Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xotini va qaynonasiga og‘ir tan jarohati yetkazgan shaxs qamaldi

Xotini va qaynonasiga og‘ir tan jarohati yetkazgan shaxs qamaldi

Foto: Xabar.uz

Buxoroda xotini va qaynonasiga og‘ir tan jarohati yetkazgan shaxs sud hukmi bilan qamaldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Vobkent tuman sudi raisi Akram Rahimovning «Xabar.uz» ga ma’lum qilishicha, zo‘ravon er qamalgunga qadar ham firibgarlik (O‘zRJKning 168-moddasi) sodir qilgan bo‘lgan.

Surunkali oilaviy kelishmovchiliklar sabab uch nafar farzandi bilan xotinini onasining uyiga haydab yuborgan Vobkent tumanilik Mirshod Odilov oradan bir necha oy o‘tgach, tonggi soat 04:00 larda mast holatda qaynonasi Shohida Omonovaning xonadoniga keladi. Darvoza qulfligi va hammaning uxlab yotganidan foydalanib, devor osha hovliga tushadi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, hovliga yashirincha kirgan Mirshod uch nafar farzandi bilan bir xonada yotgan xotini Nigora Samiyevani uyg‘otgan. Ayol o‘zi va farzandlarining xavfsizligidan qo‘rqib, eri bilan yaxshi muomalada gapirishga majbur bo‘lgan. Avvaliga bolalari bilan tinchgina gaplashgan Mirshod  yana ayoliga nisbatan do‘q-po‘pisa qila boshlagan.

Nigora eridan hovlidan janjalsiz chiqib ketishini, onasi yoki ukasi ko‘rib qolgudek bo‘lsa, katta janjal chiqishini bildirgan. Shunga qaramay, Mirshod xotinini kamsitish va haqoratlashda davom etavergan.

Tong saharlab janjallashuvni eshitgan qaynona hovliqib, qizi va nevaralarining xonasiga otilgan. Shu topda kuyovi uning oldidan chiqib qolgan. O‘zaro tortishuv, janjal kuchaygan. Mirshod haqoratomuz so‘zlar bilan qaynonasi va xotinining qadr-qimmatiga, sha’niga tekkan. Bu ham yetmagandek, jahllangan er xotinini darvozaxonagacha sudrab borib, sochlarini changallab tortqilagan ko‘yi uning boshini bir necha marta devorga urgan. Qizining kuyovi tomonidan kaltaklanayotgani alamida qaynona uning yoqasiga yopishgan. Kuyov esa qaynonasining ko‘ksidan zarb bilan itarib, uni urib, tepa boshlagan. Bolalarining ko‘z o‘ngida xotini va qaynonasini tahqirlab, ularni nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlab, har ikkisini ham urib, tepishdan to‘xtamagan.

Nigoraning ukasi Mirsaid janjal va to‘polonni eshitib, hovliga otilgan. Pochchasini ogohlantirib, hovlidan chiqib ketishini talab qilgan.  Bu paytda qo‘ni-qo‘shnilar ham xavotir olib, ularning hovlisiga to‘planishgan va Mirshodni insofga chaqirishgan. Ichki ishlarga xabar berishgan. Qaynonasining hovlisidan chiqib ketishga ulgurmagan Mirshod uchastka noziri tomonidan ushlangan.

Zo‘ravon bu paytgacha xotini va qaynonasini o‘ta shafqatsiz usulda urib, tepkilab, kamari bilan ham ko‘p bor kaltaklagan bo‘lgan. Respublika sud tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Buxoro filiali Vobkent tuman punktining xulosasiga ko‘ra, xotini va qaynonasiga o‘rta og‘ir tan jarohati yetkazib, ular sog‘ligining yomonlashishiga sabab bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Mirshod ushbu vaqtda O‘zbekiston Respublikasi JK 168-moddasi (Firibgarlik)ning turli bandlari bilan ayblanib, 1 yil axloq tuzatish ishlari jazosining  6 oyu 17 kunini hali o‘tamagan bo‘lgan. Mazkur jinoiy hatti-harakatiga ko‘ra, u bir yilcha ilgari u «O‘zbekiston Temir yo‘llari» AJga qarashli «Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli» unitar korxonasi harbiylashtirilgan o‘t o‘chirish o‘qchilik komandasi o‘qchisi lavozimidan chetlatilgan bo‘lsa-da, avvaldan o‘ziga tanishi fuqaro Malik G‘aniyevni unitar korxonaga ishga joylashtirishga va’da berib, evaziga undan 1200 AQSh dollari undirib olgan bo‘lgan. Biroq, oradan ko‘p vaqt o‘tsa-da, Malik G‘aniyevga turli vajlar keltirib, uni ishga joylashtirish masalasini paysalga solib kelavergan. Malik G‘aniyev esa huquq-tartibot organlariga muroajaat qilishgan majbur bo‘lgan. Ushbu holat yuzasidan olib borilgan tergovga qadar surishtiruv ishlari davomida Mirshod Odilovning Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli» unitar korxonasidan bir necha oy ilgari ishdan bo‘shatilgani, Malik G‘aniyevga tegishli bo‘lgan 1200 miqdoridagi AQSh dollarini o‘z manfaatlari yo‘lida ishlatib yuborgani ochiqlangan.  Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudi hukmi bilan Mirshod bir yilga axloq tuzatish ishlari bilan jazolangan bo‘lgan.

«Aybdor har ikki jinoiy harakatlari oqibatini bila turib, qasddan sodir qilgan. Mirshod Odilovga xotini va qaynonasi salomatligiga jiddiy ziyon yektkazgani uchun 3 yil 7 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi»,— dedi sud raisi.

U tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o‘taydigan bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring