Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqandda yana bir yangilik: «Info-kioska»!

Samarqandda yana bir yangilik: «Info-kioska»!

Foto:«Xabar.uz»

Samarqand shahri aholisi va shahar mehmonlari shaharda ajoyib yangilikka guvoh bo‘ldilar. «Vendo» kompaniyalar guruhi Samarqand viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti bilan hamkorlikda o‘zlari ishlab chiqqan yangi «Info-kioska»– «Ma’lumotlar uychasi»ni taqdim qilishdi.

Ko‘rinishi  ixcham va qulay «uychalar» endilikda  o‘tmishda qolib ketgan «telefon budkalari» o‘rnini egallaydi.

«Info-kioska»da o‘rnatilgan telefondan O‘zbekiston bo‘ylab istalgan raqamga bepul qo‘ng‘iroq qilishingiz, u yerda o‘rnatilgan  bepul «Wi-Fi»dan ham foydalanishingiz mumkin. Shuningdek, u bir vaqtning o‘zida ma’lumotlar markazi bo‘lib ham xizmat qiladi. Sayyohlar bu «uychalar»dan o‘zlarini qiziqtirgan shahar xaritasi, avtobuslar qatnovi, do‘konlar, oshxonalar, ziyoratgohlar joylashuvi kabi ma’lumotlarni olishi, shuningdek, O‘zbekiston hududidagi tanishlariga, «Tez yordam»ga, turizm politsiyasi va sayyohlarga yordam markaziga qo‘ng‘iroq qilishlari, «Wi-Fi»dan ham foydalanishlari mumkin.

Shahridagi maktablardan birining yoniga o‘rnatilgan ilk «Info-kioska»ni birpas kuzatdik va bu avvalo maktab o‘quvchilarida katta qiziqish uyg‘otganiga guvoh bo‘ldik. Shu o‘rinda ayrim savollar tug‘ildi va ularni  «Vendo» kompaniyalar guruhi rahbari Xayrulla Mamasoliyevga berdik:

– «Info-kioska»da qo‘ng‘iroq qilish tekin bo‘lsa, yosh bolalar  u yerga «tanda qo‘yishmasmikan»?

– Avvalo, «Info-kioska»ni maktab yoniga qo‘yganimizning sababi shuki, darsi ertaroq tugagan o‘quvchi unga kirib, ota-onasini ogohlantiradi. O‘z telefoni bo‘lmagan o‘quvchilar uchun bu qulay imkoniyat. To‘g‘ri, hozir bolalar uchun bu  imkoniyat ermakka o‘xshashi mumkin, biroq vaqti-soati yetib, faqat zarur hollardagina unga murojaat qiladigan bo‘lishadi. Ungacha ayrim cheklovlar va nazorat ishlarini joriy qilamiz. Masalan, hozircha qo‘ng‘iroq muddatini uch daqiqadan  oshmaydigan qilib qo‘yamiz...

– Uch daqiqadan gaplashishsa ham kun bo‘yi qilingan qo‘ng‘iroqlarning xizmat haqi anchagina bo‘lib qoladi-ku, uning pulini kim to‘laydi?

– Shu tashabbus bilan chiqdikmi, xarajati ham zimmamizda bo‘ladi: qo‘ng‘iroqlar va «Wi-Fi» xizmati pulini «Vendo» kompaniyalar guruhi to‘laydi. Bepul «Wi-Fi» tashkil qilganimiz uchun taqdim etiladigan chegirmalardan ham foydalanimiz. Muhimi, shahrimizga keladigan sayyohlar soni oshishiga, yaxshi taassurotlar bilan qaytishiga erishsak bo‘lgani.

– Kelgusi rejalar?

– Mana shunday «Info-kioska»lardan sayyohlik mavsumi boshlangunga qadar 200 tasini o‘rnatishni rejalashtirganmiz. Samarqand viloyat Turizmni rivojlantirish departamenti bilan hamkorlikda shahrimiz ko‘chalari yangicha chiroy kashf qilishiga harakat qilamiz.

...Tashkilotchilarga tashakkurlar aytib, maqolani «Wi-Fi»dan foydalangan holda tahririyatga yuborish uchun men ham «Info-kioska»ga kirdim.

Karimberdi To‘ramurod

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring