Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Olmaliqda o‘quvchi qizning o‘limiga sababchi bo‘lgan 19 yoshli yigitga hukm o‘qildi

Olmaliqda o‘quvchi qizning o‘limiga sababchi bo‘lgan 19 yoshli yigitga hukm o‘qildi

Foto: «zametka.uz»

Shu yilning may oyida Damas haydovchisi svetoforning qizil chirog‘iga to‘xtamay, ikki o‘quvchi qizni urib yuborgan, ulardan biri 9 kun o‘tib shifoxonada vafot etgan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmaliq shahar sudi mazkur ishni ko‘rib chiqib, haydovchisiga nisbatan hukm chiqardi.

«Almalikskiy rabochiy» gazetasi xabar berishicha, 15 may kuni soat taxminan 07:50 larda 19 yoshli S. Xidirov otasiga tegishli Damas avtomobilida Tinchlik ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan bo‘lgan. 21-maktab hududida svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga e’tibor bermay, harakatlanishda davom etib, piyodalar o‘tish joyidan ko‘chani kesib o‘tayotgan 2009 yilda tug‘ilgan ikki nafar 7-sinf o‘quvchisini urib yuborgan. Qizlar turli darajadagi tan jarohatlari bilan Olmaliq markaziy shifoxonasiga yetkazilgan.

Bosh suyagi ochiq jarohati, bosh suyagi asosi sinishi, miyaga qon quyilishi, qorin bo‘shlig‘i shikastlanishi, tos suyagi o‘ng tomonining sinishi, miya shishi, ko‘plab jarohatlar va butun tanasida gematomalar olgan qizlardan biri to‘qqiz kundan keyin kasalxonada vafot etadi.

Sudda sudlanuvchi o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. Sud uni O‘zbekiston JKning 266-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, 6 yil muddatga manzil-koloniyada ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring