Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Harakatda qasd yo‘qmi, demak, tuhmat ham yo‘q!

Harakatda qasd yo‘qmi, demak, tuhmat ham yo‘q!

Foto: Google.com

Kuni kecha shov-shuv bo‘lib, bugun biroz paysaygan bo‘lsa-da, biroq bildirilayotgan munosabat sabab kun tartibidan tushmayotgan mavzu xususida biz ham ikki og‘iz gap aytsak, birov aybsitmas. Qolaversa, huquqshunos sifatida tomoshabin bo‘lib turishni o‘zimga ravo ko‘rmadim.

Xullas, gap yana O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi U. Alimovning vazifasidan ozod etilgani haqidagi xabarlar keyinroq tasdiqlanmagani-yu ayni holatga bildirilayotgan munosabatlar haqida.

O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi risi o‘rinbosari A. Rahmonovning tasdiqlanmagan xabarni tarqatgan shaxsni aniqlab javobgarlikka tortish xususidagi da’vatiga mutlaqo qo‘shilib bo‘lmaydi.

Nega?

O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 40-moddasi dispozitsiyasiga ko‘ra, tuhmat, ya’ni bila turib yolg‘on, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish huquqbuzarlik hisoblanadi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksi 139-moddasi dispozitsiyasiga ko‘ra, bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalarni shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin yoki nashr qilish, boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoxud ommaviy vositalari orqali tarqatish jinoyat hisoblanadi.

Demak, ma’muriy va jinoyat qonunchiligida tuhmatning barcha zaruriy belgilari sanab o‘tilgan bo‘lib, ular quyidagilardir:

1. Aybdor tarqatilayotgan ma’lumotlar yolg‘onligini avvaldan bilgan bo‘lishi kerak.
2. Tarqatilgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bila turib, uni qasddan tarqatgani inkor etib bo‘lmas dalillar bilan tasdiqlanishi shart.
3. Tarqatilgan xabarlarda shaxsni sharmanda qiluvchi, ya’ni sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi belgilar bo‘lishi lozim.

Ko‘rinib turibdiki, tuhmat bilan birovni ayblash qonunda belgilangan mana shu uchta shart bir vaqtning o‘zida huquqbuzarning harakatlarida mavjud bo‘lishi kerak.

Sub’yektiv tomondan tuhmat faqat to‘g‘ri qasd bilan sodir etiladi. Ya’niki, aybdor yolg‘on, sharmanda qiluvchi ma’lumotlarni tarqatayotganligini biladi va buni xohlaydi. Tuhmat bo‘yicha kvalifikatsiya qilishda zaruriy shart aybdorning tarqatayotgan ma’lumotlarning yolg‘onligini bilishi hisoblanadi. Shu bois, ma’lumotlarning tasdig‘ini topmasligi, ya’niki, yanglishish tuhmat bo‘yicha javobgarlikni keltirib chiqarmaydi.

Shuningdek, aybdor biror shaxs to‘g‘risida sharmanda qiluvchi ma’lumotlar tarqatgan bo‘lsa-yu, ushbu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelsa ham ushbu shaxsni tuhmatda ayblab bo‘lmaydi.

Basharti aybdor biror-bir shaxs haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatgan bo‘lsa-yu, unda o‘sha shaxsni sharmanda qiluvchi, ya’ni jabrlanuvchining sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi ma’lumotlar bo‘lmasa, uni tuhmatda ayblab, javobgarlikka tortib bo‘lmaydi.

Ommaviy axborot vositalarida muftiyni vazifasidan ozod qilingani va o‘rniga boshqa shaxs tayinlangani haqida xabarlar tarqatildi va keyinchalik, ushbu xabarlar o‘z tasdig‘ini topmadi. Bu xabarlarda muftiyning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi uydirmalar yo‘q. Qolaversa, qaysidir mansabdorning go‘yoki vazifasidan ozod etilgani haqidagi oddiy xabarlarni uning sha’ni, qadr-qimmatiga bog‘lab talqin qilinishidan ham mantiq ko‘rmayapman.

Mansabdorning ishdan ketgani yoki ketmaganiga keng jamoatchilik qanday fikr-munosabat bildirayotgani - butunlay masala. Bunga quruq axborot tusida xabar tarqatgan manbaning mutlaqo aloqasi ham, javobgarligi ham yo‘q.

Bahodir Sotvoldiyev,
huquqshunos

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring