Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ota-onasining ko‘z o‘ngida kaltaklangan fuqaro ishi» bo‘yicha munosabat bildirildi

«Ota-onasining ko‘z o‘ngida kaltaklangan fuqaro ishi» bo‘yicha munosabat bildirildi

Foto: Kun.uz

Joriy yil 3 noyabr kuni shahrisabzlik 33 yoshli Yunus Yorboboyevni bir guruh notanish kishilar ko‘chada to‘xtatib, ayovsiz kaltaklashgani haqida OAVda xabar berilgandi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati bu xabarga munosabat bildirdi.  

Unda qayd etilishicha, 2020 yil 3 noyabr kuni soat 12-30 larda Yorboboyev Yunus «Neksiya-2» rusumli avtomashinasida «Yangi Kesh» bozori yonidan burilib, 30 metr harakatlanib borib, yo‘lning chap tomonidagi avtomashinalar turar joyiga kirish uchun to‘xtab turgan Uzoqov Obidjon boshqaruvidagi «Spark»ni orqa tomonidan urib yuboradi. Oqibatda faqatgina avtomashinalarga shikast yetadi. 

Haydovchilar Yu. Yorboboyev va O. Uzoqovlar avtomashinadan tushib, o‘zaro gaplashib turganida o‘tkinchi Bo‘riyev Jasurbek ularning oldiga kelib, «o‘zaro kelishinglar, hozir YXHB xodimlari kelib, ikkalaringni ham olib ketadi» deb aytadi.

Shu vaqtda Yu. Yorboboyev hamda J. Bo‘riyev o‘rtasida janjal chiqadi va J. Bo‘riyev qo‘lidagi «Coca-cola» ichimligining shishasi bilan Yu. Yorboboyevning boshiga urib, tan jarohati yetkazadi.

Natijada Yu. Yorboboyev tan jarohati olib, Kitob tumani Tibbiyot birlashmasi Shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga murojaat qilib, davolanish uchun yotqizilgan. 

Kitob tumani Tibbiyot birlashmasi shifokori A. Yusupov tomonidan 3 noyabr kuni berilgan ma’lumotnomada Yu. Yorboboyevning tanasida: yopiq kalla miya shikasti, bosh miya chayqalishi, boshni tepa sohasida yumshoq to‘qimalarni lat yeyishi ko‘rinishida tan jarohatlari borligi ko‘rsatilgan. 

Ushbu holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, 11 noyabr kuni Yu. Yorboboyev shifoxonadan chiqqanligi sababli sudga oid tibbiy ekspertiza ko‘rigidan o‘tkazilgan. 

To‘plangan hujjatlar Shahrisabz shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi ish yurituvida bo‘lib, sudga oid tibbiy ekspertiza xulosasi olingach, xulosaga ko‘ra jinoyat ishi qo‘zg‘atish yoki qo‘zg‘atmaslik masalasi ko‘rib chiqiladi, – deyiladi hokimlik xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring