Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda muxbir pichoqlab ketildi

Buxoroda muxbir pichoqlab ketildi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Taftish.uz axborot agentligining Buxorodagi muxbiri pichoqlab ketildi» sarlavhasi ostida xabar tarqaldi. Ushbu xabarda «O‘lmas To‘layev jurnalistik faoliyati uchun pichoqlab ketilgan bo‘lishi mumkin» deyilgan.

Shofirkon tuman IIB huzuridagi TG  tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida esa O‘lmas To‘layevning yer masalasidagi o‘zaro mojarolar sabab avvaldan shaxsiy kelishmovchiligi bor shaxs tomonidan pichoqlab ketilgani aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, 2024-yil 5-fevral kunidan 6-fevral kuniga o‘tar kechasi, soat taxminan 00:30 larda fuqaro O‘lmas To‘layev Shofirkon tumani «Bobohaydar» MFY Regiyon qishlog‘ida joylashgan «Alligator» nomli tungi klubda pichoqlab ketilgan. Holatga ko‘ra,  O‘lmas To‘layev o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan va ancha yillardan buyon yer masalasida kelishmovchiligi mavjud fuqaro A. A. bilan o‘zaro janjallashgan.

Shofirkon tuman IIB ma’lumotiga ko‘ra, O‘lmas To‘layev A.A.ning shaxsiyatiga tegib, uni nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilgan. Jahllangan A.A. o‘ziga tegishli avtomashinadan oshxona pichog‘ini olib chiqqan va O‘lmas To‘layevning qorin qismiga bir marotaba urib, qasddan tan jarohati yetkazgan.

Shofirkon tuman Tibbiyot birlashmasining 06.02.2024 yildagi tibbiy ma’lumotnomasiga ko‘ra, O‘lmas To‘layevning  «qorin boshlig‘iga kirib borgan kesma yara» og‘ir tan jarohati olgani aniqlangan.

Hodisa sodir bo‘lgan joyga tuman prokuraturasi va tezkor-tergov guruhi a’zolari yetib kelishgan. Joy ko‘zdan kechirilib, sxemasi tuzilgan va 1 dona ikkiga bo‘lingan qora dastali oshxona pichog‘i tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Ayni paytda holat yuzasidan Shofirkon tuman prokuraturasi tomonidan fuqaro A.A.ga nisbatan jinoyat kodeksining 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish), 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu moddaga ko‘ra, aybdor o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring