Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Erdo‘g‘on Fransiya rahbari Makronga shifokorga ko‘rinishni maslahat berdi

Prezident Erdo‘g‘on Fransiya rahbari Makronga shifokorga ko‘rinishni maslahat berdi

Foto: Turkiya prezidenti rasmiy sayti

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Fransiya yetakchisi Emmanuel Makronning NATO haqidagi bayonotiga keskin tanqidiy munosabat bildirdi.

Fransiya prezidenti joriy yil 7-noyabr kuni «The Economist» nashriga intervyusida NATO «miya o‘limi» holatida ekanini qayd etgan edi.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Istanbuldagi Marmara universitetida qilgan ma’ruzasida ushbu nuqtai nazarni asossiz deb atadi va prezident Makronning o‘zi miyasini ko‘rikdan o‘tkazish uchun shifokorga murojaat qilishi lozimligini ta’kidladi.

Prezident Erdo‘g‘onga ko‘ra, Turkiyaning NATOga a’zoligi masalasini Fransiya hal etmaydi. «Parijga bu masalani muhokama etishga kim huquq berdi?» dedi u.

Avval xabar berganimizdek, Turkiya qurolli kuchlari joriy yil oktyabrda Suriya shimolida PKK/YPG hamda IShID terrorchi tashkilotlariga qarshi «Tinchlik bulog‘i» (Barış Pınarı Harekatı) operatsiyasini boshlagan. 

Fransiya prezidenti E.Makron rasmiy Anqaraning ushbu operatsiyasini tanqidiy baholab, bu borada NATOdan xayrixohlik kutmaslik kerakligini aytgan edi.

Mazkur masalaga ham munosabat bildirgan prezident Erdo‘g‘on Turkiya harbiylari Suriyadagi tahdidlar bartaraf etilmaguncha qurolini qo‘ymasligini urg‘uladi. U, ayni choqda, xavfsizlik va terrorga qarshi kurashda Turkiyaning suveren huquqlari himoya etilishi lozimligini eslatdi.

«Turkiyaning xavfsizligi – Yevropaning xavfsizligi demakdir. Unutmang, Yevropaning xavfsizligiga Turkiyaning xavfsiz ekaniga chambarchas bog‘liqdir», – dedi R.T.Erdo‘g‘on. 

Turkiya rahbari o‘z nutqida Fransiya harbiylarning Suriyada bo‘lishi xalqaro huquq me’yorlariga zid ekanini qayd etdi.

«Turkiya Suriya bilan 911 kilometrga cho‘zilgan chegaraga ega. Turkiya Suriya bilan Adana bitimini imzolagan. Xo‘sh, siz-chi? Qaysi bitim sizga u yerga (Suriyaga) kirish huquqini beradi?» – deya fransuz hamkasbiga savollar yo‘lladi u.

Ta’kidlanishicha, Turkiya NATOning muhim a’zosi sifatida terrorizm va boshqa tahdidlarga qarshi kurashda sabot ila davom etadi.

Avvalroq Fransiya prezidenti E.Makron tomonidan berilgan bayonotga Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li ham munosabat bildirib, rasmiy Parij terrorchilarning boshini silayotganini aytgan edi.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring