Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pora taklif qilish — bu hali jinoyat degani emas!

Pora taklif qilish — bu hali jinoyat degani emas!

Foto: «ALTAYNEWS»

Huquq-tartibot idoralari esa bu harakatni qasddan jinoyatgacha olib bormoqda..., deyiladi  Toshkent shahridagi «EGIDA» advokatlik byurosi advokati Abdurahmon Hamidovning «Advokatnews.uz»da e’lon qilingan maqolasida.

Oxirgi vaqtlarda ommaviy axborot vositalarida turli soha xodimlariga pora berganlarning ushlangani to‘g‘risidagi ko‘plab xabarlar berila boshlandi. Misol uchun:

  • bosh veterinar vrach aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha javobgarligini yengillashtirish uchun prokuratura huzuridagi Departament xodimiga 1 mln. so‘m berayotganida ushlangan;
  • firma direktori tekshiruvda aniqlangan qo‘shib yozish holatlari bo‘yicha javobgarligini yengillashtirish uchun prokuratura tergovchisiga 300 AQSh dollarini berayotganida ushlangan;
  • fuqaro elektr tarmog‘iga noqonuniy ulangani uchun solingan jarima miqdorini kamaytirish evaziga Majburiy ijro Byurosi xodimiga 300 AQSh dollari berayotganida ushlangan va hokazo...

Endi shu o‘rinda ozgina mulohaza qilib ko‘raylik. Zero, davlat idoralarida oxirgi yigirma yil davomida korrupsiya juda kuchayib ketgani hech kimga sir emas. Shu davrda ko‘plab davlat idoralari mansabdor shaxslari tomonidan fuqarolar pora berishga majburlandi, oqibatda odamlar shu qing‘ir illatga o‘rganib qoldilar, oddiy xalq uchun o‘z muammolarini pora berish va tanish-bilish yordamida hal qilish tabiiy holga aylanib qoldi. Shu bois, ayniqsa, yuridik ma’lumotga ega bo‘lmagan oddiy fuqarolar hayotiy muammolari bilan biron mansabdor shaxs huzuriga borganlarida javobgarliklarini yengillashtirish yoki muammolarini byurokratik to‘siqlarsiz hal qilish evaziga (ushbu to‘siqlarni ham ular pora undirish uchun atay tashkil qilingan deb o‘ylaydilar) pora taklif qilishdan cho‘chimaydilar, bu o‘zlari uchun xavfli ekanini tushunmaydilar ham...

Qolaversa, aslida ham pora taklif qilish bu hali jinoyat emas. Qonunga ko‘ra o‘sha porani berish jinoyat hisoblanadi! Ya’ni jinoyat sodir etishni o‘z oldiga maqsad qilib, ushbu qilmishni rejalashtirayotgan fuqaroning bu harakatlari hali jinoyat hisoblanmaydi. Demak, bunday fuqaroni uchratgan, uning shu rejasidan xabar topgan mansabdor shaxs uni jinoyat ustida qo‘lga tushirish uchun bu niyatini amalga oshirishga atay undashi, yolg‘ondan bo‘lsa ham qo‘llab-quvvatlashi mumkin emas. Aksincha, ushbu jinoyatning oldini olish va unga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rishi lozim. Soddaroq qilib aytganda, mansabdor shaxs o‘ziga pora taklif qilgan fuqaroga u sodir etmoqchi bo‘lgan qilmishning huquqiy oqibatlarini hamda ushbu qilmish uchun qonunda belgilangan javobgarlikni tushuntirishi va taklif etilgan porani olishni rad etishi shart. Shunda fuqaro unga yana qaytadan pora taklif qilmaydi, muqarrar jinoyatdan saqlanib qoladi va u keyinchalik ham birovga pora taklif etmaydi.

Keyingi paytlarda boshlangan kampaniyada esa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari o‘zlariga taklif qilingan porani olishga rozilik berib, shu tariqa fuqarolarni jinoyat sodir etishga bevosita undab, ularni qiziqtirib, porani olish vaqti va joyini belgilab, so‘ng belgilangan vaqt va joyda yashirin videotasvir ostida ularni pora berayotganlarida daliliy ashyo bilan «ushlab», bunday ushlash tadbiri to‘g‘risida OAVda shov-shuvli xabarlar tarqatish bilan shug‘ullanayapti. Eng yomoni, pora bergan shaxslar javobgarlikka tortilmoqda, lekin pora berishga undagan va qiziqtirgan mansabdorlar kun «qahramon»lariga aylanib, javobgarlikdan chetda qolyaptilar.

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasining «Prokuratura to‘g‘risida»gi, «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi, «Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi qonunlari 2-moddasida, «Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida»gi va «Davlat soliq xizmati to‘g‘risida»gi qonunlari 3-4-moddalarida ushbu davlat idoralarining asosiy vazifalari belgilab qo‘yilgan bo‘lib, ushbu vazifalar qatoriga huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi masalalari kiritilgan.

Xo‘sh, huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi degan tushunchalar o‘zi nimani anglatadi?

Huquqbuzarliklarning oldini olish tushunchasining mazmuni — qilmish hali jinoyat hisoblanmagan, ya’ni fuqaro jinoyat sodir etishni o‘z oldiga maqsad qilib, ushbu qilmishni rejalashtirayotgan davrda unga yo‘l qo‘ymaslik, uning oldini olishdan iborat.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi — huquq-tartibotni saqlash hamda mustahkamlash, huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga barham berish, shuningdek huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish maqsadida qo‘llaniladigan huquqbuzarliklar profilaktikasining huquqiy, ijtimoiy, tashkiliy, tarbiyaviy va boshqa chora-tadbirlari tizimi.

Qolaversa, «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonunning 6-moddasida «Ichki ishlar organlarining xodimlariga kimnidir g‘ayriqonuniy harakatlarni sodir etishga bevosita yoki bilvosita qiziqtirish, ko‘ndirish, undash taqiqlanadi» deb aniq belgilab kuyilganiga alohida e’tibor berish lozim.

Shu o‘rinda aytish kerakki, pora taklif qilish holatlari to‘g‘risida rahbariyatga xabar berish va pora taklif qilgan fuqarolarni jinoyat ustida ushlash choralarini ko‘rish vazifasi prokuratura xodimlariga sobiq Bosh prokurorning tashabbusi bilan yuklatilgan edi. Bundan ko‘zlangan maqsad prokuratura tomonidan «korrupsiyaga qarshi faol kurash olib borilayotgani»ni davlat rahbariga ko‘rsatish bo‘lgandir balki.

Shulardan kelib chiqadigan bo‘lsak, bugun huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qonunlarga asosan yuklatilgan asosiy vazifalarini, ya’ni huquqbuzarliklarning oldini olish, ularga yo‘l qo‘ymaslik va ularning profilaktikasi bilan shug‘ullanish kabi ishlarni bajarish o‘rniga o‘zlari fuqarolarni jinoyat sodir etishga undab va qiziqtirib, qonunbuzilish holatlarini atay tashkil qilmayaptilarmi degan savol tug‘iladi.

Xullas, bunday noqonuniy uslublar bilan korrupsiyaga karshi «kurashish» amaldagi qonunchilik talablariga zid. Shu bois ushbu muammoni O‘zbekistondagi yurist olimlar, prokuratura, sud, adliya idoralarining mas’ul xodimlari va advokatlar muhokamasiga qo‘yish, bu borada ularning ham fikrlarini, munosabatlarini eshitib ko‘rish ayni muddao bo‘ladi deb uylayman, deb yozadi advokat.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring