Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qo‘qonlik kirakash qotillik qurboni bo‘lgan! Bosh prokuratura buni tasdiqladi

Qo‘qonlik kirakash qotillik qurboni bo‘lgan! Bosh prokuratura buni tasdiqladi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Bir necha kundan buyon ijtimoiy tarmoqlarda «Qo‘qon-Toshkent» yo‘nalishida kira bilan shug‘ullanuvchi shaxs bedarak yo‘qolgani, oradan bir necha kun o‘tib, uning jasadi Ohangaron tumanidan topilgani haqida xabarlar aylanmoqda.

Bosh prokuratura holatga oydinlik kiritdi: mazkur shaxs Qo‘qonga tutash Dang‘ara tumanidan bo‘lib, darhaqiqat, u qotillik qurboniga aylangan.

Mahkama matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, 2020-yil 6-yanvar kuni Farg‘ona viloyati, Dang‘ara tumanida istiqomat qiluvchi B.Davidova Ohangaron tuman prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilib, unda 1962 y.t. turmush o‘rtog‘i K.Yuldashev (1962 y.t.) 2020 yil 5 yanvar tushdan keyin oq rangli «Kobalt» rusumli (davlat raqami 40Z075RA) avtomashinada «Qo‘qon-Toshkent» yo‘nalishi bo‘ylab kira qilish maqsadida uyidan chiqib, shu bo‘yicha qaytmaganini bildirib, uni topishda amaliy yordam berishni so‘ragan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida bedarak yo‘qolgan K.Yuldashev  2020-yil 5-yanvar kuni soat 23:00larda Toshkent shahar Bektemir tumanidagi «Vodiy» avtobekatidan Dang‘araga qaytish uchun yo‘lga chiqqani, soat 23:52da esa uyali telefoni orqali qizi bilan gaplashib, Ohangarondan Beshariq tumaniga yo‘lovchi olib qaytayotganligini ma’lum qilgani aniqlandi. Shundan keyin uning telefoni o‘chirilib, uyiga yetib bormagan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 2020-yil 7-yanvar kuni soat 18:00 larda K.Yuldashev boshqaruvidagi «Kobalt» avtomashinasi Ohangaron shahar Yangiobod mahallasidan topildi.

Hodisa joyi va avtomashina ko‘zdan kechirilib (avtomashina saloni va yukxonasidan), qonga o‘xshash qizg‘ish dog‘lardan namunalar va o‘rindiq jildlari ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Ushbu holat yuzasidan 2020-yil 7-yanvar kuni Ohangaron shahar prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi «i» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.

Jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari jarayonida K.Yuldashevning murdasi (2020 yil 8 yanvar kuni) uning avtomashinasi topilgan joyidan 18 km.da uzoqlikda, ya’ni Ohangaron tumani, Telov mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi «Angren» daryosi ustidan o‘tuvchi «Nurobod-Telov» avtomobil yo‘lidagi ko‘prikdan o‘ng tomonda, daryo o‘zani chap tomonidagi chakalakzordan topilgan. Murda yalong‘och holatda bo‘lib, badanining oldi tarafida 7 marotaba, orqa tomoniga 7 marotaba o‘tkir tig‘li jism bilan yetkazilgan tan jarohatlari borligi aniqlangan.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasida K.Yuldashevning o‘limi qo‘shma jarohat: bosh miya yopiq jarohati, ko‘krak old-orqa va yonbosh, qorin sohalarida ko‘plab sanchilib kesilgan jarohatlari oqibatida kelib chiqqan tashqi va ichki qon ketishi natijasida yuzaga kelganligi ko‘rsatilgan.

Hozirda jinoyatni fosh etish choralari ko‘rilmoqda.

Jinoyat ishi Bosh prokuratura nazoratida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring