Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Putinning tashriflarini yoritgan jurnalist davlatga xiyonatda ayblanib qamoqqa olindi

Putinning tashriflarini yoritgan jurnalist davlatga xiyonatda ayblanib qamoqqa olindi

Foto: TASS

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati taniqli jurnalist Ivan Safronovni davlatga xiyonatda ayblab hibsga oldi. Xavfsizlik idorasi jurnalistni Rossiya mudofaasiga doir ma’lumotlarni NATO mamlakatlaridan biriga yetkazishd ayblamoqda. Advokatlarga ko‘ra, bu o‘rinda gap Chexiya haqida ketmoqda.

Jurnalist hibsga olingan kunning o‘zida, 7-iyul tushdan keyin sudga olib kelindi. Yopiq tartibda o‘tgan mahkamada I.Safronovni 2 oy muddat davomida qamoqda saqlash haqida qaror qabul qilindi. Jurnalistning o‘zi unga nisbatan ilgari surilayotgan ayblovlarni rad etgan. 

Rossiya Jinoyat kodeksining 275-moddasida (davlatga xiyonat) 12 yildan 20 yilga qadar ozodlikdan mahrum etish jazosi ko‘zda tutilgan.

Ivan Safronov mamlakatdagi taniqli jurnalistlardan biri sanaladi. U uzoq yillar «Kommersant» gazetasining maxsus muxbiri sifatida faoliyat yuritgan. Tajribali jurnalist ko‘p bora prezident Vladimir Putinga hamroh bo‘lib, davlat rahbari tashrif va safarlarini ham yoritgan.   

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ivan Safronovni eng professional va iqtidorli jurnalistlardan biri deb atagan.

I.Safronov 2019-yil may oyida Rossiya parlamenti yuqori palatasi – Federatsiya kengashi spikeri Valentina Matviyenkoning iste’foga chiqishi haqida yozgan maqolasi ortidan «Kommersant» muassislari qarori bilan ishdan bo‘shatilgan. Bir muddat «Vedomosti» nashrida faoliyat yuritgan qalamkash joriy yil may oyidan buyon «Roskosmos» agentligi bosh direktori Dmitriy Rogozinning maslahatchisi sifatida ishlab kelayotgan edi. 

«Roskosmos» idorasiga ko‘ra, I.Safronov bosh direktor maslahatchisi sifatida davlat siri sanalgan hujjatlar bilan tanishish vakolatga ega bo‘lmagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring