Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Parda uchun jarima, nafaqa tayinlash muddatini uzaytirish va uch yillik majburiyat»: «Madad» NNT taklif berdi

«Parda uchun jarima, nafaqa tayinlash muddatini uzaytirish va uch yillik majburiyat»: «Madad» NNT taklif berdi

Hukumat qaroriga ko‘ra, «Madad» huquqi maslahatlar muassasasining asosiy vazifalaridan biri sifatida, fuqarolarlarning huquqiy masalalardagi murojaatlarini tahlil qilib, amaldagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish belgilangan.

Shunga ko‘ra, muassasa tomonidan fuqarolardan kelib tushgan ko‘plab savollar tahlil qilindi hamda ayrim qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlandi.

Avtomobilga parda o‘rnatganlik uchun 5 mln so‘m jarima adolatdanmi?

O‘zbekiston havoning issiqlik darajasi juda yuqori bo‘lgan hudud hisoblanadi. 

Shunga ko‘ra, ko‘pchilik avtotransport vositasi haydovchilari yoz oylarida quyoshning issiq nurlaridan himoyalanish maqsadida, avtomobilning orqa yon oynalariga parda o‘rnatishga majbur bo‘ladi.

O‘z navbatida, avtomobilning orqa yon oynalariga parda o‘rnatish hozirgi amaliyotda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 126-moddasiga asosan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Bunda haydovchilar avtomobilning orqa yon oynalariga parda o‘rnatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari miqdorida jarimaga, xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining qirq baravari miqdorida jarimaga tortiladi.

Muassasaga kelib tushgan ko‘plab murojaatlar, bu holat aholi o‘rtasida turli xil tushunmovchilik va norozichiliklarga sabab bo‘layotganligini ko‘rsatmoqda.

Jumladan, MjTKning 126-moddasi tahririga e’tibor beradigan bo‘lsak, unda texnik reglamentga muvofiq bo‘lmagan ko‘zgusimon va (yoki) tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali transport vositalaridan, xuddi shuningdek, haydovchining o‘rnidan tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qo‘shimcha narsalar o‘rnatilgan yoki qoplamalar surtilgan transport vositalaridan foydalanganlik uchun javobgarlik belgilangan.

Aslida, avtomobil haydovchilarini orqa yon oynalarga parda o‘rnatib olganlik uchun MjTKning 126-moddasi bilan bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan qirq baravarigacha jarimaga tortilishi amaliyotda isbot va dalil talab qiladigan nizoli masala hisoblanadi.

Chunki, MjTKning 126-moddasida «qo‘shimcha narsalar» degan tushunchaga izoh berilmagan va bunday narsalar nimalardan iborat ekanligiga aniqlik kiritilmagan. Shuningdek, bunday nizoli holatda avtomobil haydovchilarini bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari miqdorida, ya’ni bugungi kun hisobida 5 mln 575 ming so‘mga jarimaga tortilishi qanchalik to‘g‘ri va adolatli bo‘ladi?

Qolaversa, avtomobilning orqa yon oynalariga parda o‘rnatishni haydovchining o‘rnidan tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan holat sifatida bir tomonlama baholanishi asossiz hisoblanadi.

Bundan tashqari, shaxsiy avtomobil vositalariga parda o‘rnatishni ta’qiqlash mulk huquqi qoidalariga ham ziddir. Chunki, fuqarolik huquqi qoidalariga muvofiq, shaxsda mulk huquqi vujudga kelishi uchun, ashyoga nisbatan egalik qilish, foydalanish va uni tasarruf etish elementlari vujudga kelgan bo‘lishi kerak.

Ushbu tahlil natijasiga ko‘ra, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 126-moddasiga asosan avtotransport vositasi haydovchilarini avtomobilning orqa yon oynalariga parda o‘rnatganlik uchun jarima jazosiga tortish amaliyotini bekor qilish taklif etiladi.

Nafaqa va moddiy yordam tayinlash muddatini uzaytirish – ortiqcha rasmiyatchilikni oldini oladi

Muassasaga fuqarolardan bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam ajratilishi to‘g‘risida kelib tushayotgan murojaatlar tahlili natijasida ham bir qator muammolar aniqlandi.

Masalan, Hukumat tomonidan kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan, bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam 6 oy muddatga, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa esa – 12 oyga tayinlanishi belgilangan.

Odatda, ushbu muddat o‘tgandan keyin fuqarolar bolasiga nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash muddatini yana shu muddatga uzaytirishni so‘rab fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huzuridagi maxsus komissiyaga takroran murojaat qilishga majbur bo‘ladi.

Murojaatlarning tahlili shuni ko‘rsatadiki, aynan shu bosqichda ijtimoiy yordamga muhtoj fuqarolar ayrim byurokratik to‘siqlarga duch keladi, bu esa o‘z navbatida ular uchun ortiqcha ovoragarchiliklarni keltirib chiqaradi.

Bundan tashqari, Mehnat kodeksining 234-moddasiga e’tibor beradigan bo‘lsak, unda homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin ayolning xohishiga ko‘ra, bolasi ikki yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ta’til berilib, bu davrda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nafaqa to‘lanishi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish hamda Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan nizomda esa, bola ikki yoshga to‘lgunga qadar oylik nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi budjet tashkilotlarida ishlovchi onalarga tatbiq etilmasligi ko‘rsatilgan.

O‘z navbatida, mehnat kodeksida ayollarga bolasi ikki yoshga to‘lgunga qadar nafaqa to‘lanishi belgilangan bo‘lsa-da, mutasaddi vazirliklar tomonidan tasdiqlangan nizomda esa bola ikki yoshga to‘lgunga qadar to‘lanadigan nafaqa budjet tashkilotlarida ishlovchi onalarga tatbiq etilmasligi ko‘rsatilgan.

Mazkur qonun hujjatlari o‘rtasida yuqorida qayd etilgan ziddiyatlarning mavjudligi, ularni mutasaddi idora va tashkilotlar tomonidan amaliyotda qo‘llashda har xil talqin qilishga olib keladi.

Ushbu tahlillardan kelib chiqib, yuqorida qayd etilgan qonun hujjatlariga, ulardagi ziddiyatlarni bartaraf etish hamda ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarga nafaqa tayinlash va uning muddatini uzaytirishda ortiqcha rasmiyatchiliklarni oldini olish maqsadida o‘zgartirishlar kiritilishi, shu jumladan, bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam tayinlash muddatini bir yo‘la 6 oydan 12 oyga, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa tayinlash muddatini esa 12 oydan bola ikki yoshga to‘lgunga qadar uzaytirilishi taklif etiladi.

Uch yil ishlab berish majburiyati – erkin kasb tanlash va bilim olish huquqini cheklab qo‘ymaydimi?

Oliy ta’lim muassasasi bitiruvchilaridan kelib tushgan ba’zi murojaatlar, bu sohadagi ayrim qonun hujjatlaridagi muammolarni bartaraf etish zaruratini ko‘rsatmoqda.

Jumladan, 2005 yilda mutasaddi vazirliklar qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan «Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risida»gi nizomda, barcha ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha davlat grantlari asosida tahsil olgan oliy ta’lim muassasalari bakalavr va magistrlari majburiy tartibda kamida uch yil ishlab berish sharti bilan ta’lim muassasalariga, korxona va tashkilotlarga ishga taqsimlanishi belgilangan.

O‘z o‘rnida, bundan 15 yil avval tasdiqlangan ushbu nizomni amaliyotda qanday samara berganligi nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish zarur deb hisoblaymiz.

Xususan, oliy ta’lim muassasasini davlat granti asosida tugallagan va keyingi ta’limni chet elda davom ettirish niyatida bo‘lgan talaba, chet davlatga o‘qishga kirishi uchun bakalavr yoki magistrlik diplomining asl nusxasi taqdim etilishi talab qilinganda, bunday imkoniyatga ega emas.

Chunki, kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risidagi nizomda, bitiruvchi mazkur nizom talablari asosida taqsimot bo‘yicha uch yil ishlab bergandan keyin unga oliy ta’lim muassasasi tomonidan bir hafta muddatda mehnat daftarchasiga muvofiq diplomning asl nusxasi berilishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasasini davlat granti asosida tugallagan talabalarga uch yil davomida taqsimotda belgilangan korxona va tashkilotlarda ishlab berish majburiyatini yuklab qo‘yilishi, ularning o‘z xohish va istagiga muvofiq kasb tanlashga bo‘lgan huquqini cheklab qo‘yadi.

Qolaversa, mazkur tartib O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan har kim erkin kasb tanlash va bilim olish huquqiga ega degan konstitutsiyaviy normaga ham ziddir.

Ushbu asoslarga ko‘ra, 2005 yilda kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan ushbu tartibni bekor qilish taklif etiladi.

To‘lqin Tursunov,
«Madad» – muassasa shaklidagi nodavlat
notijorat tashkiloti ijrochi direktori

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring