Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda yo‘l talashgan shaxslar mushtlashdi

Toshkentda yo‘l talashgan shaxslar mushtlashdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘yliq dahasida bir guruh shaxslar o‘rtasida mushtlashuv sodir bo‘lgani tasvirlangan video tarqaldi. Toshkent shahar Mirobod tumani hokimligi holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Mirobod tumani IIO FMB 4-sonli IIB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, mazkur hodisa 12 noyabr kuni sodir bo‘lgan.

20 yashar fuqaro X.V. o‘z tanishlari 23 yoshli M.B. va 18 yoshli M.A.lar bilan Spark rusumli avtomobilda Munis ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib, Qo‘yliq-5 dahasiga ketayotgan vaqtlarida, 34 yoshli A.B. boshqaruvida bo‘lgan Nexia-3 rusumli avtomobil bilan bir-biriga yo‘l bermay, o‘rtada kelishmovchilik yuzaga kelgan.

Sparkdagi yo‘lovchilar — M.B va M.A. hamda Nexia-3 haydovchisi A.B va uning sherigi 21 yoshli Y.M o‘zaro gap talashib, janjallashgan. Janjal Spark haydovchisi — X.V. tomonidan videoga olinib, ijtimoiy tarmoqlarga joylangan.

Hodisa oqibatida Spark yo‘lovchilaridan biri — M.B. Toshkent davlat stomatologiya klinikasiga murojaat etgan. Shifokorlar tomonidan fuqaroga yuqori lab sohasi ezilishi va yirtilishi, shuningdek, chap yonoq sohasi shilinishi tashxisi qo‘yilgan.

Janjalda ishtirok etgan qolgan fuqarolar tan jarohati olmagan. Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB tomonidan Jinoyat kodeksining 227-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring