Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

SSV: Alkogol mahsulotlari koronavirusdan saqlay olmaydi

SSV: Alkogol mahsulotlari koronavirusdan saqlay olmaydi

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan aholining sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilishi va profilaktik choralar ko‘rish borasida SMS-xabarnomalar yo‘llash tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Ularda asosan, qo‘llarni tez-tez yaxshilab yuvish, shamollagan odamlar bilan muloqot qilmaslik, yuzni qo‘l bilan ushlamaslik, jamoat joylarga borishni kamaytirish, yo‘talganda va aksirganda og‘iz va burunni yopish kabi oddiy, ammo muhim gigiyenik qoidalar berib borilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berishicha, ushbu SMS-xabarlarni noto‘g‘ri talqin qilish, mazmunini sun’iy ravishda o‘zgartirib berish orqali aholi orasida vahima uyg‘otayotganlar ham uchramoqda.

Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda vazirlik nomidan «koronavirusdan saqlanish uchun alkogol mahsulotlarini tez-tez iste’mol qilish lozim» mazmunidagi xabarlar tarqatilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bunday SMS-xabar yuborilmagani va bu mutlaqo yolg‘onligi ma’lum qilindi. Mutaxassislarning yakdil xulosasiga ko‘ra, alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish koronavirus infeksiyasidan saqlay olmaydi.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytga qadar mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq birorta holat qayd etilmagan. Shu o‘rinda Sog‘liqni saqlash vazirligi yana bir bor aholidan ortiqcha sarosimaga tushmagan holda shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishlarini so‘rab qoladi, deyiladi SSV xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring