Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda ko‘proq qanday huquqbuzarliklar sodir etilmoqda?

O‘zbekistonda ko‘proq qanday huquqbuzarliklar sodir etilmoqda?

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyida ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rilib chiqilgan ishlar tahlilini e’lon qildi.

Oliy mahkama rasmiy vakili Aziz Obidovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, o‘tgan davrda ma’muriy sudlar tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 12 159 ta ish ko‘rib chiqildi.  Buning natijasida 8 444 ta fuqaro va yuridik shaxslarning huquqlari tiklandi.

Shuningdek, ma’muriy sudlar tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida ko‘zda tutilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha 344 198 nafar shaxsga nisbatan 276 461 ta ish ko‘rib chiqildi. Jumladan, 209 453 nafar shaxsga nisbatan jarima, maxsus huquqdan mahrum etish, ma’muriy qamoqqa olish va O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqarib yuborish kabi ma’muriy jazolar qo‘llanildi.

Xo‘sh, ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlarning aksariyatini qanday huquqbuzarliklar tashkil etmoqda?

Tahlillarga ko‘ra, ishlarning aksariyatini avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish, soliq solinadigan ob’yektlarning hisobini olib bormaslik yoki kassa operatsiyalarini yuritish tartibini, shuningdek to‘lov intizomini buzish, haqorat qilish, mayda bezorilik, transport vositalarini mast holda boshqarish, yengil tan jarohati yetkazish, oz miqdorda talon-toroj qilish, yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik va transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar tashkil etadi.

Xususan, ma’muriy sudlar tomonidan transport vositalarini mast holda boshqarish hamda transport vositalari haydovchilarining va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlashi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 23 407 nafar shaxsga nisbatan 23 032 ta ish ko‘rib tamomlangan. Shundan 22 742 nafar shaxsga nisbatan jarima, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish va ma’muriy qamoqqa olish kabi ma’muriy jazolar qo‘llanildi.

Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 16 425 nafar shaxsga nisbatan 16 056 ta ish ko‘rib tamomlangan. Shundan 14 393 nafar shaxsga nisbatan jarima jazosi qo‘llanildi, 691 nafar shaxs esa transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilindi.

Ma’muriy sudlar tomonidan 170 980 ta ish, ya’ni barcha ishlarning 57,2 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan nazorat tartibida 2 657 ta shikoyat va protestlar ko‘rib chiqildi, shundan 513 tasi ish materiallari asosida o‘rganilib, quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlarning 275 tasi bekor qilindi va 41 tasi o‘zgartirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring