Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tanasi burda-burda qilingan taniqli jurnalistning o‘limi yuzasidan muhim bayonot berildi

Tanasi burda-burda qilingan taniqli jurnalistning o‘limi yuzasidan muhim bayonot berildi

Time jurnali erkin fikri uchun o‘ldirilgan jurnalist Jamol Qoshiqchini 2018 yilda yil odami va haqiqat kurashchisi deb e’lon qildi.

Foto: “AA”

Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligi binosida vahshiylarcha o‘ldirilgan taniqli jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘g‘li Saloh kutilmagan bayonot bilan chiqdi.

Saloh Qoshiqchi «Twitter» tarmog‘idagi sahifasida otasining qotillarini kechirganlarini ma’lum qildi. «Biz padari buzrukvorimiz joniga qasd qilganlarni Alloh taoloning ajriga umid qilgan holda afv etdik» deb yozdi u. Qayd etilishicha, qotillarni afv etish haqidagi qaror muborak Ramazon oyida butun oila tomonidan qabul qilingan.

Ammo marhum jurnalistning qaylig‘i, turkiyalik Xadija Chingiz qotillarni afv etish haqidagi bayonotni qoralab chiqdi. «Qotillarni kechirishga hech kimning haqi yo‘q. Men va boshqa maslakdoshlarimiz adolat tantana qilgunga qadar kurashdan to‘xtamaymiz», – deb yozdi Xadija Chingiz.

Taniqli jurnalistning o‘limi holatini yaqindan kuzatib borayotgan inson huquqlari faollariga ko‘ra, Qoshiqchi oilasi qotillarni afv etish haqidagi qarorni Saudiya hukumatining bosimi ostida qabul qilgan.  

Buyuk Britaniyada istiqomat qilayotgan saudiyalik huquq faoli Yahyo Assiriy esa Jamol Qoshiqchining o‘limi shunchaki bir oilaga tegishli bo‘lib qolmay, jamoatchilik manfaatiga daxldor masala ekanini ta’kidladi. «Qoshiqchi siyosiy mavzuda qalam tebratgani, (Saudiya) siyosatini tanqid qilgani uchun o‘ldirilgan», – deydi Ya.Assiriy. Huquq faoliga ko‘ra, Saudiya hukumati Saloh Qoshiqchi nomidan afv qarori e’lon qilish orqali xalqaro jamoatchilikni adolatli hukmdan chalg‘itishga urinmoqda.

Marhum jurnalistning o‘g‘li Saloh Qoshiqchi valiahd Muhammad bin Salmon qabulida. 2018-yil 23-oktyabr. Foto: “AFP”

«The Washington Post» gazetasi sharhlovchisi Jamol Qoshiqchi 2018 yil 2 oktyabr kuni Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulxonasi hududida o‘ldirilgan. So‘nggi yillarda AQShda yashab kelgan taniqli jurnalist konsullik binosiga Turkiya fuqarosi Xadija Chingiz bilan nikohini rasmiylashtirishga doir hujjatlar uchun chaqirilgan.

Turkiya bosh prokuraturasiga ko‘ra, jurnalist avval bo‘g‘ib o‘ldirilgan, keyin esa uning tanasi qiyma-qiyma etilgan. Saudiya Arabistoni rahbariyati siyosatini keskin tanqid qilib kelgan jurnalist avvaldan tuzilgan puxta reja asosida o‘ldirilgan. Istanbuldagi konsullikka Saudiyadan diplomat niqobida maxsus qotillar guruhi yuborilgan. Qatl sahnasini ham o‘sha guruh a’zolari – maxsus xizmat vakillari amalga oshirgan.

Saudiya rasmiylari dastlab jurnalist Qoshiqchi konsullik binosidan sog‘-salomat chiqib ketgan degan iddaoni ilgari surdi. Keyin esa u tasodifan kelib chiqqan nizo tufayli vafot etgani haqida bayonot berildi. Ammo xalqaro hamjamiyat bosimi va jahon matbuotida fosh qiluvchi materiallar e’lon qilinishi ortidan Ar-Riyod hukumati jurnalist qotillik qurboni bo‘lganini tan olishga majbur bo‘ldi.

Bir qator G‘arb mamlakatlari maxsus xizmatlari muxolif jurnalistni o‘ldirish buyrug‘i shaxsan Saudiya Arabistoni podshohligi valiahdi Muhammad bin Salmon tomonidan berilgan degan fikrni ilgari surgan. Shahzoda esa hozirga qadar bu ayblovni rad etib keladi.

Saudiya bosh prokuraturasi olib borgan tergov yakunida Qoshiqchining o‘limida 8 kishi aybdor deb topildi. Mahkama 5 nafar sudlanuvchiga o‘lim, 3 nafariga esa uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.

«Amnesty International» tashkiloti Saudiya huquq idoralari olib borgan tergovni soxtalashtirilgan deb atagan. Xalqaro inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, mahkama mash’um qotillikka Saudiya rasmiylarining aloqadorligi hamda marhum jurnalistning jasadi bo‘laklari qayerda ekani masalasiga oydinlik kiritmagan.

Xalqaro tashkilotlar hamon jurnalistning o‘limi yuzasidan adolatli tergov o‘tkazishni talab qilib kelmoqda. Foto: “Al Jazeera”

BMTning sud hukmisiz qatl masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Agnesa Kallamar mahkama jarayonini «adolat ustidan kulish» deb atagan. Kallamar xonimga ko‘ra, qotillik uchun Saudiya davlati, jumladan, valiahd  Muhammad bin Salmon ham javob berishi kerak. Qoshiqchining o‘ldirilishi xalqaro tergov-tekshiruvni talab etuvchi xalqaro jinoyatdir, deb hisoblaydi BMT maxsus ma’ruzachisi.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring