Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Qonunlar amaldorlarning harakatiga qarab yoziladigan jamiyat haqida

Qonunlar amaldorlarning harakatiga qarab yoziladigan jamiyat haqida

Foto: «Yhxbb.uz»

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyevning ma’lumot berishicha, Ichki ishlar vazirligi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish kiritish haqida taklif kiritibdi. Taklifda epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzib harakatlanayotgan transport vositalarini vaqtincha ushlab turish maqsadida jarima maydoniga joylashtirish tartibini joriy etish ilgari surilayotgan ekan.

Bu nima degani?

Bu shuni anglatadiki, bugungi qonunchilik bo‘yicha karantin qoidalarini buzganligi uchun transport vositalarini jarima maydonchasiga qo‘yish mumkin emas. Bu yangi tartibni endi qonunchilikka kiritishmoqchi.

Amaliyot

Ammo yurtimizda karantin cheklovlari joriy etilgan muddat davomida 26 mingdan ortiq avtomobillar karantin qoidalarini buzganligi uchun jarima maydonlariga olib kirilgan. Tasavvur qilyapsizmi, 26 mingdan oshiq!

Xulosa

Agar hali bunaqa qonun yo‘q bo‘lsa, unda demak, shu kunga qadar jarima maydonchasiga joylangan 26 mingta avtomobil qonunlarga xilof tarzda jarima maydonchasiga joylangan va fuqarolarga milliardlab zarar yetgan. Ular hech bir qonuniy asossiz jarima maydonchalari uchun to‘lov qilishga majbur bo‘lgan, mashinasiz qolib, ro‘zg‘orini boqa olmagan va boshqa ma’naviy-moddiy jabr chekishgan.

Bu narsa kimnidir o‘ylantiradimi? Bundan kimdir uyaladimi? Buni kimdir nazoratga oladimi? Buning uchun kimdir xalqdan uzr so‘raydimi? Bunaqa noqonuniy qaror qabul qilingani uchun kimdir javob beradimi?

Yoki hech narsa bo‘lmaganday, kelgan joyidan davom etib ketilaveradimi? «Xalqning xotirasi qisqa, hammasini unutadi» prinsipimi?

Sudning qarori

Balki, orangizda «O‘zingcha nimalar deb valdirayapsan, biror qonuniy asosi bo‘lmasa, 26 mingta bunaqa qaror qabul qilishmasa kerak, o‘zing qonunni noto‘g‘ri talqin qilayotgandirsan», degan fikrda bo‘layotganlar bordir. Mantiqan to‘g‘ri fikr.

Bunga javobim esa quyidagicha: Mirobod tuman ma’muriy sudining raisi shunga doir ishni ko‘rib chiqib, fuqaroning mashinasi jarima maydonchasiga qonunga xilof tarzda qo‘yilgan deb topgan edi. Sudning qarorida mana bunday gaplar bor:

«IIB YHXB inspektori Sh.Ataxatjayev va Mirobod tuman sanitariya-epidemiologiya nazorati inspektori D.Aymatovlar tomonidan o‘tkazilgan tadbirda, M.V. boshqaruvidagi transport vositasida yuqoridagi qonun talablariga zid ravishda jarima maydonchasiga qo‘yilishi, transport vositasi 7-maydan 27-maygacha – 20 kun mobaynida jarima maydonchasida saqlanishi, shuningdek u avtomashinasini jarima maydonidan olib chiqish uchun ortiqcha sarf-xarajat qilgani, sarson-sargardon bo‘lgani oqibatida uning huquq va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari qo‘pol ravishda buzilgan».

Sud fuqaroning foydasiga qaror chiqargan.

Mening gapim, balki, kimlar uchundir bir tiyinlik ahamiyatga ega emasdir, ammo sud qarori barcha uchun majburiy, buni tan olmaslikning iloji yo‘q. Xulosa o‘zingizdan.

P.S.: rivojlangan jamiyatlarda avval qonunlar chiqariladi, keyin amaliyot unga moslashtiriladi. Ammo avval fuqarolarning huquqlarini buzadigan qonunga xilof amaliyotni joriy qilib, keyinchalik uni qonunchilikka kiritadigan jamiyatda nimadir noto‘g‘ri ketyapti, bunisi aniq. Balki, jamiyatning rivojlanib ketmayotganining ko‘plab sabablaridan biri ham shudir, kim bilsin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring