Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tojikiston bilan tovar ayirboshlash hajmini 1 milliardga oshirish mo‘ljallanmoqda

Tojikiston bilan tovar ayirboshlash hajmini 1 milliardga oshirish mo‘ljallanmoqda

Dushanbe shahrida 12 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ikki mamlakat Bosh vazirlari boshchiligida o‘tgan yig‘ilishda Prezidentlar – Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarimiz do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat ruhida jadal rivojlanib borayotgani, ular tomonidan ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgani ta’kidlandi.

So‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash oshib bormoqda. O‘tgan yili uning hajmi 757 million dollarga yetdi. Kelgusida o‘zaro savdoni 1 milliard dollarga yetkazish uchun birgalikda barcha choralarni ko‘rish lozimligi, bunga sanoat kooperatsiyasi, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, transport-logistika sohalarida qator qo‘shma loyihalarni izchil amalga oshirish orqali erishish mumkinligi qayd etildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston-Tojikiston xalqaro chegara savdo zonasini yaratish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini uchinchi mamlakatlarga eksport qilish uchun chegara hududlarida ulgurji tarqatish markazlarini yaratish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, agrosanoat, to‘qimachilik, farmatsevtika, kimyo, metallurgiya, elektrotexnika, mashinasozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish yuzasidan mavjud imkoniyatlarni ishga solish lozimligi belgilandi.

Majlisda hududlararo hamkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini berayotgani, ayni paytda Oliy darajadagi uchrashuv arafasida O‘zbekiston-Tojikiston ikkinchi hududlararo forumini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani ma’lum qilindi.

Tomonlar qishloq xo‘jaligi sohasida ham hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki mamlakat chegaradosh hududlarida qo‘shma qishloq xo‘jaligi klasterlarini tashkil etish va hamkorlikda tadqiqotlar o‘tkazishdan manfaatdorligini bildirdi.

Transport-kommunikatsiya sohasi qo‘shma savdo-iqtisodiy va investitsiya loyihalarini amalga oshirishda, do‘st xalqlarimiz o‘rtasidagi birodarlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashda esa madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik muhim omil bo‘lishi qayd etildi.

Tadbir so‘nggida O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 11-yig‘ilishi bayoni imzolandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring