Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qirg‘izistonlik vazirga «Qora kalish» topshirildi

Qirg‘izistonlik vazirga «Qora kalish» topshirildi

Nurbek Murashev.

Foto: «Vb.kg»

Qirg‘iziston bozorlar, savdo va xizmatlar uyushmasi mamlakat qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati vaziri Nurbek Murashevni «Qora kalish» «mukofoti»ga loyiq topdi. «G‘olib»ni tadbirkorlar ovoz berish yo‘li bilan aniqlashdi, deb xabar berdi «EADaily».

O‘tgan ekin mavsumida qishloq xo‘jaligi vaziri dehqonlarni ko‘proq kartoshka ekishga chorlab, O‘zbekistonda sotishga yordamlashishga va’da bergandi. Unga ishongan fermerlar kartoshkaga zo‘r berib, 1,5 million tonna hosil olishdi. Shundan 600 ming tonnasi O‘zbekistonga eksport qilishga mo‘ljallangan edi. Biroq O‘zbekiston qirg‘iz kartoshkasini sotib olishni istamadi. Oqibatda O‘zbekiston tugul Qirg‘izistonda mahsulotini sota olmagan anchagina fermerlar kasodga uchrashdi — kartoshkaning bir kilosi 4-5 somga tushib ketdi.

Biroq Qirg‘iziston agromahsulotlar korporatsiyasi sobiq rahbari Kanatbek Israilov boshqacha fikrda.

«Aybni vazirlikka to‘nkashdan avval unga vakolat, huquq va to‘g‘ri rejalashtirish uchun vositalar berish kerak. Qishloq  xo‘jaligi vazirligiga yangi va to‘laqonli ma’lumotlar yetishmaydi. Kartoshkani realizatsiya qilish masalasi balki shuning uchun chala qolib ketgandir. Balki kartoshka ekishni tavsiya qilishdan avval o‘zbekistonliklar bilan real bitimlar tuzib qo‘yish kerakmidi, — dedi Kanatbek Israilov «EADaily» muxbiriga. — Aslida agrar sohamiz bilan ishlash qiyin. Xo‘jaliklar tarqoq va kichik. Tadqiqot laboratoriyalari, omborlar, logistika markazlari bo‘lmasa qanday qilib ularning boshini bir joyga qovushtirish, mahsulotini sotish mumkin? Bunday holatlar boshqa takrorlanmasligi uchun davlatning yordamida kompleks choralar ko‘rish lozim.

Bozorlar assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, «quyidan tepaga» tartibdagi ikkinchi mukofotga Qirg‘iziston bojxona xizmati rahbari Almaz Onolbekov, uchinchi mukofotga soliqchilar rahbari Tenizbek Abjaparov loyiq ko‘rildi.

Va aksincha, yilning eng yaxshi rahbariga topshiriladigan «Oltin qo‘l» mukofoti Qirg‘iziston iqtisodiyot vaziri Oleg Pankratovga nasib etdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring