Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hibsga olingan blogerga qo‘yilayotgan ayblov ochiqlandi. Biroq savollar yetarli...

Hibsga olingan blogerga qo‘yilayotgan ayblov ochiqlandi. Biroq savollar yetarli...

Foto: «azon.uz»

Andijonda bloger Jo‘rabek Qimizov hisbga olinganiga oid xabarlar tarqalgandi. Paxtaobod tuman ichki ishlar xodimlari tomonidan hibsga olingan 38 yoshli paxtaobodlik yigit (taksichilik bilan tirikchilik qiladi) firibgarlikda ayblanmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati «Xabar.uz»ga ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, J.Qimizov uch nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni jami 30 million so‘mga «chuv tushirganlik»da ayblanmoqda.  Ular o‘rtasidagi «oldi-berdilar» 2018-yilda bo‘lgani aytiladi.

Ta’kidlash joiz, «bloger ishi»ga oid ma’lumot qator savollar tug‘dirmoqda.

Birinchidan, «chuv tushgani» aytilayotgan fuqarolar ikki yildan beri jim yurib, uchchalasi turli manzilda istiqomat qilsa-da (ikki nafari Andijon shahrida istiqomat qiladi, bittasi Paxtaobodda ruyxatda tursa-da, Rossiyada ishlaydi),  deyarli bir vaqtning o‘zida  ichki ishlar organlariga murojaat qilgani ko‘ngilda ishtiboh tug‘dirmay qolmaydi.

Ikkinchidan, taqdim etilgan ma’lumotlarga qaraganda jinoyat ishi o‘tgan yilning 5-noyabrida Paxtaobod tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan qo‘zg‘atilgan. Oradan bir yarim oy o‘tib — 18-dekabr kuni J.Qimizov himoyachi ishtrokida gumon qilinuvchi tariqasida so‘roq qilinadi va o‘sha kuni «dastlabki tergov va suddan qochib yashirinishi mumkinligini inobatga olib», uning mamlakatdan chiqishiga taqiq qo‘yiladi. Shundan so‘ng: «...J. Qimizov bir necha marotaba dastlabki tergovga chaqirilishiga qarmasdan kelmaganligi, 10.01.2020-yilda Rossiya Federatsiyasiga chiqib ketgani» sababli «unga nisbatan 12.01.2020-yilda JKning 168-moddasi  3-qismi «b» bandi bilan sirtdan ayb e’lon qilingani» ta’kidlanadi.

Shu o‘rinda katta savol tug‘iladi: 2019-yilning 18-dekabr kuni mamlakatdan chiqishiga taqiq qo‘yilgan gumondor 2020-yil 10-yanavar kuni (oradan yigirma ikki kun o‘tib!) mamlakatdan qanday chiqib ketishi mumkin? Agar u «aylanma yo‘llar orqali» chiqib ketgan deyilsa, unga tirkalgan qilmish orasida chegarani noqonuniy buzganlik ayblovi yo‘q!

Bir-biriga zid bunday holatlar J. Qimizovga nisbatan sun’iy qidiruv e’lon qilish uchun kerak bo‘lganday, shubha uyg‘otmay qolmaydi. Zero, qidiruvdagi shaxsni qamoqqa olishda ortiqcha dahmaza yo‘q: qo‘lga tushgani hamono tiqib qo‘yiladi. Qolaversa, blogerni birov qidirib riyozat chekmagan ko‘rinadi. U IIBga chaqitirilgan, o‘z oyog‘ini bilan ostona xatlashi bilan «ichkari»ga olib kirib ketilgan...

Jo‘rabek Qimizov shu yilning 27-fevralidan beri hibsda saqlanmoqda.

Manbalarda u mahalliy hokimiyat mansabdorlari faoliyatini jiddiy tanqid qilishi bilan tilga tushgani aytiladi.

Eslatib o‘tamiz, bu Andijon viloyatida blogerlar bilan sodir bo‘layotgan yagona holat emas.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring