Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonlik 20 yoshli bokschi Rossiyada halokatga uchragan avtobusdan yo‘lovchilarni qutqardi

O‘zbekistonlik 20 yoshli bokschi Rossiyada halokatga uchragan avtobusdan yo‘lovchilarni qutqardi

Foto: Perm.kp.ru

Rossiyaning Perm shahrida avtobus halokatga uchradi. Jamoat transporti devorga borib urilgan va natijada bir kishi vafot etib, 32 kishi turli darajada tan jarohatiga uchragan.

Halokat joyiga birinchi bo‘lib o‘zbekistonlik bokschi Danil Yuldoshev yetib keldi. U o‘zining «Neksiya» rusumli avtomobilida mashg‘ulotga ketayotgan edi. Halokat uning ko‘z o‘ngida ro‘y berdi. Yosh bokschi o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi va darhol jabrlanganlarga yordam berishga otlandi.

Undan oldinroqda 4 ta mashina ketayotgan edi, ammo ulardan faqat bittasi yordam berish uchun to‘xtadi. Avtobus eshigi qiyshayib ketgani uchun ochilmayotgan edi, shu bois Danil orqa eshikni buzishiga to‘g‘ri keldi.

— Avtobusdan yig‘i va qichqiriqlar eshitilib turgandi. Avtobus eshigi ochilmay qolganini ko‘rib, orqa eshikni buzishga tushdim.

Juda ko‘pchilik yaralangan edi, salondagi o‘rindiqlar joyidan ko‘chib ketgan va deyarli barcha yo‘lovchilarning yuzi shisha sinig‘idan kesilib ketgandi. Kimningdir oyog‘iga yulinib ketgan tutqich kirib ketgandi. Biroz qo‘rqdim, ammo o‘zimni qo‘lga olib, odamlarga yordam bera boshladim. U yerda bolalar ham bor edi, ular qo‘rquv va og‘riqdan yig‘lashardi. Ularga rosa achindim, — deydi Danil Yuldoshev.

Danil mashinasidan dori qutini olib, jabrlanganlarga yordam bera boshladi. Tez yordam mashinasi kelgandan so‘ng ham yordamni to‘xtatmadi — singan joylarga shina qo‘ydi, yaralarni bog‘ladi. Keyin esa yo‘lovchi mashinalarni to‘xtatib, jarohat olganlarni kasalxonaga yubora boshladi.

Bu vaqtga kelib shahar markazida mashinalar tiqilinch holatda edi. Tez yordam mashinasi u yerdan o‘tishi amrimahol bo‘lib qolgani uchun yo‘lovchi mashinalar yordami juda zarur edi. Ular jarohat olganlarni Gayvaga yetkazib borishi mumkin bo‘lardi.

Danilning aytishicha, hamma ham to‘xtamagan. Ammo to‘xtagan haydovchilar yordam berishga ikkilanmay rozi bo‘lgan. Danil fojea ro‘y bergan joyda oxiriga qadar qoldi va shifokorlarga yordam ko‘rsatdi. Ayni vaqtda Danil Yuldoshev avtohalokat bo‘yicha ko‘rsatma bermoqda. Uni davlat mukofotiga taqdim etishlari xabar qilingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring