Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qizining tug‘ilgan kuniga kelgan bolalarni garovga olgan hind otib tashlandi

Qizining tug‘ilgan kuniga kelgan bolalarni garovga olgan hind otib tashlandi

Foto: «RIA Novosti»

Hindistonning Uttar-Pradesh shtatida politsiyachilar o‘z uyida 20 tacha bolani garovga olgan kishini otib tashladi, deb yozadi «India Today» nashri.

Avvalroq mahalliy OAVning xabar berishicha, Farruhobod okrugida yashovchi Suresh Batam (avval qotillikda ayblangan) ismli kishi qizining tug‘ilgan kuniga bolalarni taklif qiladi va ularni garovga oladi. Olti oylikdan 15 yoshgacha bo‘lgan jami 23 nafar bola va bir nechta ayol shu tariqa asirga tushib qoladi.

Hamqishloqlaridan biri jinoyatchi bilan muzokara boshlashga urinadi. Biroq Suresh «elchi»ga o‘q uzib, uni jarohatlaydi. Politsiyachilar Batamning uyini qurshab olishganida jinoyatchi ularga qarata o‘q uzib, qo‘lbola granata uloqtiradi.

Maxsus operatsiya chog‘ida jinoyatchi bartaraf etildi, bir nechta qonun posbonlari jarohatlandi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bolalar jarohatlanmagan.

Nashrning yozishicha, qotillik tufayli umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Batam garov evaziga ozod qilingan bo‘lgan.

«NDTV» telekanalining xabariga ko‘ra, erkak kishi bartaraf etilgandan so‘ng mahalliy aholi uning ayolini ushlab olib, toshbo‘ron qilgan. Ayol og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan va ko‘p o‘tmay u yerda jon bergan.

Batamning ayoli bolalarni garovga olishda qatnashgan-qatnashmagani hozircha politsiyaga ma’lum emas. Biroq uning eriga yordam bergani gumon qilinmoqda, deya xabar berdi telekanal.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring