qarz majburiyatlarini investitsiya qilishni davom ettirdi.

Bir necha yil davom etgan zafarli harakatdan ruhlangan Duyer qizib ketgan bozordan chekinish o‘rniga, oldinga intilish uchun o‘zining axborotlariga tayandi. Shu bilan birga, Duyer obligatsiyalar uchun katta miqdorda qarz oldi. Vaziyat esa, oldindan aytib bo‘lmaydigan va keskin edi. Duyer befoyda sarmoyalar va katta qarzga botib ketgandi. Oxir-oqibat Uilyam Duyer qamoqqa tushdi va u yerda 1799 yil vafot etdi.

«Watered stock» – «sug‘orilgan zaxira(aksiya)lar»

1800 yillarning oxirida Jey Gould, Jeyms Fisk, Rassel Seyj, Edvard Anri Xarriman va J.P. Morgan yangi ochilgan fond bozorini shaxsiy o‘yin maydonchasiga aylantirishgan. Biroq, o‘sha vaqtdagi chorvador va moliyachi Daniyel Drev firibgarlik va fond bozorini boshqarishning haqiqiy kashshofi edi. U moliya olamiga «watered stock» – «sug‘orilgan zaxira(aksiya)lar» atamasini olib kirgan. Bu odatda investorlarni aldash sxemasining bir qismi, ya’ni kompaniyaning asosiy aktivlaridan ancha katta qiymatga chiqarilgan, shu tariqa sun’iy ravishda qimmatga tushirilgan aksiyalardir. Buni quyidagicha tasniflash mumkin. Sug‘orilgan aksiyalar ko‘pincha investorlarni aldashga mo‘ljallangan. U aslida qiymatidan yuqori narxda chiqariladi. Bu atama mollarning bozorga olib chiqilishidan oldin ko‘p miqdorda suv ichirishga majburlaydigan chorvadorlar leksikonidan kelib chiqqan. Majburlab ichirilgan suv qoramollarni aldamchi ravishda og‘irlashtirib, fermerlarga ularni qimmatga sotish imkonini bergan.

Drevga ko‘ra, kompaniyalar ham o‘zining daromadi va aktivlari to‘g‘risida bo‘rttirilgan bayonotlar berishadi va kompaniyadagi o‘z ulushlarini qiymatidan ancha yuqori narxda sotadilar. Bunday ayyorona harakat Daniyel Drevga ko‘plab muvaffaqiyatlar keltirgan. Lekin, oxir-oqibat raqobatchisi Vanderbilt tomonidan o‘zi o‘ylab topgan firib orqali aldanishi va  muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga sabab bo‘lgan.

Moliya bilimlari va moliyaviy firibgarlik borasidagi qiziqarli ma’lumotlar bilan loyihamizning kelgusi qismlarida ham tanishtirib boramiz.

Nurillo To‘xtasinov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring