Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Dominika Respublikasi Kubaning mashaqqatlaridan foyda izlamoqda

Dominika Respublikasi Kubaning mashaqqatlaridan foyda izlamoqda

Foto: «Tendenciasrd.com»

«Xalqaro valyuta jamg‘armasi hisobotiga ko‘ra, Kuba kundalik ehtiyoj uchun eng zarur mahsulotlarni amallab eplayotgan bir paytda Dominika Respublikasi iqtisodiyotida yillik 5 foizlik o‘sish kuzatildi. Umuman esa oxirgi besh yil davomida Dominika iqtisodiyoti yillik o‘rtacha 6,6 foizlik sur’atdan pasaymadi — bu butun Lotin Amerikasidagi eng zo‘r ko‘rsatkich»,deb yozmoqda Ispaniyaning «ABC» nashri.

Raul Kastro va Barak Obama ma’muriyati yaqinlashuvi natijasida Kuba iqtisodiy ochiqlikka yuz burib, atak-chechak qila boshlagani yaqin qo‘shnisi bo‘lmish Dominika Respublikasiga ko‘proq rag‘bat bo‘lgandi. Dominikaliklar Karib mintaqasida muhim logistika tuguniga aylanish uchun Kuba bilan kurash qattiq bo‘lishini anglagan holda bo‘lg‘usi raqobatga jiddiy kirishib ketishdi.

Foto: «Superdupergames.co»

Donald Tramp kelganidan keyin Kubaga munosabat yana eski o‘zaniga qayta boshladiki, bu dominikaliklarga ham vaqtdan yutish, ham Vashington xohishiga qarab Puerto-Rikoga taqdim etilayotgan iqtisodiy siyosat sohasidagi «bonuslar»ga sherik bo‘lish, qolaversa, Gaitining qurbsizligidan foydalanib qolish kabi imkoniyatlarni taqdim etdi. Xullas, bugungi kunda Katta Antil orollari davlatlari orasida aynan Dominika Respublikasi o‘z taraqqiyotini belgilay olish darajasida imkoniyatlarga egadek.

Aholisi 11 million kishilik bu mamlakatda siyosiy va iqtisodiy barqarorlik hukm surmoqda. Oxirgi besh yilda inflyasiya o‘rtacha 2,5 foizda saqlanib turishi, ishsizlik 2018-yilda 5,7 foizgacha qisqargani (mamlakat iqtisodiyotining katta yarmi norasmiy sanaladi) bir qarashda ko‘z o‘ngimizda Danilo Medina boshqarayotgan «Karib orollari iqtisodiy mo‘jizasi»ni gavdalantiradi.

Shunga qaramay, Dominika Respublikasi chinakamiga taraqqiyot yo‘liga chiqib oldi deyishga hali erta. Masalan, Santo-Domingodagi avtonom universitet o‘qituvchisi, siyosiy kommunikatsiyalar bo‘yicha mutaxassis Leandro Kampos xuddi shunday fikrda. Uning aytishicha, Medina jamoasiga «iqtisodiy mo‘’jiza» mamlakatni xalqaro marketing maqsadlarida ko‘z-ko‘z qilish uchun kerak. Kamposning fikricha, yillik 6 foizlik iqtisodiy o‘sish aslo aholi turmushi darajasi sezilarli o‘sayotganini anglatmaydi, holbuki, rasmiy statistika  (42,2 foizdan 22,7 foizga kamaygan) oxirgi olti yilda qashshoqlikka qarshi kurash zo‘r ketayotganiga shohidlik bersa-da.  

«Bu mamlakatda korrupsiyaning qo‘li yetib bormagan joy yo‘q: so‘rovlar borgan sari bu achchiq haqiqatni isbotlamoqda. Ilgari korrupsiya fuqarolarni tashvishga solayotgan narsalar orasida o‘ninchi o‘rinda ham emas edi, hozir-chi — yo ikkinchi yo uchinchi o‘rinda», — ta’kidladi ekspert.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring