Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tez yordam»ga yo‘l bergan haydovchining jarimasi bekor qilindi

«Tez yordam»ga yo‘l bergan haydovchining jarimasi bekor qilindi

Foto: «Xabar.uz»

Kundan kunga poytaxtimiz yo‘llari serqatnov bo‘lib, avtotransport vositalari harakati ortib bormoqda. Tabiiyki, bu holat haydovchilardan atrofdagi jarayonlarga yanada e’tiborli bo‘lishni taqozo etadi.

Ayniqsa, ertalabki va kechki tig‘iz paytlarda shofyorlarning har qachongidan-da xushyor va sinchkov bo‘lishi juda muhim. Boisi ayni shu vaqtda «Tez yordam» mashinasi qaysidir yurtdoshimizning hayotini saqlab qolish, dardiga malham bo‘lish uchun shifoxonaga shoshayotgan bo‘lishi mumkin.

Afsuski, ko‘p hollarda ba’zi haydovchilar «103» avtomashinasi chaqiruv signalini yoqib tursa-da bunga parvo qilmaydi. Ayrim fuqarolar esa «Tez yordam»ga yo‘l bersa, jarima qog‘ozi kelishidan xavfsiraydi. Vaholanki, qonunchilikka ko‘ra, maxsus imtiyozli avtomashinalarga taqiqlangan belgida yo‘l bergan shofyorlar jarimaga tortilmaydi.

Kuni kecha poytaxt ko‘chalarining birida ana shunday holat kuzatildi. Haydovchi Chilonzor tumani Katta Hirmontepa ko‘chasi 48-uy qarshisida svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘ida o‘zining «Cobalt» rusumli avtomobilida to‘xtab turgan payt ortdan kelgan «Tez yordam» avtomashinasiga qoidani buzib bo‘lsa-da yo‘l bergan.

Oradan ikki kun o‘tgach, uning yashash manziliga jarima qog‘ozi borgan.

— Maxsus baza orqali tekshirilganda ushbu fuqaro o‘z avtotransport vositasida svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘ida to‘xtab turgan vaqt «Tez yordam» avtomashinasiga yo‘l bergani aniqlandi, — deydi Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot kotibi Qahramon Xudoyberganov. — Shu sababli holat o‘rganilib, haydovchi qoidani buzgan bo‘lsa ham jarima jazosi o‘rnatilgan tartibda bekor qilindi. Shuningdek, o‘z fuqarolik burchini vijdonan bajargan ushbu fuqaro boshqarmamiz tomonidan taqdirlandi.

Shunday ekan barcha haydovchilardan yo‘llarda doimo e’tiborli bo‘lishlarini va maxsus tovushli signallar bilan yaqinlashib kelayotgan imtiyozli transport vositalariga yo‘l berishlarini so‘rab qolamiz, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring