Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

IIB xodimi xorazmlik jurnalistning noutbugi va telefonini olib qo‘ydi

IIB xodimi xorazmlik jurnalistning noutbugi va telefonini olib qo‘ydi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zining o‘tkir qalami bilan tanilgan jurnalist, «Qishloq hayoti» gazetasi va «Mushtum» jurnali muxbiri Boltaboy Matqurbonovning shaxsiy noutbugi va telefoni IIB xodimlari tomonidan olib qo‘yilgan.

Davlatnazar Ro‘zmetov bir necha kundan beri o‘z buyumlarini qaytarib ololmay sarson bo‘layotgan jurnalist bilan suhbatlashgan:

— 21-iyul kuni meni qishlog‘imizdagi IIB tayanch punktiga chaqirtirishdi. U yerda o‘zini Qo‘shko‘pir tuman IIB xodimi Atabayev Doniyor deb tanishtirgan, fuqarolik kiyimidagi yigit mendan Mahmud Rajabov bilan qanday aloqam borligi haqida surishtirdi. Men unga shoir va jurnalist Mahmud Rajab bilan hamkasb sifatida do‘stona aloqam borligini bildirdim. Shundan keyin u bilan ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalarimni aniqlash uchun telefon va noutbukni ko‘rsatishimni so‘radi. Uyga borib, men ularga Mahmud Rajab bilan yozishmalarni barchasini ko‘rsatdim. Ular esa hech qanday hujjat ko‘rsatmasdan, noutbukni olib ketishlarini, ertaga IIBga borsam, qaytarib berishlarini aytishdi.

Men 23 iyul kuni Qo‘shko‘pir tuman IIBga bordim. Noutbukni so‘rasam, telefoningizni ham berishingiz kerak ekan, deb uni ham olib qo‘yishdi. Telefonim va noutbukni obdon tekshirib, ularda diniy ekstremizm bilan bog‘liq ma’lumotlar yo‘qligi haqida dalolatnoma tuzishdi, lekin menga nusxasini berishgani yo‘q!

Mendan tortib olingan narsalarni esa, endi Xorazm viloyat IIB tergovchisi Umrbek Yo‘ldoshevdan olishimni bildirishdi. Bir necha bor viloyat IIB binosiga mendan olingan shaxsiy buyumlarni olmoqchi bo‘lib bordim. Tergovchi hali menga keltirishmadi, deydi, Doniyor Atabayev men Umrbek Yo‘ldoshevga berdim deydi! Mening aybim nima bilmayman!

30 yildan ortiq umrimni yoshlarga ta’lim berish va jurnalistikaga bag‘ishladim. Xalqimizga va davlatimizga halol xizmat qildim! Faqat uyimizga IIB xodimlari kelib menga tegishli narsalarni olib ketishi oilamdagilarni xavotirga solib qo‘ydi. Ochig‘i, men o‘zim uchun qo‘rqmayman, yaqinlarimni siqilishidan xavotirlanaman, xolos! — deydi jurnalist.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring