Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qirg‘iziston–Tojikiston ziddiyati: kalavaning uchi topilgandek...

Qirg‘iziston–Tojikiston ziddiyati: kalavaning uchi topilgandek...

. Chegarada hamon xavotirli vaziyat hukmron. Foto: “Getty Images”

Qirg‘iziston hamda Tojikiston chegarasidagi qurolli to‘qnashuvlarni mintaqa davlatlari xavotir bilan kuzatmoqda. Garchi Bishkek va Dushanbe o‘t ochishni to‘xtatish haqida kelishuvga erishgan bo‘lsa-da, har ikki tomon bir-birini bitim shartlarini buzishda ayblamoqda. Xo‘sh, ziddiyatning asl sababi nimada? Ushbu ixtilofda Kremlning qo‘li bor degan farazlar qanchalik to‘g‘ri? Ziddiyat keng ko‘lamli urushga aylanib ketishi mumkinmi? Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha ekspert, siyosatshunos Arkadiy Dubnov  «Novaya gazeta» nashriga bergan intervyusida shu kabi dolzarb savollarga javob bergan. 

A.Dubnovga ko‘ra, Qirg‘izistonning yangi rahbariyati so‘nggi paytlarda O‘zbekiston hamda Tojikiston bilan chegara ziddiyatlarini hal etishga urinmoqda. Ammo bu borada Tojikiston murosasiz pozitsiyani tutmoqda: bir qarich ham yer berilmaydi, hududlar o‘zaro almashilmaydi ham!  

«Voqealar shunday shiddatli tus oldiki, pirovardida og‘ir qurol-aslahalar qo‘llangan omonsiz harbiy urush yuzaga keldi. Joylardagi suhbatdoshlarim taxminiga ko‘ra, mazkur operatsiya Tojikiston tomonidan avvaldan rejalashtirilgan holda amalga oshirildi. Provokatsiya Tojikistonning Vorux anklaviga qadar yo‘lni ochish maqsadida uyushtirildi... Men bu taxminga jiddiy yondashaman. Yaqin kunlarda bu tasdig‘ini topishi ham mumkin. Chunki voqealar rivoji tojik strateglari istagan yo‘riqda ketmoqda. Ana shunda, Tojikiston og‘ir texnikasi Qirg‘iziston chegarasida qanday qilib bu qadar qisqa muddatda paydo bo‘lgani va chegara zastavalariga zarba bergani sabab ayon bo‘ladi», – deydi A.Dubnov.  

Ekspertga ko‘ra, urushda kichik bo‘lsa-da g‘alaba qozonish orqali Tojikistonning keksa rahbari obro‘sini oshirish ko‘zda tutilgan bo‘lishi ham mumkin.

Qirg‘izistondagi maktab jang oqibatida vayronaga aylandi. Foto: “Kaktus.media”

Sir emas, sobiq SSSR mintaqasida talaygina chegara mojarolari mavjud. Avval-boshdanoq ittifoqdosh respublikalar sarhadlarini belgilashda atayin chalkashliklarga yo‘l qo‘yilgani, bundan ko‘zlangan maqsad esa kelgusida ham Moskvaning vositachilik rolini saqlab qolish ekani aytiladi.

A.Dubnov ham chegaralardagi ixtiloflar bolsheviklar davridan meros ekaniga e’tibor qaratadi va bu hol suveren davlatlar istiqboliga soya solishini qayd etadi. 

Ekspertga ko‘ra, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida keng ko‘lamli urush avj olmasligi aniq.

«Bu yerda Qorabog‘dagi kabi jangu jadal ro‘y bermaydi. Tomonlar shunchaki taktik masalalarni hal etib oladi, xolos. Bu shunchaki siyosiy musobaqa», – deb hisoblaydi A.Dubnov. 

Telegramdagi «Tashqarida» kanali muallifi esa ziddiyatda Qirg‘iziston tomoni aybdor ekaniga shama qiladi.

«Zo‘ravonlik harakatlari ketidan hokimiyatga kelgan Qirg‘izistonning joriy hukumati o‘zi ojiz deb hisoblagan qo‘shnisiga nisbatan ham shunday «kuch pozitsiyasi»dan harakatlanish mumkin deb o‘ylagandi, biroq amalda Tojikiston harbiylari ham, siyosatchilari ham ancha tartib bilan o‘z maqsadiga erishmoqda», – deb yozadi u.

Ayni choqda, u qo‘shni mamlakatlar Qirg‘iziston hukumatining populistik siyosati natijalari va oqibatlaridan ogoh bo‘lishi lozimligini uqtiradi.

«Tashqarida» kanali muallifi ham chegara anklavlari bilan bog‘liq mojarolar ancha chuqur ildizlarga ega ekanini qayd etar ekan, mintaqa davlatlari ziddiyatlarni Kreml aralashuvisiz hal qilgani ma’qul ekanini ta’kidlaydi.

Chegara mojarolari bolsheviklardan qolgan mash’um meros sanaladi.  Foto: “TASS”

«Shunday ekan, Markaziy Osiyo davlatlari tashqi aralashuvsiz o‘zaro dialog instrumentlarini rivojlantirishi va ko‘paytirishi lozim. Jumladan, Rossiyaga eng bog‘liq bo‘lgan mintaqaning ikki mamlakati – Qirg‘iziston va Tojikiston bir-biri bilan Moskvasiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki mintaqaning yetakchi mamlakatlari vositachiligida ko‘proq gaplashib turganida balki fojia bunchalik yiriklashishining oldini olish mumkin bo‘lardi», – deb yozadi muallif.

Eslatib o‘tamiz, ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi qurolli ixtilof 28 aprel kuni Isfara daryosi mintaqasidagi suv taqsimlash punktida tojikistonliklarning kuzatuv kameralarini o‘rnatishga urinishi oqibatida kelib chiqdi. Gap shundaki, mazkur hududga har ikki tomon da’vo qiladi. O‘zaro tosh otishlar qurolli urushga aylanib ketdi. Dastlab ikki mamlakat chegara qo‘shinlari,  keyinroq to‘laqonli harbiy qismlar va maxsus kuchlar safarbar qilindi.

Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, chegara ziddiyatida qirg‘iz tomonidan 36 kishi halok bo‘ldi, 200 ga yaqin kishi jarohatlandi. Rasmiy Dushanbe qurbonlar sonini hali ochiqlamadi. Ammo kamida 16 kishi nobud bo‘lgani, 110 dan ziyod odam jarohatlangani taxmin qilinmoqda. Ikkala tomonda ham uylarga o‘t qo‘yilgan, davlat idoralari binolari talafot ko‘rgan.

Tojikiston–Qirg‘iziston chegarasida to‘qnashuvlar avval ham ko‘p bora kuzatilgan. Chunki ikki mamlakat sarhadlar borasida bir to‘xtamga, aniq bitimga kelmagan. 900 kilometrlik chegaraning yarmi yoki 70 ga yaqin uchastka nizoli hudud sanaladi. Tojikiston 1924-1939, Qirg‘iziston esa 1958-1959-yillardagi xaritani asos deb biladi. Qo‘shnilar suv resurslari, yo‘l, yaylovlardan foydalanish, umuman, chegara masalasida bir-birini huquqiy me’yorlarni buzishda ayblab keladi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring