Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Angren IESga yarim milliarddan ko‘proq kompensatsiya to‘lovi belgilandi

Angren IESga yarim milliarddan ko‘proq kompensatsiya to‘lovi belgilandi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan «Angren issiqlik elektr stansiyasi» (Angren IES) faoliyati tekshirildi.

Tekshiruv davomida korxonaning 1- va 3-manbalaridan atmosfera havosiga tashlanayotgan tashlamalar tarkibini o‘rganish bo‘yicha tahlil namunalari olindi. Natijada 1-manbada uglerod oksidi belgilangan me’yordan 4,37 barobar (8,3209 g/s (1,9022 g/s), azot oksidi 7,68 barobar (31,7488 g/s (4,1321 g/s), 3-manbada esa azot oksidi me’yordan 15,24 barobar yuqori ekanligini (42,3119 g/s (2,7757 g/s) ma’lum bo‘ldi.

Holat bo‘yicha 2023 yil 4-choragi va 2024 yil yanvar-fevral oylarida atmosfera havosiga tashlanadigan tashlamalar me’yoridan oshganligi uchun qo‘shimcha ravishda 140 million 781 ming 348 so‘m kompensatsiya to‘lovi belgilandi. Shuningdek, IESga 2022–2023 yillardagi faoliyati davomida atmosfera havosiga tashlangan tashlamalar va ko‘mir kuli chiqindisi uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 apreldagi 202-sonli qaroriga asosan hisob-kitob qilinganligi ko‘rib chiqilganda, korxonaning chang-gaz tozalash uskunalari samaradorligi hisobga olinmaganligi sababli 2022 yil uchun qayta hisob-kitob qilindi va qo‘shimcha ravishda 263 million 739 ming 791 so‘m va 2023 yil uchun qo‘shimcha ravishda 129 million 162 ming 386 so‘m kompensatsiya to‘lovi hisoblandi.

Korxonaga nisbatan atmosfera havosiga yetkazilgan zarar uchun jami 533 million 683 ming 525 so‘m kompensatsiya to‘lovi belgilandi.

Bundan tashqari, tekshiruv ishlariga to‘sqinlik qilgan Angren IES xodimi D.M.ga nisbatan MJtKning 197-moddasi prim 6-qismi bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, hujjatlar sudga yuborish uchun tayyorlanmoqda.

Ma’lumot uchun, avvalroq Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi tomonidan Yangi Angren IES faoliyati tekshirilgan va atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli moddalar belgilangan me’yorlarga nisbatan yuqori ekanligi, shuningdek, chang-gaz tozalash uskunalari talabga javob bermasligi aniqlangandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring