Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shifokor 30 yil qo‘shnilariga tibbiy maslahat berib kelgan. Ular vafot etgach qarindoshlaridan pul talab qildi

Shifokor 30 yil qo‘shnilariga tibbiy maslahat berib kelgan. Ular vafot etgach qarindoshlaridan pul talab qildi

Foto: «dailymail.co.uk»

Angliyaning Cheshir grafligi Uorrington shahrida keksa shifokor uzoq yillar o‘z qo‘shnilariga bergan tibbiy maslahatlari uchun pul talab qilyapti. Bu haqda «Daily Mail» sayti xabar bergan.

75 yoshli shifokor Stiven Bentli uzoq yillar Garri va Joan Satklifflar bilan qo‘shni bo‘lgan. U ko‘pincha ularning uyida mehmon bo‘lgan va vaqti-vaqti bilan tibbiy masalalar bo‘yicha maslahatlar berib turgan. Bu 1982-yildan 2012-yilgacha davom etgan.

2016-yil yanvarda 90 yoshli Garri, 2017-yil noyabrda esa uning turmush o‘rtog‘i Joan vafot etdi. Dafn marosimiga tayyorgarlik ko‘rayotgan vaqtda qo‘shnisining qarindoshlari Bentli bilan Garrini davolagani haqida yozishib qoldilar. Ko‘p o‘tmay shifokor ularga 30 yil mobaynida qo‘shnilariga bergan 68 ta maslahat uchun to‘lov qog‘ozini taqdim etdi. To‘lov qiymati ochiqlanmagan.

Keksa chol-kampirning qarindoshlari shifokorning bu qilig‘ini hurmatsizlik va vijdonsizlikka yo‘yishib, Bentli ustidan Bosh tibbiy kengashga arz qilishdi. Sudda Garrining qizi otasi tirikligida Bentli o‘z xizmatlari uchun to‘lov haqida og‘iz ochmagani va o‘z tavsiyalarini yozib bermagani, ota-onasi unga oilasining do‘sti sifatida munosabatda bo‘lgani va minnatdor bo‘lganliklaridan go‘sht va viski bilan siylashganini gapirib berdi.

Bosh tibbiy kengash vakillarining ta’kidlashicha, Bentli o‘zi do‘stona munosabatda bo‘lgan odamlarga tibbiy xizmat ko‘rsatishda kasbiy etikaga rioya qilmagan. U Satklifflar uchun amalda oilaviy doktor vazifasini bajargan. Shu bilan birga, to‘lov puli talab qilayotgan maslahatlar haqidagi yozuvlarning yo‘qligi esa tavsiyalar professional emas, do‘stona bo‘lganidan guvohlik beradi.

Bentlining advokati Richard Partrijning aytishicha, Garri diabet, yurak ishemik kasalligi va qovuq saratoni kabi ko‘plab kasalliklardan qiynalgan. Huquqshunosning ta’kidlashicha, Bentli Satklifflarning uyiga o‘z-o‘zidan emas, faqat ularning iltimosiga ko‘ra kelib turgan.

Talab qilinayotgan to‘lovning haqqoniyligi to‘g‘risida hali bir to‘xtamga kelingani yo‘q. Sud jarayoni davom etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring