Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bir haydovchining o‘ligi qaytdi, Damas esa yonib ketdi — gaz-zapravkalarda navbat azobi

Bir haydovchining o‘ligi qaytdi, Damas esa yonib ketdi — gaz-zapravkalarda navbat azobi

Foto: Videolavhadan skrinshot

Namangandagi gaz-zapravkada navbatda turgan haydovchilardan biri vafot etdi. Ma’lum bo‘lishicha, «Jiguli» haydovchisi mashinasini itarib harakatlantirishga uringan vaqtida sirpanib yiqilib, asfalt yo‘lakka chap yuz sohasi bilan urilishi oqibatida hodisa joyida jon taslim qilgan.

Bloger Xushnud Xudoyberdiyev Farg‘onadan Toshkentga qaytar chog‘ida yo‘l-yo‘lakay gaz-zapravkalarda kilometrlab navbatlarni ko‘rganini qayd etdi.

«Odamlar tunni tongga ulab, navbatlarda turishibdi, tezroq «zapravka»lar ochilishini kutishyapti.

Soat tungi 12 da ham, 2 da ham, 4 da ham navbatda turishibdi. Aniqrog‘i shu yerda yotib qolishmoqda.

Ayrimlarining yoqilg‘isi butunlay tugagan, mashinasi o‘t olmaydi. Demakki, isitgichi ham ishlamaydi va qahraton sovuqda mashina ichida tunashga majbur. Mashinalar usti muzlab qolgan, ichi ham taxminan shunaqa muzxona.

Bunday manzaralarni kuzatish azob... Azob nimaligini men qayerdan ham bilardim, issiqqina mashina ichida ularning oldidan o‘tib ketdim xolos. Azob nimaligini ulardan so‘rash kerak. Sabr nimaligini ulardan eshitish kerak. Mashaqqat nimaligini ular so‘zlab bersin.

Azobmish...

Energetika sohasiga mas’ullarning barchasini yig‘ib, ko‘p emas, atigi bir kechani o‘sha insonlar bilan muzxonaga aylangan mashina ichida navbat kutishga majburlash kerak. Ko‘p emas, atigi bir kechagina.

Shunda zora tushunisharmidi.

Yo‘q, o‘zimning fikrimga o‘zim qarshi chiqaman: baribir tushunishmasa kerak», deb yozadi bloger.

Bugun tongda Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatida joylashgan gaz to‘ldirish shoxobchalarining birida navbatda turgan Damas avtomobili yonib ketgani tasvirlangan video tarqaldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 11 yanvar kuni soat 07:50larda, Namangan viloyati, To‘raqo‘rg‘on tumani, Kumidon MFY hududida joylashgan «Afsona-4» avtomobillarga gaz quyish shoxobchasiga kirish uchun navbatda turgan, haydovchi, 1999 yilda tug‘ilgan B.A. boshqaruvidagi «Damas»rusumli avtomobilning dvigatel qismidagi elektr simlarining qisqa tutashuvchi oqibatida yong‘in yuzaga kelgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi havo haroratining pasayishi tufayli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh)ning soat 15.00 dan 05:00 gacha ishlashini cheklanishi haqida ma’lum qilgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring