Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston–Turkiya: 5 milliardli dovon yaqin...

O‘zbekiston–Turkiya: 5 milliardli dovon yaqin...

Foto: ITSV

Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aylanmasi o‘tgan yili 2020 yilga qaraganda 72 foizga o‘sdi. Bu raqam Turkiya statistika instituti (TÜİK) e’lon qilingan tahlillarda aks etgan.

2021 yilning yanvar – dekabr oylarida Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi tashqi savdo hajmi 3 milliard 645 million dollarga yetdi. Yil davomida Turkiyaning mamlakatimizga eksporti 1 milliard 845 million dollarni, importi esa 1 milliard 800 million dollarni tashkil etdi.

2017 yilda o‘zaro savdo aylanmasi  1,5 milliard dollardan oshgani e’tiborga olinsa, uch yillik o‘sish 142  foizga yetgani oydinlashadi.

Tahlillarga qaraganda, 2016 yildan boshlab O‘zbekistonda turk kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni 2 barobar, mamlakat iqtisodiyotiga kiritilgan Turkiya sarmoyasi hajmi esa 10 barobar oshgan.

Ikki qardosh mamlakat o‘zaro savdo aylanmasini 5 milliard dollarga yetkazishni ko‘zlamoqda. Shu maqsadda mamlakatlar o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim hamda Elektron tijorat sohasidagi bitim yuzasidan kelishuv jarayoni ketmoqda.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, mamlakatimiz Turkiyaga asosan rangli metallar va ularning mahsulotlari, meva va sabzavotlar, xizmatlar, azotli o‘g‘itlar va neft mahsulotlarini eksport qilmoqda. O‘z navbatida bu mamlakatdan pardoz-andoz buyumlari, mexanik va elektron asbob-uskunalar, plastmassa va plastik mahsulotlar, to‘qimachilik, kimyo, farmatsevtika va ko‘nchilik mahsulotlari import qilinadi.

Ayni choqda, O‘zbekiston Turkiya bozoriga yengil sanoat, mashinasozlik, elektrotexnika va charm-poyabzal mahsulotlari eksport qilishni kengaytirmoqchi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston davlat statistka qo‘mitasi ham 2021 yil yakuni bo‘yicha asosiy tashqi savdo hamkorlarimiz safida (Rossiya, Xitoy va Qozog‘iston) Turkiyani qayd etgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring