Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sanjar Mashriqiy

Xudodan so‘rab, bekor yotma! (arman xalq maqoli)

Sahnadagi «tomosha» va kesilgan cho‘ntaklar yoxud janob Tramp nima qilyapti?

Sahnadagi «tomosha» va kesilgan cho‘ntaklar yoxud janob Tramp nima qilyapti?

«Aldagani bola yaxshi» deydi xalqimiz. Bolani ovutish uchun unga nimanidir beramiz va o‘zimiz tinchgina ishimizni qilamiz. Bu juda oddiy arifmetik va mexanik mantiqdan tuzilgan bo‘lsa ham, samarali hisoblanadi. Bugun esa negadir bu holat siyosatga ko‘chgandek. Bir tomonda sun’iy muammo yaratiladi-da, boshqa tomondan ishini bajarishadi. Hammasi oddiy, chalg‘itish usuli. O‘g‘ri, cho‘ntakkesarlarda shunday ibora bor ekan: «Tomosha payti – ish payti». Biz nimanidir tomosha qilyapmiz, kim ishlayapti? Bugungi maqolamiz sahnadagi tomosha, kesilayotgan cho‘ntaklar va hokazolar haqida bo‘ladi.

Aziz o‘quvchi, bu safar ham maqolamizni tojdor virusga taqayotganimizga xafa bo‘lmang, axir biz aytmoqchi bo‘lgan tomosha ham aynan shu virus-ku.

I

Qadim zamonlarda biror jangda g‘alaba qozonish uchun mohir sarkardalar chalg‘itish usulini qo‘llashgan. Bir guruh chalg‘itib dushmanni olib ketadi, boshqasi shaharni bosib oladi. Insoniyat e’tibori bir narsaga qaratilib qolishi yana eski nayrangning o‘yinga qo‘shilganini anglatmasmikan.

Biz koronavirus bilan chalg‘iganingizda, Tramp Yaqin Sharqda nima qilayotgan bo‘lsa? Putin-chi? Shimoliy koreyalik lider jim o‘tiribdimikan? (Ha, aytgancha, uni kasal bo‘lib qolgan degan gaplar chiqqan? Endi bu boshqa mavzu, balki keyingi maqolalarimizda shu haqida gaplasharmiz?)

Xullas, «Tomosha payti – ish payti».

AQSh prezidenti bungacha ham chalg‘itish usulidan ko‘p foydalangan. Masalan, Suriyadan qo‘shinlarning olib chiqilishi, ortidan Bag‘dodiyning o‘ldirilishi juda kutilmagan bo‘lgan edi. O‘sha paytda katta sahnada Turkiya emasmidi? Kim ham turklar jang qilib o‘tirgan bir paytda Tramning IShID yetakchisiga nisbatan harbiy operatsiyani boshqarayotganidan shubhalanardi. Hech kim.

AQShda koronavirus bo‘yicha favqulodda holat joriy etilgach, to‘satdan Iroqdan ham armiya olib chiqila boshlandi. Birlashgan Arab Amirliklari bilan yangi kelishuv, Afg‘onistonga berilajak yordamning qisqarishi va hokazolar keng jamoatchilikning e’tiboridan qolib ketdi. Chunki hamma sahnadagi «tomosha»gagina e’tibor qaratishgan, hammaga jon shirin degandek…

Amerikaning eng mashhur jurnalisti Trampning harakatlaridan shubhalanayotganini yashirib o‘tirmadi: «Tramp Yaqin Sharqda nima qilayotganini bilasizmi?» dedi u bir maqolasida. Amerika xalqi uchun garchi bu gapni aytish osondek bo‘lsa ham, karantin davrida hukumat rahbarining mavqesi oshishi ko‘pchilikni jim turishga chorlashi sir emas. Mashhur jurnalist Robert Fiskga ko‘ra, Pentagon BAA harbiylari bilan, qo‘shma mashq o‘tkazgan. Aslini olsak, bu juda-juda g‘alati, chunki hamma davlatlar COVID-19 bilan faol kurashayotganda, bunday katta qo‘shma loyihalarning o‘tkazilishini qanday tushuntirish mumkin. Bu har holda karantindagi zerikish oqibati bo‘lmasa kerak, a labbay nima deysiz?

Mintaqaning «kattasi» Eron desak adashmaymiz. Eronlik dengizchilar AQSh harbiy dengiz kuchlari guruhining «USS Bataan» desant kemasi boshchiligida Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishini tasvirga olishdi. Tezda turk nashrlari ham bu haqida  xabar berdi. AQSh birinchi dengiz ekspeditsion kuchlarining brigada generali Tomas Savaj eronliklar AQShning harakatlariga shubha bilan qarashiga qarata shunday dedi: «Provokatsion harakat (g‘azab yoki boshqa kuchli reaksiya, ayniqsa ataylab)? Bilmadim. Biz mintaqadagi barqarorlik haqida o‘ylaymiz. Agar ular buni provokatsion deb bilishsa, bu ularga bog‘liq. Bu biz uchun oddiy mashqdir». Xullas, bir ustozim aytgandek, «tom boshida bo‘g‘irsoq, hamma … , o‘zim sog‘» bo‘lib qoldi bu yog‘i. Kimdir balki bu provoksion harakat emasligiga ishonar, ammo AQShning siyosiy xarakteridan kelib chiqsak, bunga ishonish qiyin.

II

Qo‘shma Shtatlarning tarqatgan ba’zi videolavhalariga qarab, «mintaqada barqarorlik» o‘rnatish uchun masjid va tor ko‘chalar bilan to‘ldirilgan keng miqyosli paradlar «odatiy mashq» ekanligiga ishongingiz keladi-yu, ishonolmaysiz. Eslasangiz kerak, Eronning marhum generali Sulaymoniyning AQSh harbiylarining chiqib ketayotgan joyida o‘ldirilgani. Bu paytda ham kimdir AQShning mintaqadan chiqib ketganiga ishongan-u, ammo «ishonchi puchga chiqqan» bo‘lsa ajabmas.

Ayni mashqlar aynan BAA bilan o‘tkazilishi esa undan ham qiziq emasmi? Shuncha ittifoqchi davlatlari turganda nega aynan Amirliklar bilan qo‘shma loyiha o‘tkazilishi kerak? Balki bu BAA qo‘shinlari to‘rt yil davomida Eron tarafdori bo‘lgan hutiylarga qarshi kurashib kelganligi bilan bog‘liqdir? Ehtimol, «dushmanimning dushmani do‘stim» iborasiga amal qilingandir, nima deysizlar? Boshqa nuqtai nazardan, tashqi dunyo bilan «juda kam aloqa»da bo‘layotgan Tramp yana «mintaqadagi» o‘z ittifoqchilarini «saragini sarakka, puchagini puchakka» ajratishni boshladimikan? Dunyoning aksar davlatlari iqtisodiy inqiroz ostonasida turgan bir paytda AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo kutilmaganda Afg‘onistonga yordam uchun 1 milliard dollarni qisqartirajagini e’lon qilgani ham shunga o‘xshash bir hodisamikan yoki yo‘q?

1814-yilda Napoleon taslim etilgach, Vena kongressi bo‘lib o‘tgan. Bu kongressda qatnashgan davlatlar, jumladan Prussiya (hozirgi Germaniya) ham qatnashib shartnomaning barcha bandlariga qo‘l qo‘ygan. Kongress qaroriga ko‘ra, Shvetsariya va Belgiya davlatlari abadiy «betaraf» (betaraflik xalqaro urushdagi muhim atamadir. Neytral mamlakat - bu ma’lum bir urushda urushayotganlar bilan yonma-yon bo‘lmaydigan va kelgusidagi barcha to‘qnashuvlarda doimiy betaraf bo‘lgan mamlakatlar tushiniladi) deb e’lon qilingan edi. Buning maqolaga nima aloqasi bor dersiz. Siz haqsiz, ammo «tarix takrorlanadi» degan ibora ham bor. Aziz o‘quvchi, gap shundaki, 1914-1918 yillarda bo‘lib o‘tgan Birinchi jahon urushida biz yuqorida nomini qayd etib o‘tgan Prussiya ayni shartnomani «bir parcha qog‘oz» deb atagan edi.

AQSh 2020-yil 29-fevralda toliblar bilan shartlik tinchlik bitimini imzolagan va bunga ko‘ra chet elliklar qo‘shinlarini olib chiqib ketishi va 1 mlrd. dollarlik yordam ko‘rsatilishi kerak edi. Ochiqchasiga yordamni to‘xtatib qo‘yishmagan bo‘lsa ham, keskin kamaytirib tashlashdi. Afg‘oniston bilan imzolangan shartnoma xuddi o‘sha bundan bir asrdan ko‘proq vaqt ilgari tilga tushgan «bir parcha qog‘oz» iborasining yangilangan shakliga o‘xshab jaranglamoqda. Shartnoma nima bo‘ldi dersiz, shartnoma joyida, «ehsonning katta-kichigi bo‘lmaydi» deyisharmidi? «Sahroda bitta bozor – xohlagan bozoringga bor!». Xullas, hammasini «berguchi» hal qiladi. «Bir parcha qog‘oz»dagi gaplar bajarilsa, bo‘lgani, miqdor bilan kimning ishi bor? Berildimi, berildi.

III

Xullas, hamma o‘zi bilan ovora paytda Qo‘shma Shtatlar «ko‘zoynagi»ni almashtirganga o‘xshaydi. Shundayligicha ham hamma qiynalib turganda yangi sanksiyalar istalgan davlatni dovdiratib qo‘ysa kerak. Hali-ku bu ro‘yxatda Eron va Afg‘oniston?

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bunday sanksiyalarni «zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishga» chaqirgan. Inson huquqlari bo‘yicha hisobotlarda Eronning sog‘liqni saqlash xodimlari uchun su’niy nafas olish vositalari va himoya kiyimlariga kirishiga qo‘yilgan sanksiyalarning bekor qilinishi kerakligi so‘ralgan bo‘lsa ham, AQShning raqiblariga yetarlicha yordam berilmay qolmoqda. Eron esa og‘ir ahvolda qolib ketmoqda. 88194 ta kasallangan, o‘lim holati esa 24 aprel holatiga ko‘ra 5580 taga yaqin. Ular aniq yordamga muhtoj. Ammo Amerika sanksiyalari Yaqin Sharqdagi koronavirusdan ko‘proq ahamiyatga egami? Xullas, «har kimning har dardi bor…».

Eronning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajod AQShning yaqin sharqdagi keskinligini shunday izohladi: «Siz [америкаликлар- таҳрир] shifokor va terapevt kabi odamlarni yuborishingiz mumkin. Ehtimol siz ularning bu yerga kelib, o‘zingiz ishlab chiqargan zaharning ta’sirini ko‘rishni xohlamassizlar».

Pokiston bosh vaziri Imron Xon amerikaparast hukumat yuritishi bor gap. Ammo bu Pokiston Qo‘shma Shtatlarning sanksiyalaridan xoli degani emas. Islomobod rasmiysi pandemiya ta’siri chekinguncha AQShdan «gumanitar sabablarga ko‘ra» sanksiyalarni olib tashlashni so‘rab murojaat qildi. Shunday qilib Pokiston mintaqada «eski qadrdonchilik» hurmati deb bunday qaror aylagan yagona mamlakatdir.

Sahnadagi «tomosha» va kesilgan cho‘ntaklar

Maqolada sahnadagi «tomosha», kesilgan cho‘ntaklar haqida birorta gap bo‘lmadi-ku deyishingiz mumkin. Ammo maqolani bunday nomlashdan ma’lum bir muddoalarimiz bor edi. Ingliz kundalik nashrlarining birida shunday jumlalarga ko‘zim tushdi: «XVII asrda ingliz teatrlarida juda ko‘p o‘g‘irlik yuz berar edi. Ayni tomosha avjiga chiqqanida o‘g‘rilar tomoshabinlarni tunashgan. Ba’zilar shu sababdan teatrlarni yoqtirmagan». «Tomosha» paytida barchaning e’tibori sahnada bo‘lishi tayin. «Tomosha payti – ish payti».  Bugun ham vaziyat o‘zgargan emas, shamoyil boshqa, xalos. Dunyo sahnasining bugungi kundagi eng mashhur asari, shubhasiz, koronavirus. Biz hammamiz bor e’tibor bilan koronavirusga e’tibor berayotganimizda kimlar nima qilyapti? Odamning bilgisi keladi. Shunday emasmi?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring