Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Pul-baxt formulasi»ni o‘ylab topgan odam

«Pul-baxt formulasi»ni o‘ylab topgan odam

Foto: The Insider

2002-yili Nobel mukofoti laureatiga aylangan iqtisodiy psixolog Daniel Kaneman 90 yoshida vafot etdi.

U iqtisodiy fanlarning eng asosiy «qayta quruvchilari»dan bo‘lgan. 1970-yillardan boshlab, iqtisodiyotning o‘zi va unda qarorlar qabul qilish tizimi murakkablashib borayotgan bir sharoitda, bu fanga qo‘shni fanlar mutaxassislari — psixologlar, antropologlar, madaniyatshunoslar, tarixchilar va boshqalarning kirib kelishi avj oladi. Kaneman shulardan biri edi.

Kanemanning maqsadi «biznes uchun matematika» o‘laroq ko‘riladigan iqtisodiyotni oddiy maktab bitiruvchisi ham tushunadigan fanga aylantirish bo‘lgan.

Xususan, u iqtisodchi Angus Diton bilan birgalikda oddiy va tushunarli qoidani o‘ylab topgan: Baxt degan subyektiv hissiyot daromadga qanchalik bog‘liq? Bu qoidaga ko‘ra, amerikaliklar baxt darajasi oshganini daromadlari yiliga 75 ming dollarga yetganida sezadilar. Xuddi shu nuqtadan o‘tib, farovonlik o‘sishining baxt hissiga ta’siri to‘xtaydi — millionerlar, hatto milliarderlar, ulkan boyligiga qaramasdan, xuddi to‘laqonli o‘rta sinf bilan bir xilda subyektiv baxtlidirlar. Kambag‘allar esa deyarli har doim — baxtsizlar qatorida...

Kaneman boshqaruvchilar uchun bir nechta qiziq psixologik g‘oyalarni taklif qilgan.

Jumladan, Geri Klyayn bilan birgalikda menejerlarga pre mortem (lotincha «o‘lim faktiga qadar») vositasidan foydalanishni qattiq tavsiya qilgan. Odatda boshqaruvchi-rahbarlar strategik qarorlar qabul qilishda optmistik hisob-kitoblarga tayanadilar, bu ikki iqtisodchi esa aksincha — pessimistik nuqta nazardan yondashuvni ilgari surishdi. Kaneman buni shunday tushuntirgan:

«Deylik, bir guruh rahbarlar qandaydir muhim qaror arafasida uchrashdilar: qaror tayyor, u qanday bo‘lishi barchaga ma’lum. Bu bosqichda odatda qaror qanday ijobiy natijalarga olib kelishi haqida gaplashiladi, keyin protokolga «Qabul qilindi» deb yozib qo‘yishadi. Pre mortem esa boshqacha yig‘ilish, unda yig‘ilganlarga birgina savol beriladi: «Keling, tasavvur qilaylik, oradan ikki yil o‘tdi — qarorni qabul qilib bo‘lganmiz, ammo natijasini ko‘rmayapmiz. Tasavvur qilishga urinib ko‘ring, nega bunday bo‘ldi, qachon va nima ishning beliga tepdi, shuni yozing. Har bir qatnashchi ehtimoliy inqiroz haqida o‘z munosabatini bildiradi.

Buning mohiyatini tushuntiraman. Muayyan masala bo‘yicha qaror qabul qilish uchun hamma yig‘ilgan paytda, umumiy ko‘tarinkilik fonida pessimist bo‘lib qolmaslik uchun, har bir qatnashchi o‘z shubha-gumonlarini bildirish, muammoni ko‘rsatishga qiynaladi. Aynan pre mortem bosib turilgan shubhalarni ochiqlashga yo‘l beradi».

Pre mortem siyosiy qarorlar uchun ham muvofiq keladi, ammo bu butunlay boshqa mavzu.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring