Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Odamlar laqmami yoki firibgar — ustamon?

Odamlar laqmami yoki firibgar — ustamon?

Kollaj: «Xabar»

Bunaqa voqeliklar bo‘rttirilgan komediya yoki hangomada uchrashi mumkin. Chunki, aytsang hammayam ishonavermaydi-da. To‘g‘ri, folbinlar bor, folga ishonuvchilar ham serob. Biroq bu darajada odamlarni laqqa tushirish yoki kim nima desa ishonib ketaveradiganlar doim ham uchramasa kerak.

Yoshi qirqdan xatlagan, ikki bolaning onasi bo‘lmish bu ayol «odamlarning yo‘lini ochib» berardi go‘yo. Bunaqalarga ishonganlar nima deyiladi? To‘g‘ri topdingiz: laqma! Yo‘qsa, birovlarning baxt yo‘li «ochish»ga qodir ekansan, nega o‘zing berk ko‘chadansan, nega o‘zing sho‘rpeshonasan, degan gap xayoliga kelmasmidi?!

Sodda odamlar esa folbin uchun tayyor o‘lja.

Xullas, sirdaryolik Farida-folbin (ismi-shariflar o‘zgartirildi) odamlarning «koriga» yaraydigan hojatbaror o‘zicha. Tuzog‘iga tushganlar ham oz emas. Mana, bittasi: Manzura. Eri uyidan ketib qolganidan so‘ng o‘zini qo‘yarga joy topolmay yurgan kunlari kimdir tavsiya etdiki, Faridaga bor, bunaqa ishlarni «o‘xshatadi», deb. Bordi. Folbin: «tumorcha yasab beraman, keyin turmush o‘rtog‘ing uyingga qaytadi», deb darhol ishga kirishdi. Ichiga oddiy qog‘ozchalar tiqilgan tumor ham tezda tayyor bo‘la qoldi. O‘sha tumor va uyida «is» chiqarvorish Manzuraga besh yuz ming so‘mga tushdi. Biroq na tumorchaning «quvvatini» sezdi, na chiqarilgan «is»ning amaldagi natijasini?! Eridan darak bo‘lmadi baribir. Besh yuz ming so‘m «qulog‘ini ushlab ketgani» qoldi, xolos.

Bu orada xovoslik Nasiba degan ayol ham folbinga ro‘para bo‘lsami?! Farida uning ko‘ngliga g‘ulg‘ula solib qo‘ydi: «agar uyingda «is» chiqarmasang, eng yaxshi ko‘rgan farzanding vafot etadi! Keladigan «baloyu qazo»ning bahosi uch yuz ming so‘mgina ekan. Ordona qolsin shu pul, menga tinchlik kerak», deya Nasiba aytilgan summani naqd sanadi...

Keyingi «o‘lja» ham ko‘p kuttirmadi. Kelajakdagi baxtiyu taxtini bilishga kelgan Muhayyo folbinning bashoratidan o‘zidan ketay dedi. Agar u «is» chiqarmasa, o‘g‘li falokatga uchrab, og‘ir jarohat olar emish... Buning oldini olishning iloji bormi? Nega yo‘q? «Narzi» berilsa, kifoya — sadaqa raddi balo! Muhayyo salkam ikki yuz ming so‘mni jon-jon deb tutqazdi: bolamga balo urmasa bo‘ldi!

Mijoz ko‘paygani sari «balo»ni daf etish «stavka»siyam ko‘tarilib boraverdi: kimdir yarim million, kimdir bir million, yana kimdir ikki million so‘mlab pul tutqazdi folbinga. Sovg‘a-salom, «is» chiqarishga ketadigan xarajatlardan tashqari, albatta.

Farida-folbinning ishlari yomon emasdi-yu biroq hammayam uning «bashoratlari»ga laqqa tushavermaydi-da. Qolaversa, olmoqning bermog‘i, yemoqning qusmog‘i bor. Kelgan mijozlarning bitta xushyor chiqib qoldi-yu folbinning nayranglari fosh bo‘ldi. Natijada kimlarni laqqillatib pulini olgan bo‘lsa, hammasini qaytardi. Kamiga jinoiy javobgarlikka tortildi ham. To‘rt yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi aqlni yig‘ib, etakni yig‘ishtirishga yetsa kerak, axir?!

Zafar Pirimqulov,  
Xovos tumani IIB huzuridagi TB tergovchisi, leytenant

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring