Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushi 30 foizga oshiriladi

O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushi 30 foizga oshiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari J.Mirzamahmudov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Seul shahrida bo‘lib o‘tayotgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari (IREC) sakkizinchi xalqaro konferensiyasida ishtirok etayapti.

IREC – bu qayta tiklanuvchi energiya manbalari borasidagi yirik konferensiya bo‘lib, har ikki yilda milliy hukumatlar tomonidan o‘tkaziladi. Forum doirasida siyosatchilar va ekspertlar milliy hamda mintaqalar bo‘yicha qayta tiklanuvchi energiyani rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashadilar.

Forum yuqori darajadagi plenar yig‘ilishlardan, interfaol parallel mashg‘ulotlardan iborat bo‘lib, muloqot o‘tkazish va o‘rganish uchun muhim imkoniyatlarni taqdim etadi.

Joriy yilgi konferensiyada dunyoning 108 mamlakatidan 3,5 ming nafar ishtirokchi, jumladan, vazirlar, yirik shaharlar merlari, xalqaro tashkilotlar prezidentlari, global kompaniyalar rahbarlari va ekspertlar ishtirok etmoqda.

BMTning sobiq rahbari, Koreyaning iqlim va havo sifati bo‘yicha milliy kengashi raisi Pan Gi Mun forumda nutq so‘zladi. Uning ta’kidlashicha, «toza va barqaror energiyaga o‘tish endi tanlov emas, balki atrof-muhit va ekotizim uchun tahdidlar oldidagi zaruriyatdir».

Konferensiya doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi qayta tiklanuvchi energiyalar bo‘yicha xalqaro tashkilot Bosh direktori Franchesko La Kamera, Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vaziri o‘rinbosari Yong Jun Ju, Koreya Energetika agentligi prezidenti Kim Chang Sup bilan muzokaralar o‘tkazdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Koreya Respublikasining KEPCO, S&K Engineering and Construction, Hyundai Engineering, Doosan Heavy Industry kabi yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi va bir qancha, jumladan, quyosh va shamol elektr stansiyalariga tashrif buyurdi.

Shuningdek, O‘zbekiston vakillari energiya samaradorligi va ekologik toza ilg‘or texnologiyalardan foydalanilgan holda tabiiy gaz va ko‘mirda ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalari faoliyati bilan tanishdilar.

Qayd etish kerak, O‘zbekiston elektr energiyasini ishlab chiqarishning umumiy hajmida qayta tiklanadigan energiya manbalarining ulushini 2030 yilga borib 30% ga oshirishni maqsad qilib qo‘ygan. Bunday natijalarga erishish uchun Energetika vazirligi qayta tiklanadigan energiya sohasida keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan faol choralar ko‘rmoqda.

Jumladan, joriy yilning sentyabr oyida Fransiyaning «Total Eren» kompaniyasi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida Samarqand viloyatida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha shartnoma imzolandi. Oktyabr oyida esa Navoiy viloyatida 100 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasini qurish bo‘yicha tender natijalari e’lon qilindi va unga ko‘ra BAAning «Masdar» kompaniyasi 2,679 sent/kVt soat tarif bilan g‘olib deb e’lon qilindi.

Bundan tashqari, ayni vaqtda Energetika vazirligi Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda 2020 yilda umumiy quvvati 700 MVT bo‘lgan quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalarini tanlov asosida amalga oshirish choralarini ko‘rayapti.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi
Matbuot xizmati

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring