Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Suriyada urush tugadi... (ikkinchi maqola)

Suriyada urush tugadi... (ikkinchi maqola)

Endi mamlakatni to‘la tiklash uchun 400 milliard dollar mablag‘ zarur bo‘ladi.

Foto: crimerussia.com

Dunyoni 8 yil tahlikada ushlab turgan Suriyadagi urush juda qimmatga tushdi. Olti ming yillik tarixiga bu ko‘hna zamin mislsiz fojiaga duchor bo‘ldi.

U boshlangan 2011-yildan buyon 470 ming odam qurbon bo‘ldi, 117 ming kishi bedarak yo‘qoldi. Talafotlar umumiy miqdori 143 milliard dollarga teng. 27438 bino vayron qilindi. Eng yomoni, 5 ming maktab buzildi. 6,2 million kishi chet ellarga chiqib ketdi, 7,6 millionlik ichki qochoqlar oqimi paydo bo‘ldiIshsizlik 50 foizga yetdi. Aholining 82,5 foizi qashshoqlik chegarasidan ham past darajada turmush kechirmoqda.


Maqolaning boshlanishi: Suriyada urush tugadi... (birinchi maqola)


«Tuz qartalari» Rossiya qo‘lida

Rossiya qurolli kuchlari 2015-yilda Bashar Asadning iltimosiga ko‘ra, Suriya hududiga kirgan edi.

Bu paytda atigi 18 foiz hududni Asad hukumati kuchlari zo‘rg‘a nazorat qilib turar edi. Hozirda 80 foizdan ortiq hudud, ya’ni 2,6 ming aholi yashash punktlari qaytarib olingan.

Rossiya o‘tgan 5 yillik amaliyotlari sarflarini sir saqlamoqda. Ammo jurnalistlar ruslarning 120 nafar harbiy xizmatchisi qurbon bo‘lgani, 20 ta samolyot va vertolyotlari yo‘q qilishgani, Suriya kampaniyasi 5 milliard dollarga tushgani haqida yozishmoqda.

100 mingga yaqin rossiyalik askar va ofitserlar Suriyada bo‘lib qaytishdi, 231 turdagi qurol-aslahalar sinovdan o‘tkazildi, 40 mingdan ortiq jangovar uchishlar bajarildi, 86 ta kema, 14 ta suv osti kemasi, 83 ta yuk kemasi harbiy amaliyotlarda ishtirok etdi. Uchuvchisiz qurilmalar 25 ming marotaba havoga ko‘tarilib, jangarilarning 47,5 ming ob’yektlarini aniqladi, terrorchilarning 130 mingga yaqin infratuzilmalariga zarbalar berildi. 100 mingga yaqin jangarilar o‘ldirildi, 160 ta tank, 3 mingdan ziyod yirik kalibrli pulemyotlar, mingga yaqin artilleriya tizimlari yo‘q qilindi.

Ilk bora «Kalibr» qanotli raketalari Kaspiy dengizidan Eron va Iroq hududi orqali 1500 km masofani bosib o‘tib, mo‘ljaldagi nishonga urildi.

Suriyaga qo‘shni Eron, Turkiya, Livan, Iordaniya, Isroil va Iroq davlatlari bilan Moskva yaxshi aloqalar o‘rnatib, o‘zi bilan hisoblashishga majbur qilmoqda. Ayniqsa, butun «sovuq urush» davrida dushman bo‘lib kelgan Turkiya bilan strategik alyans tuzdi. Anqara va Vashington munosabatlari ziddiyatli tus oldi.

Suriyadagi neft va gaz konlarini o‘zlashtirish uchun rus kompaniyalari litsenziyalarni qo‘lga kiritdi. Suriyaning «qora oltin» zaxirasi 2,5 milliard barrel, gazi esa 270 milliard kub metr deb baholanadi. Va bu uning ichki ehtiyojlarini to‘liq qondirish uchun to‘liq yetadi.

Rossiya O‘rta Yer dengizi sharqida strategik muhim bo‘lgan o‘zining harbiy bazalar tarmoqlarini yarata oldi. Tartus harbiy dengiz bazasini 49 yilga ijaraga oldi. Xmeymim aviatsiya bazasiga asos soldi. Va bu yerdagi texnikalarni doimiy jangovor shay holatda ushlab turibdi.

Bu yerdan turib u Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdagi arab davlatlarida zaruriyat tug‘ilganda tezkorlik bilan harbiy amaliyotlarga kirishishi mumkin. NATOning bu mintaqaga tomon kengayishini to‘sib qo‘ydi.

Foto: chechenews.com

Falastin esa Iordan daryosining G‘arbiy qirg‘og‘ini Isroil o‘ziga qo‘shib olishini ta’kidlayot shu kunlarda Moskvadan o‘zini himoya qilishni so‘rab yordam kutmoqda. Bu ketishda agar Isroil ruslarni qiziqtirgan turli masalalar bo‘yicha yon bermaydigan bo‘lsa, Falastinga qo‘shin kiritmasa ham, harbiy-moliyaviy yordam berish ehtimoli bilan bosim o‘tkazishi mumkin.

Iroq hukumati ham amalda uchta sub’yektga bo‘linib ketdi va Vashingtonning bu yerdagi gegemonligi ichki nozolarga nuqta qo‘ya olgani yo‘q. Shu sababli istiqbolda Iroq markaziy hukumati o‘z yaxlitligini tiklash uchun Rossiyadan yordam so‘rab murojaat etishi mumkin. Iroqdagi beqiyos yer osti zaxiralari har qanday sarf-xarajatni qoplash uchun yetadi.  

Chunki Iroq tuprog‘i oltinga teng. U neft qazib olish hajmi va eksporti bo‘yicha dunyoda Rossiya va Saudiyadan keyin uchinchi o‘rinda bormoqda. Bu yerda urush ketayotganiga qaramay kundalik ishlab chiqarish hajmini 4,8 million barrelga qadar ko‘tarildi.

Bag‘dod neft-gaz sanoati loyihalarida Rossiya kompaniyalarining ishtirok etishga anchadan buyon taklif qilib keladi. Avtonom maqomidagi Iroq Kurdistoni bilan rus gigant kompaniyalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Shu bois Iroq istiqbolda o‘lkan manfaatli bozor bo‘lishi mumkin.  

Hozir bu yerda Rossiya qurolli kuchlari umumiy soni 3,5 ming nafar deyiladi. AQSh Qurolli kuchlari Markaziy Qo‘mondonligi mas’uliyat doirasiga kiruvchi Suriyada Pentagonning rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, mingga yaqin amerikalik askarlar mavjudligi aytilmoqda. Ammo ayrim ekspertlar ular soni 2,7 ming atrofida ekanligini bayon qilmoqda.

Ildiziga yetib borib bo‘lmayapti...

Garchi Suriya terrorchilardan ozod qilingani aytilayotganiga qaramay, bu yerda urush olib borgan va omon qolgan bir necha ming jangarilar hamon yashirinib yuribdi. 2017 yilda IShID terrorchilik guruhi ustidan to‘liq g‘alaba qozonilgani haqida e’lon qilindi.

Ammo IShID endi terrorchilik tashkilotiga aylandi va partizanlik harakatini olib bormoqda. Ayrimlari esa 2017 yilda «xalifat» qulagach, Janubi-sharqiy Osiyo, Afg‘oniston, Liviya, Yaman, Mali kabi beqaror davlatlarga ko‘chib o‘tishdi. 

Bundan tashqari, «Al Qoida»ning Suriyadagi shoxobchasi bo‘lgan «Jabhat Nusra», «Al-Fatx al-Mubin», «Xayyat Tahrir ash-Shom», «Xurras ad-Din», «Ansar al-Tauxid», «Katibat tauxid val jihad», «Katibat al-Imom al-Buxoriy», «Jeysh Magavir At-Taura», «Jeysh al-Fatx», «Turkiston islom partiyasi», «Ahrar ash-Sharqiya», Erkin Suriya armiyasi jangarilari kurashni to‘xtatmayapti.

Minglab jangari asirlar va ularning oilalari esa Suriya shimoli-sharqidagi va Iroq g‘arbidagi qochoqlar lagerlarida saqlanmoqda. Bu ham xavfsizlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi.

AQSh va Rossiyaning bu jangarilarni o‘z vataniga qaytarish bo‘yicha barcha hukumatlarga qilgan murojaatlari ham ko‘pincha e’tiborsiz qolib ketayapti. Bu chaqiriqqa Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekiston labbay deb javob qaytargani, tarixda ilk bora maxsus xizmatlarning «Mehr» operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani e’tiborga molik.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Suriyaning ayrim hududlarini egallab olgan muxolif kuchlar hukumat bilan bir stol atrofida o‘tirishni istamayapti.

G‘arb esa «Suriya bo‘ylab bomba zarbalarini biz emas, Moskva bergan, nima uchun ular vayron qilgan joylarni biz obod qilishimiz kerak», demoqda.

Shu sababli G‘arb davlatlari mamlakat siyosiy istiqbolini hukumat, muxolifat va BMT vakillaridan iborat Suriya konstitutsiyaviy komissiyasi belgilashi kerakligini aytmoqda.

Prezident Bashar Asadning ma’lum qilishicha, mamlakatni to‘la tiklash uchun 400 milliard dollar mablag‘ zarur bo‘ladi. Hozir Rossiya yoki Eron, ana boringki Turkiyaning o‘zi buncha ulkan harajatni qoplay olishi dargumon.

Buning uchun Suriyaning Arab davlatlari ligasiga uzil-kesil qaytishi ham muhim. Chunki fors ko‘rfazi arab mamlakatlari katta moliyaviy resurslarga ega bo‘lib, ular o‘z og‘a-inilari bo‘lgan arablar uchun sidqidildan yordam ko‘rsatmasa, yana kim bu ishni qilishi mumkin axir. 

Albatta, mamlakat iqtisodiy rivojlanishi uchun xalqaro sanksiyalar bekor qilinishi shart.

Suriya jamoat ishlari va uy-joy qurilishi vaziri Suxayl Abdulatifning aytishicha, «Suriyaga terrorchilarning vayronkorligidan ko‘ra, xalqaro sanksiyalar ko‘proq salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Qurilish materiallari taqchilligi kuzatilmoqda, sanksiyalar hukumatni emas, aholini jazolamoqda. Urush boshidan buyon mamlakatni qayta tiklash bo‘yicha qo‘mita shakllantirganmiz. U terrorchilik operatsiyalaridan jabr chekkan xususiy va davlat sektoriga tovon puli to‘lab beradi. O‘z xususiy uy-joylariga qaytganlarga ularning ko‘chmas mulkiga yetkazilgan zararning 30 foizi miqdorida tovon puli to‘lab beramiz. Davlat sektorida esa bu miqdor 100 foizga teng», deydi tiklanish ishlari haqida so‘zlar ekan vazir.

Hozirgacha shu yo‘l bilan 2,6 ming turar-joy binolari, 220 ta maktab, 165 ta bog‘cha, 225 ta tibbiyot muassasasi, 200 ta non sexi, 200 ta elektr kichik stansiyalari, 90dan ortiq madaniyat muassasalari qayta tiklandi va ta’mirdan chiqarilmoqda.

O‘tgan bir yilda mamlakatga 400 mingdan ortiq qochoqlar qaytdi. Ularni ona vataniga qaytarish uchun barcha donor davlatlar bosh qo‘shishi zarur. Hozir Germaniyaning bu boradagi yetakchiligi diqqatga sazovor. Rasmiy Berlin 2022 yilga qadar ajratilayotgan Suriya qochoqlariga gumanitar yordam miqdorini 1,44 milliard yevroga ko‘tardi.

Yaqinda Suriya muammosini hal qilish bo‘yicha yagona samarali xalqaro mexanizm – Astana jarayonlarida ishtirok etayotgan kafil davlatlar – Rossiya, Turkiya va Eron davlat rahbarlarining 5-uchrashuvlari o‘tkazildi. Unda konstitutsiyaviy qo‘mitani shakllantirish va ishini tezlikda Jenevada boshlash zarurligi bo‘yicha Putin fikr bildirdi. «Uchlik» AQShning barcha kuchlarini Suriyadan olib chiqib ketishini talab qilmoqda.

A.Hasan o‘g‘li, xalqaro sharhlovchi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring