Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Shaytanat» serialidan zig‘ir oshi reklamasida foydalangan fuqaro jarimaga tortildi

«Shaytanat» serialidan zig‘ir oshi reklamasida foydalangan fuqaro jarimaga tortildi

Foto: Serialdan parcha

«Shaytanat» filmidan parchalarni hajviy tarzda dublyaj qilib, mualliflik huquqini poymol qilgan shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, muallif o‘z asarini, shu jumladan, nomini muallifning sha’ni va qadr-qimmatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday tarzda buzib ko‘rsatilishidan yoki har qanday boshqacha tarzda tajovuz etilishidan himoya qilish huquqi (muallif obro‘sini himoya qilish huquqi)ga ega. Shuningdek, asarni omma oldida ijro etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanishda asarning o‘ziga, nomiga va muallifning ismi-sharifi ko‘rsatilishiga biror-bir o‘zgartish kiritishga faqat muallifning roziligi bilan yo‘l qo‘yilishi belgilangan.

O‘z mahsulotini reklama qilish va xaridorlarni jalb qilishni ko‘zlagan B.M. bilan aksincha holat yuz bergan. Tadbirkor osh mahsulotini reklama qilish maqsadida «Shaytanat» kinoasari qahramonlari ovozlarini xaridor va buyurtmachilarni jalb qilish uchun montaj qilib, kinoasar qahramoni tilidan tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan hamda osh mahsulotini xarid qilishga chaqiruvchi videorolik tayyorlagan. Uni Telegramda muallif roziligisiz joylashtirgan.

«U ushbu harakati bilan "Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida"gi qonun talablari jiddiy ravishda buzilishiga yo‘l qo‘ygan. Qonunga binoan, faqatgina muallif asardan har qanday shaklda va har qanday usulda foydalanishda mutlaq huquqlarga ega bo‘lib, yuridik va jismoniy shaxslar asardan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan, shu jumladan, mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomaga binoan yoxud ular bo‘lmagan taqdirda, bu tashkilotlarning vazifalari va majburiyatlarini bajaruvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkinligi belgilangan. Muallif o‘z asaridan foydalanishning har bir turi uchun haq olish huquqiga ega bo‘lib, audiovizual asarni yoki fonogrammani daromad olmasdan faqat shaxsiy maqsadlar uchun asar muallifining, ijrochining, fonogrammani va audiovizual asarni tayyorlovchining roziligisiz, lekin ularga haq to‘lagan holda takrorlashga yo‘l qo‘yiladi», — deyilgan IMA bayonotida.

Mazkur huquqbuzarlikdan xabar topgan serial muallifi (Yodgor Sa’diyev) mutlaq mualliflik huquqlari buzilganligi, uning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazilganligi hamda ushbu huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarni aniqlash va ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan ta’sir-choralarni ko‘rishni so‘rab, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligiga murojaat etgan.

Agentlikning Intellektual mulk huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish bo‘limi tomonidan bayonnoma tuzilib, tegishli sud instansiyasi tomonidan huquqbuzar kinoasardan qonunga xilof ravishda foydalanganligi uchun O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 177 (1)-moddasi (Mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish) bilan ma’muriy javobgarlikka tortildi. Mazkur moddada ushbu huquqbuzarlikni sodir etgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha jarima jazosi tayinlanishi qayd etilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring