Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zbekneftgaz»: Qashqadaryodagi «Alan» konida Siquv kompressor stansiyasi ishga tushirildi

«O‘zbekneftgaz»: Qashqadaryodagi «Alan» konida Siquv kompressor stansiyasi ishga tushirildi

«O‘zbekneftgaz» AJ Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli «Alan» konida Siquv kompressor stansiyasi ishga tushirildi.

Qashqadaryo viloyati Muborak tumani hududida «Alan» konida yangi qurilgan past bosimli Siquv kompressor stansiyasining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi va unda «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev ishtirok etdi.

«Alan» konida tabiiy gaz qazib chiqarilishini nazorat qilish to‘la avtomatlashtirilgan bo‘lib, Siquv kompressor stansiyasini ishga qo‘shish ishlari aynan Dispetcherlik xizmatida amalga oshirildi.

Dastlab tashrif buyurganlarga ushbu investitsion loyiha borasida ma’lumot berildi va so‘ngra, qurilmani ishga qo‘shish uchun Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev tomonidan rasman ruxsat berildi.

«Alan» konidagi ushbu qurilma ishga qo‘shildi va shundan so‘ng mehmonlar Siquv kompressor stansiyasi joylashgan maydonda bo‘lishdi. Bu yerda yig‘ilgan barchaga batafsil ma’lumot berildi.

Marosimda so‘zga chiqqan Boshqaruv raisi quyidagilarni aytib o‘tdi – Kondagi qoldiq gaz zaxirasini (25 mlrd kub metr) maksimal darajada qazib olish maqsadida, ikkinchi siquv kompressor stansiyasini qurishga qaror qildik, Loyiha bosh pudratchisi – hamkorimiz «ENTER Engineering» kompaniyasi tomonidan qisqa muddatda qiymati 75 mln dollarlik texnologik ob’yekt qurib bitkazildi. Zamonaviy gaz-turbina uskunalari va kompressorlar yetakchi xorijiy kompaniyalar, ya’ni Amerikaning «Baker Hughes General Electric», Ukrainaning «Motorsich», Turkiyaning «Akcelik», Xitoyning «Denair Energy» va boshqa kompaniyalar tomonidan yetkazib berildi. Biz ularni hammasiga minnatdorchilik bildirib, aytishim kerakki, mazkur qurilmani foydalanishga topshirish natijasida kunlik qo‘shimcha 1,0 mln kub metr gaz qazib olish imkoni yaratildi.

Eslatib o‘tamiz, «Alan» koni past bosimli siquv kompressor stansiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «2017 yilda Respublikada neft, neft mahsulotlari, tabiiy gaz va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hamda iste’mol qilish to‘g‘risida» va «2017–2021 yillarda uglevodorod xomashyosini qazib olishni ko‘paytirish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorlariga muvofiq, «O‘zbekneftgaz» AJ, «Natural Gaz-Stream» qo‘shma korxonasi, «ERIELL OILFIELD SERVICES MIDDLE EAST DMCC» kompaniyalari xamkorligida amalga oshirilgan bo‘lib umumiy qiymati 75,12 mln dollarni tashkil etadi.

Tantanali ochilish marosimida, Boshqaruv raisi qurilishda ishtirok etganlarga yana bir bor barchaga o‘z minnatdorchiligini bildirib, faollik ko‘rsatgan ishchi-xodimlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Xorijiy mutaxassislarga o‘zbekona mehmondo‘stlik ko‘rsatilib, milliy liboslarimiz sovg‘a qilindi hamda ular bilan hamkorlik bundan ham mustahkam bo‘lishi bildirildi.

Xorijdan tashrif buyurgan mutaxassislar ham o‘z navbatida bildirilgan ishonchni oqlash uchun harakat qilishlarini aytib o‘tishdi.

Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining «Alan» siquv kompressor stansiyasi kunlik 9,137 mln metr kubgacha sanoat gazini utilizatsiya qilish qobiliyatiga ega bo‘lib, «Alan» past bosimli 2-siquv kompressor stansiyasi (2-SKS) loyiha hujjatlari ishlab chiqildi va qurilish-montaj ishlari yakuniga yetkazilib ishlab chiqarishga joriy etildi.

2021 yilda ushbu kondan 2,771 mlrd kub metr tabiiy gaz va 69,6 ming tonna gaz kondensati qazib olish rejalashtirilgan.

Konda olib borilgan geologiya-qidiruv ishlari natijasida jami 234,9 mlrd kub metr tabiiy gaz hamda 8,964 mln tonna gaz kondensati zaxiralari mavjudligi aniqlangan.

2021 yil yakuniga qadar «Alan» konida 14 ta yangi quduqlarni burg‘ilab ishga tushirish va natijada qo‘shimcha 164,7 mln kub metr tabiiy gaz hamda 3,6 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarish mo‘ljallanmoqda.

Bundan tashqari, 36 ta quduqda kapital ta’mirlash va intensifkatsiya ishlarini bajarish orqali qo‘shimcha 63,7 mln kub metr tabiiy gaz va 1,2 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarish rejalashtirilgan.

«Alan» past bosimli 2-siquv kompressor stansiyasining umumiy quvvati kunlik 4.569 mln kub metr bo‘lgan 2 ta agregat orqali «Alan» koni past bosimli quduqlarining sanoat miqyosidagi tabiiy gazini bosimini ko‘tarib «Alan» siquv kompressor stansiyasiga haydaydi.

«Alan» konida past bosimli 2-Siquv kompressor stansiyasi ishga tushurish orqali yiliga 3.3 mlrd kub metr tabiiy gaz bosimini oshirish natijasida, kunlik tabiiy gaz qazib chiqarish ko‘rsatkichlarini 1 mln kub metr ko‘paytirishga erishiladi.

Kondagi mavjud gaz zaxirasini maksimal darajada qazib olish maqsadida, «2017–2021 yillarda uglevodorod xomashyosini qazib olishni ko‘paytirish Dasturi» doirasida joriy yil 26 fevralda umumiy qiymati 75,1 mln dollarlik siquv kompressor stansiyasini (SKS) qurib, foydalanishga topshirildi.

SKS yiliga 3,3 mlrd kub metr tabiiy gaz bosimini oshirishga hamda gaz tarkibidagi suyuq komponentlarni ajratib olish uchun gazni kompleks tayyorlash qurilmasiga yetkazib berishga xizmat qiladi va kunlik qo‘shimcha 1,0 mln kub metr gaz qazib olish imkonini beradi.

Qurilish ishlari «Enter Engineering» (Singapur) kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi. Zamonaviy gaz-turbina uskunalari va kompressorlar «Baker Hughes General Electric» (AQSh), «Motorsich» (Ukraina), «Akcelik» (Turkiya), «Denair Energy» (XXR) kompaniyalari tomonidan yetkazib berildi.

SKSni barqaror ishlashini ta’minlash uchun 2021 yilda «Alan» konida qo‘shimcha 11 ta yangi quduqni burg‘ilash, uzunligi 7,9 km bo‘lgan gaz kollektorini qurib ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda, natijada kondan yiliga 2,7 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib olinadi.

Ma’lumot uchun. Muborak neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasi tasarrufida jami 33 ta neft va gaz kondensat konlarida 11 ta SKS va 14 ta gazni tayyorlash qurilmalari mavjud. «Alan» konining qoldiq zaxirasi – 25,5 mlrd kub metr tabiiy gaz va 1,1 mln tonna kondensat.

Eslatib o‘tamiz, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida yana ikkita «Zevarda» va «Dengizko‘l» konlarida ham siquv kompressor stansiyalari qurilmoqda va bu tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini sezilarli darajada oshishiga xizmat qiladi.

 «O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring